“Har juma kelajak uchun” harakati dunyo o'smirlarini birlashtirmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Dunyo yoshlari “Har juma kelajak uchun” harakatida

So’nggi so’rovlar 57 foiz amerikalik o’smirlar iqlim o’zgarishidan jiddiy xavotirda ekanini ko’rsatgan. Kayzer oilasi jamg’armasi va “Vashington Post” gazetasi o’tkazgan ushbu so’rovnoma shvetsiyalik faol Greta Tunberg iqlim o’zgarishiga qarshi kampaniyasini Amerika poytaxtiga olib kelgan paytga to’g’ri keldi. Harakat dunyo bo’ylab yoshlarni jalb qilmoqda.

“Har juma kelajak uchun” harakati ko’plab yosh faollarni birlashtirmoqda. Ular iqlim o’zgarishidan xavotirda.

“Keksa avlod, ayniqsa, amerikaliklar muammoni tan olmayapti. Shuning o’zi bolalarning iqlim borasidagi harakatlariga qanchalar zarar”, - deydi faollardan biri Hadicha Kokar.

Hadicha Kokar o’tgan yili shvetsiyalik faol 16-yoshli Greta Tunberg boshlagan “Har juma kelajak uchun” harakatidan ilhomlangan. Maqsad muammoga global e’tiborni qaratish. Shvetsiyaning o’zi bu harakatga bosh-qosh.

Poytaxt Vashingtonda iqlim o'zgarishiga qarshi namoyish

“Atrof-muhitni asrash borasida doim ogohlikka chaqirib kelganmiz. Masala Shvetsiyada 60-yillardan beri asosiy mavzu. Maqsad – qazilma yoqilg’ilardan voz kechgan birinchi davlatga aylanish”, - deydi Shvetsiya elchixonasi konsuli Linda Zakrison.

Harakat o’z nomiga munosib ravishda har juma namoyishga chiqadi. O’smirlar hukumatni iqlim o’zgarishiga oid qarorlar qabul qilishga chaqiradi.

“Yoshi kattaroq avlod masalaning dolzarbligini umuman tushunmaydi. Sababi qazib olinadigan yoqilg’i sanoatidagi kompaniyalar va hukumat inqirozni yashirishi va chalg’itish bilan bandligi bois iqlim o’zgarishining jiddiy ta’sirini tushunib yetmadik”, - deydi namoyishchilardan Sofiya Geyger.

BMTning iqlim o’zgarishi bo’yicha hukumatlararo guruhi xulosasiga ko’ra, ahvol shunday davom etsa, 12 yildan keyin zararni bartaraf etishning imkoni bo’lmaydi.

“U paytda 30 yoshda bo’laman. 30 dan keyin ham yashashni, farzand ko’rib kelajak qurishni istayman. Sayyoramiz yashab bo’lmaydigan ahvolga tushsa, hech bir orzu amalga oshmaydi”, - deydi Hadicha Kokar.

“Katta avlodning qo’lida kuch ko’p. Shu kuch-qudratni yoshlarga berish orqali yechim sari olg’a yurish mumkin”, - deydi xavotirga tushgan fuqarolardan biri Stefan Gormen.

“Har juma kelajak uchun” namoyishchilari dunyo bo’ylab harakatda. Uni boshlagan Greta Tunberg Xalqaro amnistiya tashkilotining faxriy yorlig’i bilan taqdirlangan.