Breaking News

Shinjondan mahsulotlar aylanma yo’llar bilan xaridorga yetkazilyapti


Ba’zi global kompaniyalar Xitoydan mahsulot import qilish orqali “o’zi bilmagan holda” uyg’urlarning majburiy ishlatilishini qo’llayotgan bo’lishi mumkin.

Ilg’or Mudofaa tadqiqotlari markazining (C4ADS) yangi hisobotiga ko’ra, Shinjon mintaqasidan AQShga importni taqiqlovchi yangi qonundagi nuqsonlar sabab ayrim mahsulotlar global ta’minot zanjiriga kirmoqda.

Uyg’urlarning majburiy mehnatga jalb etilishini bartaraf etishga qaratilgan ushbu qonunni Amerika 21-iyundan joriy eta boshladi. Ammo Pekin mamlakatning boshqa qismlarida joylashgan kompaniyalarni Shinjonda zavodlar ochishga undar ekan, bu qonunni tatbiq etishni qiyinlashtiradi, deydi hisobot muallifi Nikol Morgret.

“Bu degani, Shinjondagi ko’plab kompaniyalar Xitoyning sharqiy qismi bilan bog’langan, xoh konglomeratning shu’ba korxonasi shaklida bo’lsin, xoh sarmoya shaklida”, - deydi u.

Shinjonda ishlab chiqarishni yo’lga qo’ygan kompaniyalar bilan hamkorlik qilayotgan global korporatsiyalar, deydi suhbatdosh, bilar-bilmas majburiy mehnatga hissa qo’shmoqda.

“Uyg’urlar yashaydigan regionda Xitoy ishlab chiqarish korporatsiyalari repressiyani amalga oshirayotgan mahalliy hokimiyat organlari bilan yaqindan hamkorlik qiladi, – deydi Morgret. – Global kompaniyalar Xitoy korporativ tarmoqlarining majburiy mehnatga aloqadorligini aniqlash uchun o’z tekshiruvini o’tkazishi kerak”.

Hisobotga ko’ra, ushbu korporativ aloqalar ataylab sir tutiladi. Qarorgohi Xitoyning boshqa shaharlarida joylashgan kompaniyalar mahsulotini aslida Shinjonda ishlab chiqarayotgani gumon qilinadi.

Global brendlar

Britaniyaning taniqli savdo tarmoqlaridan biri “Tesco” hamda Gonkong va Germaniyada joylashgan “Esprit” kiyim-kechak kompaniyasi ekspluatatsiya mahsuli bo’lgan tovarlar bilan savdo qilayotgan bo’lishi mumkin, deyiladi hisobotda.

“Tahlilimiz shuni ko’rsatmoqdaki, “Esprit” va “Tesco” mahsulotlarini Henan viloyati, Sinsyan shahrida joylashgan kimyoviy tola ishlab chiqaruvchi, davlatga qarashli korxonadan oladi. “Sinsyan Kimyoviy Tola” korxonasining Shinjonda ikkita shu’basi bor, ya’ni ular majburiy mehnatga tayanishi ehtimoli yuqori”, - deydi Morgret.

“Tesco” so’zlovchisiga ko’ra, bu kompaniya o’z taminot zanjirida “inson huquqlari buzilishi haqidagi da’volarni” jiddiy qabul qiladi va muntazam tekshiruvlar o’tkazib turadi.

“Biz 12 oydan ortiq vaqt davomida bu korxonaga hech qanday buyurtma bermaganmiz, uni tasdiqlangan manbalar ro’yxatidan olib tashlaganmiz”, - deydi elektron pochta orqali savollarga javob bergan, ismini oshkor etmagan “Tesco” vakili.

“Esprit” “Amerika Ovozi” savollariga javob bermadi.

Nikol Morgretning aytishicha, AQSh Shinjondan to’g’ridan-to’g’ri import qilinadigan tovarlarni oson aniqlashga va bloklashga qodir, ammo Shinjon mahsulotlari Xitoy sharqidan yoki uchinchi bir davlat orqali olib o’tilgan hollarda buni aniqlash ancha qiyin.

“AQSh hukumati murakkab ta’minot zanjirlarini xaritalashning yaxshiroq usullarini ishlab chiqishi lozim”, - deydi u.

Xitoyning javobi

Pekin AQShning ayblovlarini yolg’on deya inkor etib, Shinjonda olib borilayotgan siyosat uch “yovuz kuchga” qarshi kurashga qaratilganini ta’kidlaydi. Bular – separatizm, terrorizm va ekstremizm.

Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi Liu Pengyu so’zlariga ko’ra, Shinjonda majburiy mehnat to’g’risidagi da’volar Xitoyga qarshi bo’lgan kuchlar tomonidan to’qib chiqarilgan.

“Biz AQShga xatosini zudlik bilan tuzatishni, Shinjon bilan bog’liq masalalardan yolg’on tarqatish va taraqqiyotimizni to’xtatish uchun foydalanmaslikni, ichki ishlarimizga aralashmaslikni maslahat beramiz, - deydi Liu.

Sheffild Hallam universiteti yaqinda e’lon qilgan izlanishga ko’ra, so’nggi besh yil ichida Xitoy Shinjon mintaqasida davlat homiyligida ommaviy majburiy mehnat tizimini yaratgan.

“Uyg’urlar va mintaqadagi boshqa ozchilik guruhlar vakillari hukumat tomonidan tayinlangan vazifalarini, ishlarni rad eta olmaydilar”, deyiladi “Qatag’on asosida qurilgan” nomli izlanishda.

Uning mualliflaridan biri, inson huquqlari bo’yicha professor Lora Merfining aytishicha, AQSh hukumati pomidor, shuningdek, paxta va quyosh panellarida ishlatiladigan polikremniy kabi mahsulotlarni ishlab chiqarishda uyg’urlar majburiy mehnatidan foydalanish ehtimoli yuqori ekanini aniqlagan.

Ro’yxatdan, shuningdek, quyidagi mahsulotlar o’rin olgan: kiyim-kechak va poyabzal, yangi energiya texnologiyalari, ko’mir, mis, nodir metallar, elektronika, qurilish materiallari va texnika.

Majburiy mehnat evaziga ishlab chiqarilgan mahsulotlarni AQShdagi iste’molchilarga yetkazmaslikni ta’minlash kompaniyalar zimmasida, hukumat buni ma’lum qilgan, deydi Merfi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG