Ramzan Qodirov hali ham Putinning erkatoyimi?

  • Amerika Ovozi

Ramzan Qodirov 10 yildan oshibdiki, Chechenistonni boshqarib kelmoqda. Rossiya rahbari Vladimir Putin uni shaxsan bu lavozimga tanlagan. Qodirov bugun nafaqat nufuzli siyosatshi balki teleyulduz va sportchi hamdir.

Lekin ko'plab tahlilchilar nazarida Chechenistondagi asl muammolar chetda qolib ketmoqda. O'lka boshqaruvi repressiyaga asoslangan va qonunbuzarliklar Ramzon Qodirovning boshqa qilmishlari bilan yopilib ketmoqda, deya tanqid qiladi ayrim siyosatdonlar. Ular nazarida Qodirov uyushgan jinoyatchi sifatida ish tutadi. Qotilliklar, huquqbuzarliklar, qiynoq va bosim - Chechenistonda oddiy hol.

Rossiya muxolifati Ramzan Qodirovni korrupsiyaga botgan tuzum tepasidagi diktator deb biladi. Moskva bundan xabardor, deydi ekspertlar. Kreml Qodirovni istagan payt ishdan olishi, yo'q qilishi yoki ovozini o'chirishi mumkin. Biroq, deydi tahlilchilar, Putin Chechenistonni tinch saqlash uchun Qodirovdek inson xizmati muhim deb hisoblaydi.

Checheniston uning davrida ancha rivojlandi. Qonli urushlardan keyingi vaqt mobaynida shahar va qishloqlarning qiyofasi o'zgardi. Yevropadagi eng katta masjid hozir Grozniyda. Separatist kuchlar hali ham bor biroq oldingidek faol emas.

Shu yilning sentabr oyida Qodirov prezidentlikka 98 ovoz bilan qayta saylandi. Undan sal oldin esa "Komanda" degan TV shou boshladi. Unda 16 kishi Qodirovning yordamchisi vazifasi uchun kurashadi. Qatnashchchilar Checheniston rahbari qo'lida ishlash imkoniyati uchun har narsaga tayyor. .

Qodirov haqidagi xabarlar shu qadar ommabopki, boshqa muhim mavzularga e'tibor past. Masalan, Gollandiya rasmiylari ikki yil oldin Ukraina osmonida Malayziya yo'lovchi samolyoting otib tushirilgani rus separatistlari amalga oshirgan jinoyat deb xulosa qilgani chetlab o'tildi. O'shanda 298 kishi halok bo'lgan.

Buning o'rniga Qodirovning 40 yoshga dabdabali nishonlandi. Bolalar uchun sport musobaqalari o'tkazildi. Ularda Qodirovning uch o'g'li g'olib deya e'lon qilindi. O'yinlar noxolis o'tgani, sport qoidalari buzilgani aytiladi.

Rossiyadagi ijtimoiy-siyosiy muhit bilan yaxshi tanish Pol Gobl fikricha, Qodirov Putinning erkatoyi.

"U o'z chegarasini biladi lekin bor imkoniyatdan ham yaxshi foydalanishga harakat qiladi", - deydi Gobl.

Yevropada faoliyat yurituvchi olim Emil Aslan Suleymanov tahlilicha esa Qodirov qachon nima qilishni va nima deyishni biladigan arbob. Qo'rqinch, muhabbat, hajviya va jiddiylikni qanday qilib ishga solishni puxta o'rgangan; sharqona madaniyat deya ishini bitiradi, deydi u.

Checheniston markazdan doimiy iqtisodiy yordam oladi. Qodirov va uning atrofidagi odamlar boylikda hayot kechiradi. Uylari koshona va qimmat mashina kolleksiyasi bor.

Qodirov qotillik mashinasini boshqaruvchi lider deya ayblanadi. Kremlga yoqmaydigan odamlari yo'q qilish unga topshiriladi, deydi muxolifatchilar. 2015-yilda Moskvada sobiq bosh vazir Boris Nemtsov o'ldirilgan. Uni aynan chechenlar o'qqa olgan, degan gumon mavjud.

Chechenistondagi jinoyatlarni yoritib tanilgan jurnalist Anna Politkovskaya 2006-yilda Moskvada otib o'ldirilgan edi. Besh kishi bu jinoyatda ayblanib sudlangan biroq aslida bu ish ortida Qodirov turibdi, deya bu borada izlanishlar olib borgan muxbirlar.

Politkovskaya "Novaya Gazeta" ga ishlar edi. Bu nashr hali ham mustaqil lekin mamlakatda u singari vositalar deyarli qolmagan. Gazeta yaqinda Qodirovning hokimiyatdagi kunlari sanoqli deya xabar berdi.

"Novaya Gazeta" ga ko'ra, Checheniston rahbari va Federal Xavfsizlik Xizmati chiqishmay qolgan. Qodirov ichki ishlar va federal organlarni o'lkadan siqib chiqarib, butun xavfsizlik tizimini o'zi nazorat qilishga urinmoqda. Lekin, deya eslatadi ekspertlar, Kreml xohlasa, Qodirovni yo'q qilish qiyin emas.

Igor Sechin, "Rosneft"rahbari

Igor Sechin, "Rosneft"rahbari

Prezident Putinga yaqin odam, "Rosneft" rahbari Igor Sechin Checheniston boshlig'ini yoqtirmaydi va uni ishdan olish kerak degan fikrda, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan siyosatdonlar. Sechin Rossiyada qudratda Putindan keyingi ikkinchi o'rinda ekani aytiladi.

Checheniston neftga boy va Qodirov bu resursga xo'jayin ekanini ta'kidlab keladi. Sechin bilan kelishmovchilik davom etmoqda.

Garvard universitetidan olim Mark Kreymer deydiki, Rossiya Qodirovdan qutula olmaydi. Chunki, deydi u, uning o'limi yoki qamalishi Chechenistonda norozilikni oshirib, o'lkani beqarorlashtirishi mumkin. Odamlar Qodirovdan qo'rqadi lekin o'rganib ketgan; xalq yangilikni salbiy qabul qiladi, deydi Kreymer.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG