Al-Shifo - bepul shifo maskani

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Musulmonlar ochgan bepul shifo maskani

San-Bernardino Kaliforniya shtatidagi eng g’arib shaharlardan biri, nochor oilalar ko’p. Bu yerda musulmon shifokorlar uyushib, "Al-Shifo" klinikasini tashkil qilgan. Shifoxona o’n yildan oshibdiki, aholining kam ta’minlangan qatlamiga tekin tibbiy xizmat ko’rsatib keladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Kaliforniyadagi bepul shifo maskani


"Al-Shifo" o’z nomi bilan shifo maskani. 2000-yilda musulmon shifokorlar asos solgan. Mijozlari orasida musulmon bo’lmaganlar ham bor.

“Musulmonmiz. Xalqqa yordam bermoqchimiz. Maqsadimiz faqat musulmonlarga emas, xalqqa xizmat qilish. Ispanzabonlar, boshqa dindagilarga ham qaraymiz. Dinimiz har bir ehtiyoji bor odamga yordam qilishni buyuradi”, - deydi doktor Tal’at Xon.

Klinika xodimlari qilayotgan ishidan xursand. Ko’pchilik shifokorlar Afg’oniston, Pokiston, Hindistondan qochoq yoki muhojir sifatida kelib AQSh fuqaroligini olgan mutaxassislar.

“Ochig’ini aytganga, klinikaga keldingizmi, mijozsiz. Shifokorlar mijozning tili, dinidan qat’i nazar yordam ko’rsatishadi. Qaysi dindaligingizning bizga farqi yo’q”, - deydi Xo’ja Ali Siddiq.

Klinikada 16 ta tekshiruv xonasi bor. Umumiy ko’rik, ayollar salomatligi, pediatriya, nevrologiya, tish davolash va profilaktikaga moslab jihozlangan. Laboratoriya ham shu yerda. Sharoit yaxshi.

Tibbiyot institutini yangi bitirganlar ham kelib malaka oshiradi. Ulardan biri Imon Musili, Suriyadan kelgan.

“Bemorlarim bilan muloqotda bo’lishdan zavqlanaman. Ular haqiqatda yordamga muhtoj. Tibbiy sug’urtasi yo’q, muammolar girdobida. Shifokor sifatida menga ham katta tajriba bu”, - deydi u.

"Al-Shifo"ning doimiy mijozlari klinikadan minnatdor. Bepul xizmat mo'jizadek gap, deydi ular.

“Juda yaxshi qarashadi. Qanday qilib doktorlar tekinga ishlashini tasavvur qilish qiyin. Xodimlar yaxshi odamlar. Qoyil qolish kerak”, - deydi mijozlardan biri Lina Missi.

"Al-Shifo" klinikasi xayriya fondi evaziga ishlagani uchun bemorlar uning yopilib ketishidan xavotirda. Doktorlar ham homiylar ko’magi bo’lsa, xalqqa beminnat xizmat ko’rsatishni davom ettirish niyatida.