Atambayev AQSh bazasini yopish kerak deydi

  • Amerika Ovozi

Atambayev AQSh bazasini yopish kerak deydi

Qirg’iziston prezidenti Almazbek Atambayev fikricha, AQSh harbiy bazasi mamlakat hayotiga tahdid va uni yopish kerak.

Fuqaroviy aeroport biqinida bunday bazaning bo’lishi o’ta xatarli, dedi davlat rahbari bugun Bishkekdagi ilk matbuot anjumanida.

Atambayev Qirg’izistonga safar qilayotgan AQSh Davlat kotibi muovini Robert Bleyk bilan ko’rishib shu haqda gapirgan.

Amerika har yili to’layotgan 150 million dollar ijara haqqi tinchlikdan, xalq hayotidan ustun emas, deb hisoblaydi prezident. “’Manas’ faqat yo’lovchi samolyotlariga xizmat qilmog’i lozim”.

Atambayev so’zlariga ko’ra, arenda muddati 2014-yilda tugagach, Qo’shma Shtatlar ketishi kerak yoki Rossiya va boshqa davlatlar bilan hamkorlikda oddiy tranzit punkti yaratishi mumkin.

“Manas” aeroportiga qo’shni, 2001-yilda ochilgan bu muhim bazani Amerika Afg’onistonga yuk tashishda, yonilg’i olishda ishlatib keladi.

Koalitsiya kuchlari ham aynan shu yerdan Afg’onistonga yo’l oladi. Hisoblarga ko’ra, tranzit markazida amerikalik bir yarim ming askar va mutaxassis bor.

Oktabr oyidagi saylovlarda g’alabani qo’lga kiritganidan so’ng 55 yoshli Atambayev AQShning Iroq va Afg’onistondagi urushi, Eron bilan tarang rishtalari haqida to’xtalib, bu davlatlar ‘Manas’ni nishonga olishi mumkin, degan edi.

“Qirg’izistonni xavf-xatarga qo’ya olmayman”, - deydi yangi rahbar.

Uning aytishicha, AQSh bilan imzolangan bitimga amal qilinadi, lekin uzaytirilmaydi.

Ayrimlar nazarida Atambayev Rossiyaning ko’rsatmasi bilan ish tutmoqda. Qirg’izistonda Rossiyaning to’rt harbiy ob’yekti va bitta harbiy-havo bazasi bor.

Bundan tashqari, rasmiy Moskva sobiq Sovet davlatini o’z ta’sir doirasida saqlab qolishni istaydi, deydi ayrim kuzatuvchilar.

Atambayev bunday da’volarni rad etadi.

Shuningdek, uning aytishicha, Rossiya o’z bazalari ijarasini to’rt yildan beri to’lamay keladi. “Bu haqda prezident Dmitriy Medvedevga xabar berdik va bizni tushunishdi”, - deydi Atambayev.