Fazogirlar suvosti laboratoriyasida nima bilan band?

  • Amerika Ovozi

Dunyodagi yagona suvosti laboratoriyasida AQShning to’rt fazogiri asteroid sari parvozga tayyorlanmoqda. “Akvarius” nomli bu laboratoriya Florida janubida, sohilda joylashgan. Fazogirlar tashqi dunyo bilan bevosita muloqot qilmaydi, ochiq havoga chiqmaydi, faqat suv ostida yashaydi. Ular bir kun kelib olisdagi asteroidga borib qo’nganda duch kelishi mumkin vaziyatga mos sharoitlarni yaratishga va ularda ishlashga harakat qilmoqda.

NASAning Favqulodda tabiat missiyasi, qisqacha, NEEMO deb ataladigan dasturidan maqsad - kelajakda yerga eng yaqin asteroidga parvoz qilish bilan bog’liq vaziyatlarni o’rganish.

To’rt fazogir to’qqiz kun davomida chuqurligi 37 metr keladigan “Akvarius” laboratoriyasida tunu-kun yashamoqda. Ular turli jihozlarni sinaydi, testlar o’tkazadi, fazodagi parvozga yaqin sharoitlarni yaratishga urinadi.

Fazogir Janett Epps hamkasblari bilan haqiqiy muammolarga yuz tutganini aytadi.

“Kapitan Aki va men tashqariga chiqib, suv ostidagidek yurishimiz kerak edi. Bunga tayyorgarlik ancha vaqt oldi, chunki shlemlarimizdagi aloqa yaxshi ishlamayotgan ekan. Busiz biz raketa ichidagi hamkasblarimiz bilan muloqot qila olmasdik”, - deydi u.

Suv sathidan bor-yo’g’i 19 metr pastda yashayotgan bu fazogirlar “Akvarius”dan har safar chiqqanida dekompressiya qilishga majbur emas va suv ostida ham uzoqroq qolishi mumkin.

Fazogirlar laboratoriyada inson salomatligi va xulq-atvorini ham tekshiruvdan o’tkazmoqda.

“Hammamizda maxsus asboblar bor, ular bir-birimizga yaqinligimiz va bir-birimiz bilan muloqotlarimizni qayd etib boradi. Maqsad – yopiq joyda insonlar nima qilishini o’rganish va kelajakda buni haqiqiy parvozlarda qo’llash”, - deydi fazogir Tomas.

“Akvarius” missiyasiga to’rt fazogirdan tashqari, texnik masalalar uchun mas’ul ikki “akvonavt” ham jalb etilgan. Ular suvosti laboratoriyasi bo’yicha puxta bilimga ega, kemadagi jihozlar nuqsonsiz ishlashini muntazam kuzatib borishadi.

Missiya rahbari yaponiyalik astronavt Akihiko Hoshide jamoa har qanday holat uchun tayyor ekanini aytadi.

“Texnik xodimlar asosiy kuchimiz. Biz ishimizni bajaramiz, lekin ular yordamisiz hech narsa qila olmaymiz”, - deydi u.

“Akvarius” suvosti laboratoriyasi Florida xalqaro universitetiga tegishli.

NEEMO loyihasidan maqsad astronavtlarni fazodagi parvoz chog’ida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan favqulodda vaziyatlarga tayyorlashdan iborat.

Your browser doesn’t support HTML5

Okean ostidagi fazogirlar - Underwater Astronauts

Your browser doesn’t support HTML5

AQShning yangi fazo kemalari 2017 - NASA Space Travel