O'zbekiston delegatsiyasi Afg'onistonga tashrif buyurdi

  • Amerika Ovozi

O'zbekiston va Afg'oniston Tashqi ishlar vazirlari Abdulaziz Komilov va Salohiddin Rabboniy

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Afg'onistonga tashrif buyurdi. Prezident Ashraf G'ani va Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy bilan muloqotda xalqaro va mintaqaviy masalalar muhokama qilingan.

Komilov janob G'aniga O'zbekistonga tashrif buyurish taklifi bitilgan maktubni topshirdi, deyiladi rasmiy bayonotda.

Avvalroq ikki davlat davomiy siyosiy muloqot boshlaganini e'lon qilgan edi. Yanvar boshida Toshkentda o'tgan dastlabki uchrashuvda, jumladan, Afg'onistonda siyosiy kuchlar o'rtasida tinchlik muzokaralarini o'tkazish muhokama qilingan.

Afg'oniston prezidenti saroyida qabul

Afg'on mulozimlariga ko'ra, narkotiklarga qarshi kurash, xavfsizlikni mustahkamlash, tranzit, savdo-sotiq va madaniy almashinuv dasturlarini yo'lga qo'yish - O'zbekiston bilan hamkorlikda ustuvor yo'nalishlar.

Tashqi ishlar vaziri Rabboniy Afg'oniston mahsulotlarini O'zbekiston hududi orqali jahon bozoriga olib chiqish, savdo va tranzit bo'yicha kelishuv imzolash zaruriyatini tilga olgan.

Abdulaziz Komilovning ta'kidlashicha, Toshkent va Kobul o'rtasida siyosiy, iqtisodiy va ayniqsa transport-kommunikatsiya va gumanitar sohalarda yaqin hamkorlik qiladi.