Prezident Bayden armanlar o’limini genotsid deb atadi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Prezident Jo Bayden bir asr oldin Usmonlilar tomonidan armanlarning o’ldirilishi va deportatsiya qilinishini genotsid deya e’lon qildi.

Italiya arxivlaridan olingan noyob kadrlarda 1915 va 1916-yillarda Usmonlilar imperiyasi tomonidan armanlarning ommaviy deportatsiya va qirg’in qilinishidan omon qolganlar aks etgan.

Kardrlarda Turkiyada qayiqlarga ortilgan bolalar va ot-aravada yo’lga chiqqan qochqinlarni ham ko’rish mumkin.

Armanlar deydiki, Usmonlilar davlati parchalanayotgan bir paytda, Birinchi jahon urushi davrida 1,5 million odam o’lgan. 30 tacha davlat bu da’voga qo’shiladi.

Genotsid qurbonlari yodgorligi. Yerevan, Armaniston

Usmonlilar imperiyasi vorisi sanalmish Turkiya respublikasi genotsid ro’y berganini qat’iyan rad etadi. Anqaraga ko’ra, armanlar Usmonli hukmdorlariga qarshi bosh ko’targanida ro’y bergan janglarda 300 mingdan tortib yarim milliongacha armanlar va yana shuncha turklar ham halok bo’lgan.

Ushbu fojiali voqealar har yili 24-aprelda Armanistonda va dunyo bo’ylab arman jamoalari tomonidan yodga olinadi.

Shu hafta AQSh Kongressidagi yuzlab qonunchilar Prezident Jo Baydenga maktub yo’llab, uni bu yilgi xotira marosimida “genotsid” so’zidan foydalanishga da’vat etdi. Kaliforniyalik kongressmen Bred Sherman ilgari ham bu mavzudagi rezolyutsiyalarga homiylik qilgan.

“Genotsidni rad etish genotsidning so’nggi bosqichidir. Avvalo odamlarni qirib tashlaysiz, so’ngra xotirani o’chirishga harakat qilasiz. Bu esa keyingi genotsid tomon birinchi qadam”, - deydi qonunchi.

Buni ham ko'ring “Armanlar genotsidi” siyosiy masalami yoki tarixiy?

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho’g’li Bayden ma’muriyatini genotsid tamg’asi AQSh-Turkiya aloqalariga putur yetkazishi haqida ogohlantirgan edi. Bu haqida so’ralganda, Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Prays Turkiyani NATO tarkibidagi qadrli ittifoqchi deya ta’rifladi.

“Do’st va ittifoqchilar sifatida kelishmovchilik yuzaga kelganda, uni muhokama qilamiz, yashirmaymiz”, - deydi u.

Tahlilchilar sobiq prezident Donald Tramp bilan solishtirganda Jo Baydenning genotsid haqidagi qarorga kelishi osonroq bo’lishini bashorat qilgan edi. Turkiya prezidenti, deydi ular, Tramp bilan til topisha olgan.

“Oldingi ma’muriyatdan farqli ravishda Prezident Bayden va Erdog’an o’rtasida yaqin munosabatlar shakllanmagan. Buning ustiga, Bayden saylov kampaniyasi paytida avtokrat rahbarlarni tanqid qilayotib, Turkiya rahbariga ham ishora qilgan edi”, - deydi Amerika universiteti professori Xrach Gregorian.

Suhbatdosh fikricha, AQSh-Turkiya aloqalari sovuqlashishi ehtimoli bor, ammo bunday holat uzoq davom etmaydi.

“Oq uy qarorining munosabatlarga salbiy ta’siri bo’ladi, albatta. Ramziy ma’noda bu ikki tomon uchun ham muhim. Anqara uchun buning ahamiyati ko’proq. Lekin xalqaro aloqalarda bunday holatlar yangilik emas. Davlatlar o’z manfaatlaridan kelib chiqqan holda qarorlar qilishadi”, - deydi professor.

Genotsid mavzusida izlangan va kitoblar yozgan Anait Xosroyeva armanistonlik tarixchilarning Prezident Baydenga maktub yo’llashiga ko’maklashgan. Unda AQSh rahbaridan “genotsid” so’zini qo’llash, tarixga ko’z yummaslik so’ralgan edi.

“Armanlar genotsididan omon qolganlar bugun ham anchagina, lekin ular soni kamayib bormoqda. Bu odamlar hozirgi kunga qadar voqealarni eslaydi va adolat talab qiladi. Chunki Turkiya armanlar qirilganini bugungacha rad etib kelmoqda”, - deydi Xosroyeva.

Genotsid mavzusi bo’yicha ekspertlarga ko’ra, genotsid rasman tan olinishi kelajakda ozchilikdagi etnik va diniy guruhlarga nisbatan zulmning oldini olishga yordam beradi.