Orolbo'yi aholisiga Amerikadan tibbiy yordam

Daglas Jekson, "Project C.U.R.E." xayriya tashkiloti rahbari O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasidagi tadbirda so'zlamoqda, 13-dekabr, 2022

Kolorado shtatining Denver shahrida asoslangan "Project C.U.R.E." xalqaro tashkiloti 1987-yildan beri dunyo bo'ylab xayriya bilan shug'ullanadi.

Amerikaliklardan, xususan oddiy odamlardan, bizneslar va turli tashkilotlardan yig'ilgan mablag' evaziga tibbiy vositalar sotib olib, ularga muhtoj hududlarga yetkazadi.

13-dekabr kuni "Project C.U.R.E." O'zbekiston elchixonasidan turib, Vashington ahlidan madad so'radi. Bu ko'mak Orolbo'yi aholisi, Qoraqalpog'istonning ekologik jihatdan eng og'ir hududlarida yashayotganlarga dori-darmon va sog'liqni saqlash jihozlaridan iborat bo'ladi.

Tashkilot rahbari Daglas Jekson deydiki, insoniyat xohlasa, hamisha qayerdadir kimgadir yordam qo'lini cho'za oladi va shu bois ham dunyo o'zgarish bo'ladi, ijobiy burilishlarga guvohmiz.

"Ayrim ofatlarni bartaraf eta olmaymiz, kech. Talofatni tuzatish mumkin emas, ammo hayot uchun kurashayotganlar bor-ku, ularga madad zarur", - deydi Jekson.

Buni ham ko'ring Qoraqalpog'iston: Nukus bozorida

Orol dengizi qurib bitayapti. Qolgan qismi yuzasidan bashoratlar yurakni ezadi. Lekin, deydi Jekson, u yerda katta bo'layotgan bolalar bor. Tirikchilik qilishga harakat qilayotgan insonlar o'nlab mingni tashkil etadi. Birgina Mo'ynoq va uning atrofida 30 ming odam istiqomat qiladi.

"Shuncha aholining sihati uchun cho'ntakdan ozgina berish bilan insonlar hayotini saqlab qolishingiz mumkin", - deydi xayriya tashkiloti rahbari.

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov ham Vashingtonda ekan, Amerika hukumati a'zolari bilan strategik sheriklik muloqoti ketidan bu tadbirda qatnashdi.

"Orol taqdiri uzoq yillardan beri tinimsiz muhokamada. Ular, afsuski, dengizni qurishdan to'xtata olmadi",- deydi vazir.

Your browser doesn’t support HTML5

Qoraqalpog'istonga AQShdan tibbiy yordam

Hozirgi kunda O'zbekiston hukumati Orolbo'yi aholisi uchun maxsus dasturlarga ega, deydi Norov. Xalqaro organlar, jumladan BMT agentliklari bilan hamkorlikda o'nlab loyihalar olib boriladi.

"Biz aholimizga yordam berishga intilayotgan siz kabi tashkilotlarni olqishlaymiz va ko'magingizdan minnatdormiz", - deydi vazir "Project C.U.R.E" ga qarata.

Norov deydiki, O'zbekiston bu kabi tashabbuslarga hamisha ochiq va birga ishlashga tayyor.

"Project C.U.R.E" tashkilotining Vashingtondagi yetakchi vakili Melisa Esposti deydiki, O'zbekistondagi maqsadlar homiysi - "Boeing" aviatsiya texnologiyasi kompaniyasi.

Buni ham ko'ring Qoraqalpog'iston: Mo'ynoq/Kemalar qabristoni

Shu kungacha "Boeing" O'zbekistonga besh marotaba yukimizni yetkazib berdi, bepul va o'zi ham xayriya qildi", - deydi Esposti.

Project C.U.R.E." hozirda O'zbekistonga 1,5 million dollarlik konteynerda tibbiy uskunalar yetkazish harakatida.

Shu paytgacha Qoraqalpog'istonga 3 million dollarlik madad uzatilib, 2022-yilda respublika tibbiy muassasalariga 2,9 ming dona asbob taqdim etilgan.

Bu tashkilot O'zbekistonga qanday qiziqib qoldi? Espostining javobi shuki, muddao o'zi Orol bo'yidagi kabi ekologik fojialarni aniqlash, oqibatlarini o'rganib, u yerdagi odamlarga qo'l cho'zish.

"Tashkilotimiz boshidan tibbiy uskuna, dori-darmon va noyob narsalarni yetkazib berish bilan shug'ullanadi. Biz yordam zarur joylarni topamiz va kim biz bilan hamkorlikda madadkor bo'la oladi, deya bizneslar, hukumatlar va nohukumat sektorga murojaat qilamiz".

Esposti 2018-yildan beri O'zbekiston elchixonasi bilan aloqada va birgalikda hozirgacha qator loyihalarni amalga oshira olgan. O'tgan yilning kuzida o'zi ham Orolbo'yi mintaqasini aylanib kelgan.

"Elchixona bilan bog'langanimizdan keyin vaziyat haqida yanayam ko'proq tushunchaga ega bo'ldik".

Homiylar orasida farmatsevtika kompaniyalari va tibbiy texnologiya ishlab chiqaruvchilar ham bor.

Buni ham ko'ring Qoraqalpog'iston: Mo'ynoq, Orol dengizining sobiq oroli

Qoraqalpog'istonda bu yil yozda yuz bergan voqealarni bu tashkilot ham kuzatgan. Lekin insonparvarlik missiyasiga ko'ra, u siyosiy masalalarga aralashmaydi va bu borada fikrlar bildirmaydi.

Espostining tushuntirishicha, "Project C.U.R.E" notinch mamlakatlarga yuk olib borib o'rganib ketgan, lekin barqarorlikka nima yetsin, deydi u.

"Project C.U.R.E" Afg'onistonga ham yordam berish bilan band, shuningdek, Yaman va boshqa qaynoq nuqtalarga.

"24 kasalxona uchun 10 konteyner asbob va dori-darmon yubormoqchimiz",- deydi Esposti.

"Uch yarimtasini to'ldirish uchun mablag' kerak. Bugungi tadbirga kelganlardan shu borada madad kutayapmiz".

"AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi va "Boeing" hozir eng yirik homiylar, lekin boshqalar ham qo'shilayapti", - deydi xodim.