C5+1: Markaziy Osiyo-AQSh orasidagi bugungi nozik masalalar

O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston va AQSh bosh diplomatlarining Nyu-Yorkdagi uchrashuvidan, 22-sentabr, 2022

Bu oy AQShning Markaziy Osiyo bilan aloqalari va Bayden ma'muriyatining mintaqaga nisbatan siyosati Vashington va Nyu-Yorkda birdek qizg'in muhokamada bo'ldi. C5+1, mintaqaning besh davlati va AQShni birlashtiruvchi davra 22-sentabr kuni, BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi paytida yig'ildi. 14-sentabrda esa AQSh Kongressining Vakillar palatasida mavzu yuzasidan hisobotlar tinglandi.

Buni ham ko'ring AQSh Davlat kotibi muovini: "Markaziy Osiyoda suverenitet va mustaqillik uchun sarmoya qilamiz"

Nyu-Yorkda BMT sahnasida

O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston va AQSh bosh diplomatlari BMT xartiyasidagi talablarni ado etish, jumladan mustaqillik, hududiy yaxlitlik va suverenitetni himoya qilish borasida birga ishlaydi. Ular har qanday ziddiyat diplomatik tarzda hal etilishi kerak, degan pozitsiyada.

Endilikda C5+1 o'z kotibiyatiga ega. 2015-yilda asos solingan platforma o'tgan haftadagi uchrashuvida mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik, oziq-ovqat va energiya ta'minoti, inson huquqlarini e'zozlash borasidagi qator tashabbuslarni ma'qulladi.

Hukumatlar xususiy sektorni rivojlantirish, yashil iqtisod, ekologiya muhofazasi, suvni asrash va to'g'ri taqsimlash, ta'lim va madaniy rishtalarni kuchaytirish yuzasidan ham yangi loyihalarni olg'a surayapti.

C5+1 doirasida iqtisod, energetika va ekoligiya hamda xavfsizlik yo'nalishlarida ishchi guruhlar mavjud. Ular muntazam ravishda uchrashib turadi.

AQSh diplomatlari Nyu-Yorkda BMT yig'inlarida Markaziy Osiyo liderlari, yetakchi rasmiylari va faollari bilan ham alohida muloqot qildi. Davlat departamentiga ko'ra, bu qisqa, ammo salmoqli so'zlashuvlar oradagi iliqlikni ushlab turish uchun muhim hamda katta uchrashuvlarga zamin hozirlaydi.

BMT Bosh Assambleyasining bu yilgi sessiyasiga Qozog'iston va Qirg'iziston prezidentlari bordi. Qolgan respublikalardan tashqi ishlar vazirlari va boshqa yuqori darajali rasmiylar qatnashdi.

AQSh va O'zbekiston diplomatilari BMTning Nyu-Yokrdagi yillik yig'inlari paytida Afg'oniston yuzasidan fikr almashdi

Buni ham ko'ring AQShning O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'izistonga elchilikka nomzodlari Senat huzurida

Vashingtonda yangrayotgan bayonotlar

AQSh Kongressi a'zolari nazarida Bayden ma'muriyati Markaziy Osiyoda o'ta sust harakat qilmoqda. Diplomatik tashabbuslar va o'zaro manfaatlarga asoslangan rishtalar mustahkam ekaniga qaramay, 2021-yilda Afg'onistondan chiqib ketgan AQSh mintaqada sezilarli darajada passiv, deydi 14-sentabr kuni Vashingtonda bu masalalalarni muhokama qilgan qonunchilar.

Respublikachilarga ko'ra, Davlat departamenti, Mudofaa vazirligi, Energetika vazirligi, Tijorat vazirligi, AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) va boshqa organlar Markaziy Osiyoda Xitoyning siyosiy-iqtisodiy ta'siriga qarshi choralar ko'rib, mintaqa davlatlari demokratik, shaffof, qonun ustuvor tuzumlar bo'lishiga yordamlashishi kerak.

Amerikaning yetakchi diplomatlari, jumladan Davlat kotibining Janubiy va Markaizy Osiyo bo'yicha muobini Donald Lu qayd etishicha, Xitoy sarmoyasi mintaqani uzoq muddatda siyosiy va iqtisodiy adolat ta'minlangan jamiyatlarga aylantirmaydi.

"Xitoy bu yerda o'z tor manfaatlarini ko'zlamoqda, ya'ni respublikalarni o'ziga bo'ysundirishni. Xitoy qurayotgan yo'llar biror yoqqa yetaklamaydi. Pekin berayotgan qarz mamlakatlarni unga tobe qiladi xolos", - deydi Lu.

"AQSh - Qozog'izistonda ikkinchi eng yirik sarmoyachi. O'zbekiston bilan ham tijorat oshib bormoqda. Hali ko'p ishlar qilinishi kerak, chunki imkoniyatlar cheksiz".

