O'zbekistonda SPID mamlakat kelajagini yemirmoqda

Asr vabosi deya nom olgan SPID kasalligi ilk bor 1981 yilda aniqlangandan beri dunyo bo’ylab 25 million odamning yostig’ini quritdi. Bugungi kunda 63 milliondan ortiq kishi esa shu xastalik bilan yashaydi.

Dunyoda SPIDga olib boruvchi immunitet taqchilligi virusiga yo’liqqanlarning 60 foizini 15dan 24 yoshgacha bo’lganlar, 10 foizini esa 15 yoshgacha bo’lgan bolalar tashkil etadi.

O’zbekiston mutaxassislariga ko’ra, respublikada tu turdagi bemorlarning asosiy qismi 15 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan yoshlardir. Sabab yoshlarga bu xavfli virus haqida maktabda va jamoatchilik orasida yetarlicha ma’lumot berilmaydi.

Respublika Sog’liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko’ra, bugun O’zbekistonda SPIDga chalinganlarning asosiy qismi yoshlar ekani urg’ulanadi. Respublika SPID Markazi direktori Mumtoz Hakimov gapiradi:

“Bugungi epidemik tahlilimiz shuni ko’rsatayaptiki, Spidni o’ziga yuqtirganlarning 72 foizi geroinni inyeksiya yo’li bilan qabul qiluvchi narkomanlar hisoblanadi. Shuni aytishimiz kerakki, bular ko’proq yoshlardir. 15 yoshdan 30 yoshgacha bo’lgan yoshlar mana shu kasallikni o’zlariga yuqtirish hollari qayd qilinyapti. Demak,vaziyat shunday ekan, respublika siyosati yoshlar orasida spid profilaktikasini yana-da takomillashtirish, giyohvandlar bilan ishlashga qaratilgan. Hozir respublikamizda o’ziga vich infeksiyasi yuqtirganlarning ko’pchiligi Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida. Surhondaryoda ham 50 ga yaqin o’ziga vich infeksiya yuqtirganlar bor, qolgan viloyatlarda 10tagacha o’ziga vich infeksiya yuqtirganlar qayd qilindi. Hozirgi kunda aytishimiz mumkin, respublikamizda spid-epidemiyaning boshlanish davri turibdi va butun siyosatimiz mana shu boshlanish davrida chiqqan hamma o’choqlarni vaqtida chegaralashga qaratilgan”.

Qashqadaryolik talaba yigitning fikricha, u yashayotgan viloyatda yoshlar o’rtasida spid kasalligi palapartish jinsiy aloqa tufayli ko’payayotgan ekan. “Oldin bizlar maktabda o’qiyotgan paytimizda bu narsa aytilgan, lekin kam aytilardi-da. O’qituvchilarning ham tushuntirishi kam bo’lgan, chunki bu narsani aytishga o’qituvchilarning o’zlari ham uyalgan-da. Aytgan bilan, bolalar kuladi bu narsaga, shuning uchun aytilmaydiyam. Chunki ular o’ylamaydi bunday narsadan kasal bo’lib qolishini. Ko’p tarqalgan lekin, kam emas bizlardayam."

Xo’sh, sabab nima?

“Ish ham kam kam-da, bolalar ko’pincha ko’chada o’tiradi, boshqa qiladi. Bolalar baribir yetilgan paytda, yoshi to’lgan paytda qiziqishi mo’l bo’ladi. Ma’lumotga ham ega emas, bunday kasallikni bilmaydi ham, bilmagan holda shunday bo’lib qoladi”, - deydi qashqadaryolik talaba yigit.

Mamlakat chegaralarining tashqi dunyoga ochilishi, bozor iqtisodiyoti sharoitidagi iqtisodiy-ijtimoiy nochorliklar aholi o’rtasida axloq normalarini buzilishiga sabab bo’lishi mumkin, deb hisoblashadi ba’zi mutaxassislar. Bu esa jamiyatda spid kabi xastaliklarning ko’payishiga olib keluvchi omillar ekani qayd etiladi. Jamiyatshunos Komron Aliyev:

