Obama: Suriyada siyosiy kelishuvsiz tinchlik bo'lmaydi

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Barak Obamaning aytishicha, Suriyada siyosiy kelishuvga erishilmaguncha, "Islomiy davlat"ni yengish mumkin emas. Unga ko'ra, Prezident Bashar Assadga yangi hukumatda o'rin yo'q.

"Suriya xalqining katta qismi uni qonxo'r va zolim diktator deb biladi. Bunday vaziyatda fuqarolar urushiga chek qo'yib bo'lmaydi. U xalq ishonchini qayta qozona olmaydi. Hokimiyatda qolsa, to'qnashuvlar davom etaveradi", - deydi Obama.

Biroq Suriya rahbari nazarida siyosiy jarayonlarni boshlash uchun avval terrorchilarni yo'q qilish lozim.

To'rt yillik mojaroda Suriyada 250 ming odam nobud bo'lgan. Suriyaga qo'shni hamda yirik davlatlar unga barham berish maqsadida hukumat va muxolifat o'rtasida muzokara uyushtirishga urinmoqda, biroq AQSh va G'arb davlatlari Assadning ketishini talab qilmoqda, Rossiya va Eron bunga qarshi.

"Nahotki Assadning ittifoqchilari unga harbiy yordam berib, barcha muxolif kuchlarni yengish mumkin deb o'ylasa? Suriya davlatchiligini saqlab qolib, xalqaro hamjamiyat, BMT bilan hamkorlik orqali barcha suriyaliklar tomonidan tan olinadigan hukumat yaratgan to'g'ri emasmi", - deb so'raydi Obama.

Parijdagi xurujlardan so'ng Qo'shma Shtatlar "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi kurashni kuchaytirishga bel bog'lagan. Uning yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlari Suriya va Iroqda jangarilarni havodan nishonga olib keladi. Biroq Kanadada yangi saylangan Bosh vazir Jastin Tryudo Kanadaning harbiy amaliyotlarda qatnashgan olti qiruvchi samolyoti missiyasini tugatishni buyurdi.