Demokrat kongressmen Ami Bera AQShning Markaziy Osiyo siyosati bo'yicha tinglovni boshqarmoqda, Vashington, 14--sentabr, 2022

Buni ham ko'ring O'zbekistonga ishonch, uning nufuzini nima belgilaydi? AQShagi elchi bilan suhbatdan

1974-yilda qo'yilgan Jekson-Vanik qonuni AQShga erkin bozorga ega bo'lmagan davlatlar bilan biznes qilishni cheklaydi. Bu qonun aslida yahudiylarni ezgan va umuman inson huquqlarini e'zozlamagan SSSR va unga yaqin hukumatlarga qarshi joriy qilingan.

Hozirda qator respublikalar undan chiqarilishni so'ramoqda. Donald Lu deydiki, O'zbekiston, Qozog'iston va Tojikiston bu qonun doirasida cheklanmasligi lozim, chunki ular hamkorlik talablariga umuman olganda javob beradi.

"Jekson-Vanik qonuni SSSR davridan qolgan va davlatlar uni o'ziga nisbatan adolatsizlik deb hisoblaydi. Ular hozirgi zamon shartlariga moslashish uchun harakat qilishi kerak".

Luning tasdiqlashicha, Vashington Markaziy Osiyoning biror davlati bilan harbiy baza borasida kelishuvga ega emas. Kontrterrorizm bo'yicha hamkorlik bor, ammo mintaqada biror respublika uning hududidan qo'shni davlat, xususan Afg'onistonda harbiy amaliyotlar olib borish uchun foydalanishga ruxsat bermagan.

Respublikachi kongressmen Stiv Chabot fikricha, Bayden ma'muriyati Afg'onistonni tark etishdan oldin juda bo'lmaganda bir davlat bilan shunday kelishuvga erishishi kerak edi. Chabot Baydenni loqaydlikda va vijdonsizlikda ayblaydi. Chunki, deydi u, Afg'oniston ahli "AQSh irodasizligi bois bugun azobda".

Respublikachi kongressman Stiv Chabot fikricha, Bayden ma'muriyati Markaziy Osiyo va Afg'onistonga nisbatan siyosatda oqsamoqda

Biroq, deydi Lu, respublikalar terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda Amerika bilan hamkorlikni susaytirmoqchi emas. Shunday ekan, C5+1 formati va boshqa davralarda bu masala hamisha muhokamada.

USAIDning mintaqadagi e'tibori iqtisodiy rivojlanish, kichik bizneslarni quvvatlash, matbuotni erkinlashtirish, fuqaro jamiyatini shakllantirish, demokratiya va qonun ustivotligini targ'ib qilishda, deydi Anjali Kaur, boshqarma rahbari o'rinbosari.

"Biror yo'nalishda progress oson emas, ammo biz tobora kengayib borayotgan dasturlar orqali bu mamlakatlar global me'yorlarga javob beruvchi muhitlarga aylanishi uchun yordam berishga bel bog'laganmiz. AQShning o'ziga xos yordami shunda", - deydi Kaur.

Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Donald Lu AQSh Vakillar palatasida so'zlamoqda, Vashington, 14-sentabr, 2022

Buni ham ko'ring Konstitutsiya fuqaro tashabbusi bilan o'zgarishi kerak, deydi amerikalik ekspert

Ukrainadagi urush Rossiya bilan aloqalarni murakkablashtirgan, ammo Markaziy Osiyo va Moskva orasidagi siyosiy va iqtisodiy aloqalar hamon kuchli, deya kuzatadi Amerika siyosatdonlari.

Markaziy Osiyo davlatlari urushga qat'iyan qarshi, biroq Vladimir Putinni bosqinchilikdan to'xtata olmagan, deydi Lu.

"G'arb sanksiyalaridan saqlanish uchun nimaiki qilish kerak bo'lsa, Vashington ularga ko'maklashmoqda", - deydi diplomat.

Demokratiya targ'iboti qanday ketmoqda, degan savolga AQSh mutasaddilari "doimiy harakatdamiz" deya javob qiladi.

USAID vakili Kaur deydiki, Qozog'iston va O'zbekistonda prezidentlar erkinlik va islohotlar va'da qilgan. Vashington bu dasturlarni olqishlab, texnik yordam ko'rsatmoqda, ammo amaliyot bu rahbarlar va xalqlar qo'lida.

Kongress a'zolari, qay partiyadan bo'lmasin, demokratik talablar va me'yorlarga birdek urg'u berib, Amerika o'z qadriyatlarini yoyishdan aslo to'xtamasligi shart, deya uqtirmoqda.

Kongress a'zolari fikricha, Qozog'iston nefti va Turkmaniston gazini G'arbga Rossiyani chetlab o'tgan holda yetkazish masalasi jiddiy ko'rib chiqilishi kerak. Bu borada yillar davomida qator loyihalar va tashabbuslar ko'rib chiqilgan, ammo shu kungacha reallashmagan.

"Markaziy Osiyo uchun biz tomondan eng muhimi - AQShning uzoq muddatli sarmoyasi", - deydi Lu.

AQSh Vakillar palatasida 14-sentabr kuni kechgan muhokama, ingliz tilida: