Yevropa Ittifoqi migrantlar bo’yicha yangi rejasini e'lon qildi

  • Amerika Ovozi

Migrantlar inqirozidan besh yil o’tib, Yevropa Ittifoqi mas'uliyatni teng bo’lishish, shuningdek, qochqinlarni vataniga qaytarish mexanizmini o’z ichiga olgan rejani e’lon qildi.

Blok shu tariqa yana bir bor migratsiyani nazorat ostiga olishga, 27 a’zo mamlakatning barchasini bu jarayonga jalb qilishga urinmoqda.

Germaniya quvvatlayotgan yangi dastur muhojirlarni qabul qilish yoki ularni vataniga qaytarishni moliyalashga doir majburiy qoidalarni o’z ichiga oladi.

Ittifoq chegaralarida nazoratni kuchaytirish, boshpana olish ehtimoli past bo’lgan odamlarni tezlashtirilgan tartibda tekshirish, inson savdosiga qarshi kurashda kuchliroq choralar ko’rish, migrantlar vatanida qolishini rag’batlantirish uchun ayrim davlatlarga yordamni oshirish ko’zlangan.

Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula von der Leyen fikricha, reja mas’uliyat va birdamlik o’rtasida adolatli muvozanatni ta’minlaydi.

Komissiya taqdim etayotgan dastur 27 a’zo davlat tomonidan tasdiqlanishi kerak. Migratsiya – Yevropa Ittifoqida ziddiyatli masalalardan biri. Gretsiya, Ispaniya va Italiya kabi davlatlarga ko’ra, qochqinlarni joylashtirishda barcha kattaroq hissa qo’shmog’i lozim. Boshqalar, jumladan, Vengriya va Avstriya yangi muhojirlarni qabul qilishga qarshi.

Gretsiyadagi qochqinlar lagerida yong'in

Oy boshida Gretsiyaning Lesbos orolida, Yevropadagi eng yirik qochqinlar lagerida ro’y bergan yong’in masalaga e’tiborni oshirdi. Germaniya 1500 qochqinga boshpana berishga rozi, boshqa davlatlar esa juda kam sonda.

“Lesbos yong’ini dahshatli voqea bo’lsa-da, keng jamoatchilikka Yevropa yechim bilan chiqishi zarurligini ko’rsatib berdi”, - deydi Yevropa siyosiy markazi nomli tadqiqot guruhi vakili Mari De Somer.

2015-yilda Yevropaga bir milliondan ziyod qochqin kelgan bo’lsa, 2019-yilda ular soni 140 000 gacha kamaydi. “Gallup” tashkiloti o’tkazgan so’rovda Yevropa Ittifoqi a’zolari Vengriya va Xorvatiya migrantlarni eng kam qabul qiluvchi mamlakatlar deb topilgan.

“Noqonuniy migratsiyani qanday qilib qonuniy shaklga keltirish mumkin? Yevropa kelasi 20-30 yilda yuzlashadigan eng katta muammolardan biri shu”, - deydi Bryusseldagi Karnegi jamg’armasi xodimi Stefan Lehne.

Yevropa Komissiyasi qonuniy migratsiya, shuningdek, Shengen zonasi kelajagi bo’yicha takliflarini kelasi yili e’lon qiladi.