“Bilamizki, Spid asosan bu fohishabozlar o’rtasida yoki gomoseksualistlar o’rtasida, shu bilan birga narkomanlar o’rtasida keng tarqaladigan kasallik. Ma’lumki, narkomaniya bir tomondan boylarning bolalari o’rtasida tarqalinsa, qanaqadir huzur-halovat olish, hayotini doimo rohat-farog’atda o’tkazish bilan bog’liq bo’lgan hatti-harakatlar. Ikkinchi tomondan, ezilganlar, kambag’allar, qashshoqlar o’rtasida o’ziga bir qo’shimcha quvvat berish uchun, yoki hayotdagi qiyinchiliklarni unutish uchun narkomaniyaga qo’l urishadi. Demak, bu ikkala toifa ichida ham narkomaniya rivojlanadi va shu bilan birga albatta bog’liq ravishda spid ham tarqaladi. Demak, SPIDning keng tarqalishi, bu bozor sistemasiga o’tilgan vaqtdagi tengsizlikning kuchayishi va umuman axloq normalarining buzilishi bilan bog’liq deb qaralishi mumkin”, - deb hisoblaydi jamiyatshunos Komron Aliyev.

O’smir yoshidagi ayrim yigit-qizlardan SPID qanday kasallik, siz u haqda yetarli ma’lumotga egamisiz, deb so’rasangiz, quyidagicha javob beradilar:

“Bir ayol bilan bir erkakning jinsiy aloqasi orqali o’tishi mumkin. Masalan, shpritslar orqali o’tishi mumkin”.

“Tez yuqumli kasallik. O’ylamagan holda, o’zi bilmagan holda yuqib qoladigan kasallik. Ma’lumotlar maktabda berilyapti”.

“Hozircha biz SPID haqida ko’p ma’lumotga ega emasmiz. Balkim endi dars qo’ysalar yaxshi bo’lardi, hammamiz o’zimizga xulosa olardik”.

“Hali o’zimiz ham bilmaymiz to’g’risi. Maktabda ozgina tushintirish beradi, dars emas, besh minut tushuncha beradi, bu kam dem o’ylayman. Maktabda darslik qilib qo’yilsa, o’sha yaxshi deb o’ylayman”.

“Bizda, Navoiyda tushuntirish kuchli lekin, SPIDga qarshi biz 4 soat dars o’tdik. Lekin hali tushintirishlar rivojlangani yo’q. Darsliklar chiqarilsa yaxshi bo’ladi deb oylayman”.

Respublika SPID Markazi qoshida Anonimxona faoliyat yuritadi. Shifokor O’lmas Tashlanova fikricha, so’nggi paytlarda o’smir yoshidagi yigit-qizlarning ham bu xonaga kelishi ko’paygan.

“Hozir bizga murojaat qilayotgan shaxslarning ichida yoshlar albatta ko’p. Jinsiy aloqa yo’li bilan yuqadigan kasalliklar hozir yosharayapti. Bulardan tashqari, mana hozir yoshlarimiz nikohdan o’tayotgan paytlarida tekshirish yo’lga qo’yilgan, ular anonimxonaga murojaat etishadi. Tekshiruvlar pulsiz. Kuyov-kelinlar kelib bu yerda vich infeksiyasiga nisbatan tekshirib ketishadi. Yo’qligi haqida spravkalar beramiz. Afsuski, mana yil davomida olib borilgan tekshiruvlarimiz natijasida respublikamiz hududida yashovchi kelin-kuyovlarimizda mana shunaqa holat aniqlangan. Ya’ni, yigit ko’pincha narkoman bo’lgan, narkotik modda olib yurgan paytda shu kasallikni yuqtirib olgan va tekshirilmagan hech qayerda. Mana shu nikohdan oldingi tekshirilish natijasida bu aniqlangan. Va ular bilan suhbat olib borilib, ota-onalari bilan suhbat olib borilib bir-ikkita to’ylarni to’xtatishga to’g’ri kelgan. Endi mana oxirgi yillarda homilador ayollar o’rtasida vich infeksiya bilan kasallanish ham registratsiyaga tushib, bir necha homilador ayollarimiz bilan ish olib borayapmiz”, - deydi anonimxona shifokori O’lmas Tashlanova.

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, BMTning UNICEF bolalar fondi va UNAIDS kabi xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan OITS va giyohvandlik kasalliklarini oldini olish yoshlar ma’rifiy dasturi o’z faoliyatini boshlagan. Bu dasturdan ko’zlangan maqsad, O’zbekiston yoshlari orasida orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi, odam immuntanqisligi sindromi va giyohvandlik kabi illatlarning tarqalish darajasini hamda ushbu kasalliklarning jamiyatga, xususan yoshlarga bo’lgan xavfini kamaytirishdan iborat.