Koronavirus bilan kurashda Markaziy Osiyo qarz olishga majbur

30-aprel kuni o'tgan onlayn forumdan

Xalqaro Valyuta Fondi nazarida Markaziy Osiyo bo'ylab iqtisodiy tizimlar misli ko'rilmagan darajada zaiflashgan. Hukumatlar, xususan O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'iziston qo'ldan kelgancha choralar ko'rdi, lekin regional savdo va tijorat to'xtadi. Bugun Vashintonda kechgan onlayn brifingda shu mavzu muhokama qilinib, fondning mintaqa bo'yicha rahbari Yuha Kakonen koronavirus pandemiyasi keltirgan moddiy talafot xususida so'zladi.

Xizmat ko'rsatish sohasi eng ko'p zarar ko'rdi. Bizneslar sustlashdi va xaridor faolligi pasayib ketdi.

Neft narxining tushib ketishi uni eksport qiladiganlarni ham, import qiladiganlarni ham tang ahvolga soldi.

Rossiya iqtisodiyoti nochorlashgani uning atrofidagi davlatlar uchun imkoniyatlarni yanada toraytirdi. Migrantlardan keladigan mablag' milliardlab dollarga kamaydi.

"Hukumatlar qarz olishga majbur, chunki ularga mablag' kerak. Lekin Xalqaro Valyuta Fondi ularga hech qachon rejasiz ish qilishni yoki ortiqcha tavakkalga berilishni maslahat bermaydi. Ehtiyotkorlikni targ'ib qilamiz ", - deydi Yuha Kakonen, fondning mintaqa bo'yicha rahbari.

Qarorlar har tomonlama muhokama qilingan holda, maslahatlarga tayangan holda qabul qilinishi kerak, deydi ekspert.

Prezident Mirziyoyev

O'zbekistonda o'tgan ikki-uch yilda boshlangan islohotlar to'xtamasligi zarur, deydi Kakonen. Brifingda so'zlagan boshqa mutaxassislar nazarida ham koronavirusdan keyingi murakkab jarayonlar respublika uchun real sinov davri bo'ladi, chunki mamlakat iqtisodiy jihatdan o'ziga kelish bilan birga tizimda tub o'zgarishlar qila olishini ham ko'rsatishi kerak. Davlat buni eplay olsa, har tomonlama yutishi aniq.

O'zbekistonda qonunchilar Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga kuzatuvchi sifatida kirishni ma'qulladi. Hukumat bu bilan nimaga erishmoqchi? Pandemiya oqibatlari bilan kurashda bu qadam nima ahamiyat kasb etadi? Rahbariyat tushuntirishi kerak.

Kakonen fond hukumatlarga berayotgan asosiy maslahatni shunday tushuntiradi:

"Oshkoralik juda zarur. Chora vaqtincha ekanini to'g'ri tushuntirish kerak. Chora muammoni to'g'ri nishonga olishi, yechim tomon yetaklashi lozim. Va eng muhimi, chorani vaqtida ko'rish kerak, ya'ni masala aniqlashishi bilan".

Natijalar kelasi yilgacha sezilmasligi mumkin, deydi ekspert. Choralar qanday samara berganini 2021-yilning shu paytida baholash mumkin bo'ladi.

Uning qayd etishicha, sog'liqni saqlash tizimiga sarfiyatni oshirish davlatlarga qattiq moliyaviy zarba bo'ldi, lekin bu arzigulik harakat va uzoq muddatni ko'zlashi lozim.

Yilning hozirgi choragi va keyingisi eng qiyin davr bo'ladi, deydi Kakonen.

Fond taxminicha, mamlakatlar yalpi milliy mahsulotning 5 foizini boy beradi. Kavkaz va Markaziy Osiyoda bu jami 35 milliard dollarlik zarardir, deydi mintaqa bo'yicha direktor.

Valyuta bozori nazorati yanada nozik jarayonga aylanmoqda. Markaziy banklar strategik va taktik jihatdan jua ogoh bo'lishi va beqarorlikning oldini olish uchun chuqur o'ylagan tarzda ish yuritishi lozim, deydi Kakonen.

"Xitoy, tabiiyki, sarmoya va savdoda mintaqa bo'ylab o'ta muhim rol o'ynab kelmoqda. Tijorat to'xtagani aniq. Ayrim davlatlar Pekin bilan kreditlar muhokamasini boshlagan. Xitoydan boshqa hamkorlar ham o'z siyosatini qayta ko'rib chiqishga majbur".