Tog’li Qorabog’ mojarosi bo’yicha tomonlar shartini ma’lum qildi

  • Amerika Ovozi
Ozarbayjon va Armaniston bir haftadan beri Tog’li Qorabog’ ustida jang olib bormoqda. Xalqaro hamjamiyat sulhga chaqirsa-da, har ikki tomon ham tinchlik da’vatlariga quloq solayotgani yo’q.

Armaniston tomonining aytishicha, ozariy harbiylar hududning ma’mury markazi hisoblanmish Stepanakertga bomba tashlagan.

Bahsli hududning rasmiylari mintaqa uchun "ashaddiy jang" boshlanganini aytmoqda.

Armaniston Xalqaro hamjamiyatni Tog'li Qorabog'ning "mustaqilligini" tan olishga chaqirmoqda. Faqat shu yo’lgina tinchlik qaror topishiga yordam beradi, demoqda ular.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining AQSh, Fransiya va Rossiyani o’z ichiga olgan Minsk vositachi guruhi tinch faqarolar orasida qurbonlar, jarohatlanganlar tobora ortib borayotganidan xavotir bildirgan. Tomonlarga aholini nishonga olishni bas qilishni aytmoqda. Aholi xafvsizligini ta’minlashday xalqaro majburiyatlarga qat’iy amal qilishga chaqirmoqda.

Yerevan Minsk vositachi guruhi bilan faqat bir shart asosida muloqotga tayyor ekanini ma’lum qilgan. Sulh 1994-1995-yillardagi kelishuvga asoslansagina, jangni to’xtatishini ma’lum qilgan. Boku esa arman harbiylari Tog’li Qorabog’dan chiqib ketsagina, urushga barham berishini ma’lum qilgan.

Hududda 26-sentabrda jang boshlanganidan beri o’nlab kishilar halok bo’lgan, yuzlab odamlar jarohat olgan, uylar vayronaga aylanmoqda.