AQSh: Politsiyani qanday isloh qilish yuzasidan bahslar davom etyapti

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Bir necha oy davomida minglab amerikaliklar politsiya zo’ravonligini qoralab, islohot talabi bilan namoyishlar uyushtirdi. Ammo bugun “Qora tanlilar hayoti muhim” degan harakat avvalgidek quvvatlovga ega emas.

Yirik namoyishlardan bir necha oy vaqt o’tdi. Jorj Floyd ismli qora tanli shaxsning politsiya qo’lida halok bo’lgani norozilikka turtki bergan edi.

Huquq-tartibot tizimi markazlashmagan mamlakatda mahalliy darajada ba’zi o’zgarishlar bo’ldi, deydi irqiy adolat uchun kurashuvchi “Color of Change” nohukumat tashkiloti vakili Skott Roberts.

“Faollar yordami bilan reformaga moyil ko’plab prokurorlar saylandi”, - deydi u.

Biroq yoz oylari bilan solishtirganda “Qora tanlilar hayoti muhim” degan harakatni quvvatlovchilar kamaygan. “Pyu” tadqiqot markazi so’roviga ko’ra, namoyishlar avjiga chiqqan iyun oyida ushbu harakatni amerikaliklarning 67 foizi qo’llab-quvvatlagan, hozir esa 55 foiz. Osiyolik amerikaliklar va qora tanli aholi orasida o’zgarish yo’q.

Afro-amerikaliklarning 87 foizi harakatni muhim deb biladi.

“Maqsadimiz politsiya hajmi va ish ko’lamini kamaytirish”, - deydi Roberts.

Uning aytishicha, masalan, ruhiy kasallik bilan bog’liq holatlarda politsiya chaqirilmasligi kerak.

“Bu bilan shug’ullanuvchi mutaxassislar borsin”, - deydi Roberts.

Lekin ruhiy xasta odamlar zo’ravonlikka qo’l urishi mumkin, deydi Milliy politsiya uyushmasi so’zlovchisi Betsi Smit.

“Birinchi terapevtlarni yuborsak, ular jabr ko’rishi hech gap emas”, - deydi suhbatdosh.

Buni ham ko'ring AQShda politsiyachi bo'lish uchun aksar hollarda maktab diplomi kifoya

Smitning aytishicha, terapevtlarni bunday vaziyatlarga tayyorlash uchun ham mablag’ kerak.

“Byudjet kesilishiga ko’p marta guvoh bo’lganman. Siz yashaydigan hudud moliyaviy muammolar bilan yuzlashsa, birinchi bo’lib politsiya dasturlari va treninglar kesiladi”, - deydi uyushma vakili.

Huquq-tartibot tizimida professonalizmni targ’ib qiluvchi tashkilot so’roviga ko’ra, AQShda politsiya idoralarining qariyb yarmi kelasi yili byudjet kamayishini kutmoqda.

“Nyu-York kabi yirik shtatlar milliard dollardan ayrilishi mumkin”, - deydi “Politsiya rahbarlari tadqiqot forumi” tashkiloti rahbari Chak Veksler.

Los-Anjeles politsiya boshqarmasi byudjeti, masalan, 150 million dollarga qisqardi. Ammo so’rovlarga qaraganda, afro-amerikaliklarning 81 foizi o’z yashash joylarida politsiyachilar va huquq-tartibot dasturlari kamayishini xohlamaydi.

“Politsiyadan pulni tortib olsangiz, jinoyatchilik kamayishini kutmang”, - deydi Betsi Smit.

Buni ham ko'ring Politsiya yo'q bo'lsinmi? Amerikaliklar nima talab qilmoqda?

“Byudjetni kesish o’rniga sarmoya haqida o’ylash kerak. Politsiyachilar uchun trening dasturlarini keskin oshirish zarur”, - deydi Chak Veksler.

“Zo’ravonlik va jinoyatchilik oshgan mahallalarda muammoni yillardan buyon ko’proq politsiya bilan yechishga harakat qildik. Aslida bu hududlarga boshqa turdagi resurslar ko’proq ajratilishi lozim”, - deydi “Color of Change” tashkilotidan Skott Roberts.

Unga ko’ra, zo’ravonlikka barham berish mahallalardagi ijtimoiy muammolarni hal qilishdan boshlanadi.

“Tirikchilik uchun zarur oddiy ehtiyojlardan boshlang – ta’lim, turar joy va sog’liqni saqlash. Shu sohalarga sarmoya qilsak, tinchlik, osoyishtalik bo’ladi”, - deydi Roberts.

Ushbu namoyishlar shtat darajasida qanday o’zgarishlarga olib kelishi qonunchilarning kelasi yilgi qarorlariga bog’liq.