Yevropa Eron masalasida Rossiya va Xitoy bilan hamfikr

  • Amerika Ovozi

Yevropa rasmiylarining aytishicha, Donald Trampning Eron bo'yicha xalqaro kelishuvni tasdiqlamaslik qarori "ichki masala". AQSh rahbari o’tgan hafta Eronni xalqaro yadroviy kelishuvga amal qilmayotganlikda aybladi. Undagi shart-talablarni o’zgartirish kerak, deydi u, aks holda AQSh bitimdan chiqishi mumkin.

Uni imzolagan Yevropa davlatlari hamda Rossiya va Xitoyning aytishicha, Tehron majburiyatlarini bajarib kelmoqda, Trampning da’volari asossiz.

Yevropa Ittifoqi Eron bo’yicha kelishuvni global diplomatiya mahsuli deb ko’radi. Hech bir prezident yoki davlat uni yakka holda bekor qila olmaydi.

“Unga erishish uchun 12 yil muzokara qilganmiz. Hujjat jahon bo’ylab yadro qurollarini tarqatmaslik rejimini mustahkamladi”, - deydi Federika Mogerini, ittifoqning tashqi ishlar bo’yicha mas’ul rasmiysi.

Diplomat noyabr oyida Vashingtonga safar qilib, Kongressdan bitimni saqlab qolishni so’ramoqchi.

Prezident Donald Tramp saylovdan beri kelishuvni tanqid qilib keladi. Uning aytishicha, Eron terrorizm homiysi va dunyoga xavf solishda davom etmoqda. Uning ballistik raketa dasturini ham cheklash kerak.

“Ular o’zlari uchun ajoyib kelishuv qilib olishgan. Qo’shma Shtatlarga to’g’ri kelmaydi”, - deydi prezident.

Tramp bitimni tasdiqlashgan bosh tortib, masalani Kongress zimmasiga yukladi. Agar AQSh Eronga yangi sanksiyalar qo’ysa, Yevropa bir qancha yo’llar bilan javob bera oladi, deydi tahlilchi Polina Izovich.

“Yevropa fuqarolari va kompaniyalari AQSh sanksiyalariga amal qilmaydi, deb qonun qabul qilish mumkin”, - deydi u.

Ammo bu usullar hali sinovdan o’tmagan.

“Ko’p narsa Eronga bog’liq. Hozirgi iqtisodiy imtiyozlar kifoya bo’lsa, Tehron bitimdan chiqmaydi”, - deydi suhbatdosh.

Germaniya tashqi ishlar vazirining qayd etishicha, Vashington o’zini yakkalab qo’yayapti. Eron masalasida Yevropa Rossiya va Xitoy bilan umumiy pozitsiyaga ega.

Moskva va Pekin Tehron bilan qayta muzokara qilishni istamaydi.

“Eron va Xitoy energetik sohada strategik hamkor”, - deydi tahlilchi Stiv Tsang.

Tramp xalqaro bitimdan voz kechishi yadroviy dasturini shiddat bilan rivojlantirayotgan Shimoliy Koreya muammosini ham chigallashtiradi.

“Qo’shma Shtatlar bilan kelishuvga erishsang, ular so’zida turadi, deb Shimoliy Koreyani qanday ishontirasiz?”, - deydi Tsang.

Eronga qarshi sanksiyalarni tiklash yoki kelishuvga amal qilishda davom etish endi AQSh Kongressiga bog’liq.

Qonunchilar Tehronga qo’shimcha shartlar qo’yishi, xususan, ballistik raketa dasturini tugatishni talab qilishi mumkin. Eron bunga allaqachon “yo’q” deb javob bergan.