Huquq tashkiloti: Buxoroda organlarga pora bermayman degan tadbirkor qiynoqdan o'lgan


Dahshatli voqea Buxorodagi Milliy Xavfsizlik xizmati rahbarlarining jinoiy kirdikorlariga qarab ketmoqda",- deydi huquq himoyachisi Mo'tabar Tojiboyeva

Dahshatli voqea Buxorodagi Milliy Xavfsizlik xizmati rahbarlarining jinoiy kirdikorlariga qarab ketmoqda",- deydi huquq himoyachisi Mo'tabar Tojiboyeva

O'zbekistonda huquq tartibot organlaridagi poraxo’rlikni fosh qilishga jazm etgan tadbirkor qamoqxonada qiynoqlardan o’lgani haqida xabarlar bor. Ma’muriy javobgarlikka tortilgan 48 yoshli Ilhom Ibodovning o’limiga sabab rasman yurak xuruji deb ko’rsatilgan. Huquq himoyachilariga ko’ra esa qamoqxonadan chiqqan navbatdagi jasad mamlakatda qiynoqlar muntazam qo’llanishini tasdiqlovchi dalillardan biridir.

Buxoroda biznes qilgan shaxs tegrov paytida vafot etgan. Ibodov ma’muriy huquqbuzarlikda ayblanib 15 sutkalik qamoq jazosini o’tayotgan bo’lgan.

Ilhom Ibodovning tergov izolyatoridagi o’limi huquq tartibot organlariga pora berishdan bosh tortish, tadbirkorlik faoliyati davomida bergan poralari haqidagi ma’lumotlarni ochiqlagani bilan bog’liq, deydi uning taqdiri bilan tanish faollar.

Voqea o’tgan yili sodir bo’lgan. Ibodovning yaqinlari ancha payt sukut saqlashgan. Buxoro viloyati Milliy xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar boshqarmasi vakillari uni qiynoqqa solgani da’vo qilinmoqda. Qiynoq jarayoniga o’ta xavfli jinoyatda ayblanib jazo o’tayotgan mahkumlar ham jalb qilingan, deydi huquq himoyachilari.

Bu masalani o’rganib chiqayotgan tashkilot “O’t yuraklar klubi” rahbari Mo’tabar Tojiboyevaning “Amerika Ovozi” ga aytishicha, jasadni qayta tekshirish taklifi olg’a surilmoqda.

“Aka-uka Ibodovlarning militsiyaga bo’ysinmaslik aybi bilan hibs qilinishi va oxir oqibat Ibodov o’limi bilan tugagan qiynoqlar Buxorodagi MXX rahbarlarining jinoiy kirdikorlariga qarab ketmoqda. Buxorodagi tadbirkorlarga o’tkazgan bosimlarga qarshi o’z fikrini aytmoqchi bo’lgan Ibodovni hibs qilishdan maqsad uni o’ldirish bo’lgan, chunki uning qo’lida amaldorlarga qarshi kompromat materal bo’lgan. Huquq tartibot vakillari undan muntazam pora talab qilib kelishgan. So’nggi bor pora berishi paytida u bu oxirgisi, agar yana talab qilsanglar tegishli malumotlarni davlat idorlariga topshiraman deb aytgan. Shundan so’ng u hibsga olingan. Diqqatlisi, qamoqxonadagi o’ta xavfli jinoyatchilarni ma’muriy jazo o’tayotgan aka-uka bilan bir kameraga qo’yib, ular orqali qiynashgan”, - deydi Tojiboyeva.

Buxorodagi savdo majmuasida bir nechta do’konlarga ega bo’lgan Ilhom Ibodov akasi bilan birga 2015-yilning 16-avgustida hibsga olinadi. Dastlab 10, keyinchalik yana 15 sutkalik qamoqda ushlanadi. 13-sentabrda esa uning o’ligi yaqinlariga qaytariladi.

Marhumning yaqinlari shu paytgacha O’zbekiston idorlaridan adolat izlashgan. Umidi yo’qqa chiqqach bu voqea haqida gapirishga, dahshatli qiynoq alomatlarini ko’rsatuvchi foto va video materiallarni ochiqlashga qaror qilishgan.

“Ilhom 12-sentabr kuni o’lgan, 13-sentabr kuni uning o’ligini yurak xurujidan o’ldi degan tashxis qo’yib, olilasiga qaytarishgan va zudlik bilan ko’mishni talab qilishgan. Lekin oila a’zolari baribir jasorat ko’rsatib, Ilhom Ibodovning momataloq bo’lib yotgan badani, kesilgan, shilingan terisi, barmoqlariga, tovonlariga bigiz tiqilganini isbotlovchi suratlar, video meteriallarni bizga taqdim etishdi”, - deydi huquq himoyachisi.

Tojiboyevga ko’ra aka-uka Ibodovlarning ishi savdogarlar va huquq tartibot organlari munosabatga taqaladi. Marhum pora berishda davom etganida, bergan poralarini ochiqlashga jazm etmaganida, ehtimol ayanchli o’limdan qutilib qolishi mumkin edi.

“Aka-ukaga tayinlangan 25 kunlik qamoq muddati tugashida qonunga xilof ravishda MXX izolyatoriga olib borilgan, tinimsiz qiynoq ko’rsatilgan. Oxirgi kun 12-sentabrda Ilhom o’ladigan holda kelgan bir paytda unga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida qamoqda qoldirish ajrimi chiqarilgan. Ajrim chiqqan kuni uni izolyatorda ayovsiz, ovozi chiqmay qolganicha kaltaklashgan”, - deydi Tojiboyeva.

O’zbekiston qamoqxonlaridan mahbuslar jasadi chiqishi muntazam kuzatiladi. Aksariyat hollarda diniy ayblovlar bilan qamalganlarga nisbatan bunday munosabatda bo’linadi.

Qiynoq qo’llash - mamlakatdagi barcha qatlamlar ustidan nazorat o’rnatgan huquq tartbibot organlari uchun asosiy bosim vositasi, deydi huquq himoyachilari.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG