Xitoy bilan iqtisodiy aloqalar musulmon davlatlarning tilini bog’laydi

  • Amerika Ovozi

Musulmon davlatlar dunyoning turli burchaklarida dindoshlarini himoya qilsa-da, uyg’urlar taqdiriga kelganda sukutga cho’madi. Oktabrda BMT Inson huquqlari kengashida uyg’ur masalasini muhokama qilish taklifiga Indoneziya, Birlashgan Arab Amirliklari, O’zbekiston, Qozog’iston va Pokiston qarshi ovoz berdi.

Xitoy Kompartiyasining yaqinda o’tgan syezdida Si Zinpin yana bir muddatga hokimiyatda qolishi tasdiqlandi. Uyg’ur faollar Pekinning uyg’urlarga nisbatan siyosatida biror o’zgarish bo’lishiga ishonmaydi.

Your browser doesn’t support HTML5

Musulmon dunyosi uyg’ur masalasida sukutda

“Xitoy ayollar va bolalarga qarshi urush olib borayapti. Shinjonda ayollar sterilizatsiya, majburiy abort bilan yuzlashyapti”, - deydi Rushan Abbos, “Uyg’urlar uchun kampaniya” nomli tashkilot rahbari.

Oktabr boshida BMT Inson huquqlari kengashida uyg’urlar masalasini muhokama qilish bo’yicha AQSh rezolyutsiyasi ovozdan o’tmadi.

Kengashning 47 a’zosidan faqat 17 tasi taklifni qo’llab-quvvatlagan. 11 a’zo betaraf. 19 davlat, jumladan, Indoneziya va Birlashgan Arab Amirliklari qarshi ovoz bergan.

“Ayrim davlatlar, xususan, Indoneziya uyg’urlar bilan, musulmon birodar va singillari bilan bo’layotgan voqealarni muhokama qilishga qarshi ekani juda afsuslanarli”, - deydi Abbos.

Buni ham ko'ring BMTning Xitoyda uyg'urlar taqdiriga doir hisoboti chop etildi

Rasmiy Jakarta Pekin bilan hamfikr. Ya’ni G’arb davlatlarining taklifini u Xitoyning ichki ishlariga aralashuv deb biladi.

“Kengashning bunday yondashuvi natija bermaydi. Asosiy sabab shuki, tegishli davlatlarning roziligi olinmagan, bunday qadam quvvatlanmaydi”, - deydi Indoneziyaning BMTdagi elchisi Febrian Radyard.

Xitoy uyg’urlar huquqi poymol etilayotgani haqidagi ayblovlarni rad etadi. Ammo BMTning avgust oyidagi hisobotiga ko’ra, Shinjonda uyg’urlarga nisbatan insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilgan bo’lishi mumkin.

Ushbu da’voni rad etish uchun Xitoy Indoneziya jurnalislari va ulamolari uchun kuchli nazorat ostida Shinjonga bir necha turlar uyushtirgan.

Indoneziya hukumatining Xitoy bilan hamohang pozitsiyasini bu mamlakat parlamentidagi ayrim qonunchilar savolga tutmoqda. Sukamta - Vakillar palatasida tashqi siyosat bo’yicha komissiya raisi.

“Dalillar bo’lsa, Indoneziya hukumati ularni ko’rib chiqishi, Shinjonda huquqlar poymol etilmayotganiga ishonch hosil qilishi kerak”, - deydi qonunchi.

BMTdagi bir diplomatning aytishicha, Inson huquqlari kengashida ovoz berish oldidan Xitoy a’zo davlatlarga kuchli bosim o’tkazgan.