Rossiya-Ukraina ziddiyatlari Turkiyaga bosim qo'ymoqda

  • Amerika Ovozi

Rossiyaning Ukrainaga ehtimoliy hujumidan xavotirlangan NATO Qora dengizda harbiy kemalarini ko’paytirmoqda. Dengizga yo’l Istanbulning Bosfor bo’g’ozi orqali o’tadi va o’tish joyi 1936-yilda imzolangan Montro konvensiyasi orqali nazorat qilinadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 13-yanvar, 2022-yil

Hujjat ijrosiga mas’ul Turkiya Qora dengizga aloqasi yo’q mamlakatlar kemalariga 10 ming tonnadan ortiq yuk o’tkazishga va dengizda 21 kundan ko’p qolishga ruxsat bermaydi.

“Vaziyat yomonlashgudek bo’lsa, Ukrainani himoya qilish kerak bo’ladi. Biroq Montro konvensiyasi asosida NATO qanday kemalarini, qanday dengiz platformalarini dengizga olib kirishiga cheklov mavjud”, - deydi Turkiya sobiq elchisi Mitxat Rende.

Konvensiya tarixiy jihatdan Turkiya uchun muhim bo’lib, uning Qora dengiz va boshqa ochiq dengizlarga tutashtiruvchi ichki suv yo’llari tarmog’i ustidan suvereniteti va nazoratini tiklagan.

Biroq ayrim tahlilchilar fikricha, Turkiyaning Qora dengiz darvozaboni sifatidagi roli ziddiyatli paytlarda uni NATOdagi hamkorlari oldida noqulay ahvolga solib qo’yishi mumkin.

“2008-yildagi Rossiya-Gruziya urushi paytida AQSh va NATO davlatlari mintaqaga qo’shimcha kema olib kirmoqchi bo’lganida avvaliga Turkiya AQSh kemalari keragidan og’ir bo’lgani uchun ularning o’tishiga ruxsat bermagan edi. Biroq keyinchalik Qo’shma Shtatlar bitta katta kema o’rniga ikkita kichikroq kema uchun ruxsat so’raganida Anqara roziligini bergan”, - deydi Istanbuldagi Qodir Has universiteti professori Mustafo Oydin.

Turkiya Rossiya bosimiga ham uchramoqda. O’tgan yili Qora dengizdagi NATO-Ukraina harbiy mashqlarida qatnashish uchun Amerika harbiy kemalari Bosfordan o’tganida Putin buni keskin qoralagan edi.

Kuzatuvchilarga ko’ra, NATO Qora dengizda kemalarini ko’paytirsa, Kreml bosimi yanada kuchayadi.

“Rossiya Turkiyani NATO a’zosi yoki Ukraina qo’shnisi sifatida ham bu ishga aralashmaslikka da’vat etmoqda. Har imkoniyat bo’lganida ruslar Turkiyani tanqid qilib turibdi, do’q-po’pisa qilmasa-da, noto’g’ri qadam qo’ymaslikka chaqiryapti”, - deydi Turkiya Tashqi siyosat instituti prezidenti Husayn Bog’chi.

Anqara Rossiya bilan shu hafta Yevropada bo’lgan muzokaralar taranglikni yumshatishiga va tomonlar mintaqada harbiy kuchlarini oshirish rejasidan voz kechishiga umid qilmoqda. Aks holda Turkiya Qora dengiz darvozaboni sifatida o’ta og’ir ahvolda qolishi mumkin.