Boston ilm ahli Rossiya va Markaziy Osiyo xususida anjumanga yig'ildi

Bostonda AQSh, Rossiya va Markaziy Osiyo aloqalari xususida anjuman

O'zbekistonlik yoshlar tomonidan AQShda asos solingan, inson huquqlari va demokratiya hamda erkin mushohada va fikrni targ'ib qiluvchi tashkilot Awareness Projects International Boston yaqinidagi Tafts universitetida (Tufts University) o'zining ikkinchi yillik konferensiyasini o'tkazdi. Birinchi anjuman o'tgan yili Sietlda kechgan edi. Tashkilot ham o'sha shahardan turib faoliyat yuritadi.

Awareness Projects International rahbari Dmitriy Nurullayev - Angliyaning Kembrij universiteti talabasi. Boston va uning atrofidagi ilm ahlini bunday yig'inga chorlashdan maqsad, deydi u, Amerika yoshlari va ziyolilari orasida Markaziy Osiyo mamlakatlari, Rossiya siyosati hamda Amerikaning bu davlatlar bilan aloqalariga diqqat qaratish. Shuningdek, dunyoning bu qismlarini o'rganayotgan talabalar bilan bahsu munozara qilish.

Rossiya va AQSh orasidagi rishtalar Ukrainada hokimiyat o'zgargani va Qrim endi Moskva nazorati ostida ekani sabab bag'oyat taranglashgan. Vashington Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda Kremlni yakkalashga urinmoqda. Vladimir Putin rahbarligidagi tuzumga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar joriy etildi. G'arb Rossiyani xalqaro qonunlarni buzgan holda Qrimni egallaganlikda ayblasa, Moskva o'z manfaatlaridan kelib chiqqan holda ish tutganini qayd etadi. Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyaga ko'p jihatdan tobe va sherik. Ular AQSh bilan ham hamkorlik qilishni xohlaydi.

"Bugun ko'zlagan maqsadimizga yetdik. Anjumanda AQShning keksa va faxriy diplomatlaridan biri, sobiq elchi Tomas Simons so'zladi. O'zbekistondan siyosiy arbob Sanjar Umarov ma'ruza qildi. "Al-Jazira" sharhlovchisi Sara Kendzior prezentatsiya qildi. Yana boshqa ko'zga ko'ringan ziyolilarni ham taklif qildik",- deydi Dmitriy Nurullayev.

"Bir-birimizning bilimimizni boyitamiz, fikr va tahlilimizni tinglaymiz, bu hammaga foyda",- deydi Nurullayev anjumandan keyin "Amerika Ovozi" bilan gaplashar ekan.

Uning mahalliy hamkori, Tafts universiteti talabasi Dallin Van Leuven nazarida sobiq ittifoq hududidagi davlatlar haqida davra suhbatlari katta qiziqish uyg'otadi.

"Bu yerda xalqaro siyosat, raqobat va global maydondagi o'zgarishlar tahliliga e'tibor kuchli, chunki biz shu yo'nalishda bilim olayapmiz",- deydi u.

"Tafts va Garvard turfa xil mutaxassislar qatorida diplomatlar va huquqshunoslar yetishtiradi. Men o'qiyotgan fakultetda bu ikki universitetda ham bilim olish mumkin, shunday almashinuv dasturlari yo'lga qo'yilgan. Bugungi anjumanda ham qatnashchilar asosan shu ikki dargohdan bo'ldi",- deydi Van Leuven.

Muxolif faoliyati uchun O'zbekistonda qamoqda o'tirib chiqqan, bugungi kunda AQShning Tennessi shtatida yashab, "Serquyosh O'zbekiston" koalitsiyasini shu yerdan turib boshqarayotgan Sanjar Umarov deydiki, respublikani yaqin kelajakda o'ziga xos sinovlar kutmoqda.

"2014-yil Markaziy Osiyo uchun muhim davr... Afg'onistondan AQSh qo'shinlari chiqmoqda. O'zbekistonda prezident saylovlari yaqinlashmoqda",- deydi u.

Anjumanda Sanjar Umarov o'z boshidan kechirganlari va O'zbekiston xalqi oldidagi masalalar haqida gapirdi.

Sara Kendzior esa o'z ma'ruzasida Qrim taqdiri va Ukrainadagi o'zgarishlarning mintaqaga ta'sirini tahlil qilib berdi. Rossiya Qrimni tortib olganidek boshqa hududlarni ham o'ziniki qilib oladi deb xulosa qilish qiyin, deydi u. Lekin omma bu mavzularni muhokama qilib, o'ziga yarasha saboq olayotgani ayon. Rossiyada mehnat qilayotgan o'zbekistonliklar va ular orqali yurtga kelayotgan daromad muhim omil, deya sanab o'tadi u.

Tafts universtitetiga qo'shni Garvard oliygohida biznes va moliya boshqaruvi yo'nalishida magistrlik darajasi uchun o'qiyotgan Sherzod Odilov, o'zbekistonlik talaba, fikricha bugungi kabi anjumanlar yoshlar uchun ayni muddao.

"Anjuman menga juda yoqdi. Savol-javoblar qiziq o'tdi",- deydi u.

"Amerika Ovozi" Bostondan maxsus dastur tayyorlamoqda. Uni kelasi hafta shu saytda tomosha qilish mumkin.