Barak Obama tashqi siyosatiga qanday baho berasiz?

  • Amerika Ovozi

Barak Obama Oq uyni tark etmoqda. Uning sakkiz yillik prezidentlik davri tashqi siyosat nuqtai nazaridan nimasi bilan esda qoladi? Ayrimlar al-Qoida rahbari Osama bin Ladenning o’ldirilishini, boshqalar Yaqin Sharqdagi urush-to’polonlarni tilga oladi.

Qo’shma Shtatlar nega Suriyadagi qon to’kilishlarni to’xtatishga erisha olmadi? Nega qattiqroq harakat qilmadi? Prezident Obamaga bu savolni ko’p berishgan.

Yillar davomida Obama Suriyadagi fuqarolik urushiga chek qo’yishga harakat qildi.

“Men prezident sifatida yuzlashgan eng murakkab masalalardan biri shu. Xunrezlik uchun avvalo Assad rejimi javobgar, shuningdek, uning ittifoqchilari Rossiya va Eron”, - deydi AQSh rahbari.

Obama Iroq va Afg’onistondagi missiyalarni yakunlab, askarlarni vatanga qaytarishga va’da bergan edi. Va’da bajarildi.

Tahlilchi Brayan Katulisga ko’ra, Obama Bush ma’muriyatidan meros qolgan murakkab bir vaziyatdan chiqib oldi.

“Obama Oq uyga chuqur bir inqiroz paytida kelgan edi. Iroq va Afg’onistondagi urushlarning keti ko’rinmaydigan davrlar. Prezident jadval belgilab, urushlarga yakun yasadi. Minglab askar uyga qaytdi”, - deydi u.

Boshqalar fikricha esa Obamadan notinch dunyo meros qolmoqda.

“Amerika o’zini dunyodan uzib qo’ydi, ittifoqchilik rishtalari zaiflashdi. Yetakchilik deganda ortiq bizni tilga olishmayapti. Yaqin Sharqni oling, Yevropa yoki Osiyoni oling, ishtirokimiz sust, e’tiborimiz past”, - deydi siyosatshunos Jeyms Karafano.

Xizmatini tugatayotgan Obama va yangi Prezident Donald Tramp allaqachon bir qancha masalalarda tortishib ulgurdi. Masalan, Rossiyaning AQShdagi saylovlarga aralashuvi, Eron yadro kelishuvi, Xitoyga nisbatan siyosat hamda Guantanamo turmasini yopish bo’yicha. Obama Trampga qanday maslahat beradi?

“Tashqi siyosat haqida gapirganda yangi prezidentga maslahatim – qarorlarni sistematik ravishda, o’ylab, mulohaza va aniq maqsad bilan qabul qiling. Uning maslahatchilari har bir masala yuzasidan nima ishlar qilinganini obdon o’rganib chiqsin”, - deydi Obama.

Ammo Tramp hali prezidentlikka kirishmasidanoq xorijiy rahbarlar bilan ilk uchrashuvlarida birovning maslahatiga muhtoj emasligini aytmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG