Breaking News

Suriyaga hujum: Markaziy Osiyo davlatlari kim tomonda?


G'arb hujumlari ketidan, Duma shahri, Suriya

Markaziy Osiyo Suriyaga qilingan raketa hujumlar yuzasidan hozircha sukutda. BMT Xavfsizlik Kengashiga vaqtinchalik a’zo Qozog’iston va Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi (KXSh) tashkiloti tomonidan qilingan bayonotlar bundan mustasno. Rossiya yetakchiligidagi bu harbiy blok Suriyaga hujumlarni keskin qoralagan bo’lsa-da, unga va ayni paytda BMT Xavfsizlik Kengashiga ham a’zo Qozog’istonning Suriya bo’yicha Rossiya rezolyutsiyasini yoqlamadi.

Ostona, Bishkek, Ashgabat, Dushanbe va Toshkent ham hukumatlar darajasida AQSh yetakchiligidagi ittifoqchilar tomonidan Suriyaga qilingan raketa hujumlari bo’yicha hozircha biror rasmiy bayonot qilmagan.

13- aprel kuni AQSh rahbari Donald Tramp Suriyada kimyoviy qurollar ishlab chiqilishiga aloqador obyektlariga qarshi raketa hujumlari amalga oshirilganini e’lon qildi. Harbiy amaliyot Suriya hukumati isyonchilar joylashgan hududda kimyoviy gaz qo’llashi, o’nlab aholining gazdan zaharlanib halok bo’lishiga javoban o’tkazilgani aytildi.

AQSh, Britaniya, Fransiya birga amalga oshirgan bu hujumlarni dunyoning ko’plab davlatlari yoqlab chiqdi. Xalqaro maydonda keng muhokama qilinayotgan bu hujumlar yuzasidan sukut saqlayotgan, betarafligini iddao qilayotgan davlatlar ko’p.

KXShga O’zbekiston va Turkmanistondan tashqari mintaqaning barcha davlatlari a’zo.

KXSh doimiy kengashining favqulodda yig’ini Suriyada kuzatilgan raketa hujumlari ortidan chaqirilgan. Elchilar darajasidagi bu yig’in AQSh yetakchiligidagi raketa hujumlarini keskin qoralagan.

“AQSh yetakchiligida Britaniya, Fransiya yordamida amalga oshirilgan bu hujumlar nafaqat mintaqadagi, balki dunyodagi vaziyatning ham keskinlashishiga xizmat qiladi”, - deyiladi KXSh bayonotida.

Sharhlovchi Namoz Normo’min deydiki, mintaqa davlatlari rasman mojaro yuzasidan sukutda turgan bir paytda Moskva yetakchiligidagi harbiy blokning bayonoti Rossiya xalqaro maydonda yolg’iz emasligini ko’rsatib qo’yishga qaratilgan.

“KXSh bu mintqa hududlarini ham qamrab oladigan rasmiy, harbiy tashkilot. Rossiya bu bilan shu tashkilotdagi o’z kuchini ham namoyish qilmoqchi, ya’ni men yolg’iz emasman Suriya masalasida, ittifoqchilarim bor degan ma’noda chaqirilgan KXSh majlisi ham”, - deydi tahlilchi.

Prezident Bashir Assadning ittifoqchisi, Suriyadagi harbiy amaliyotlarda bevosita ishtirok etib kelayotgan Rossiya tomonidan Suriyga berilgan havo zarbalari mustaqil davlatga nisbatan agressiya deb baholandi.

Rossiya Suriyaga raketa hujumlari ortidan BMT Xafsizlik Kengashining favqulodda yig’inini chaqirdi. Bu yig’inda Rossiya tayyorlagan rezolyutsiya - Suriyaga qilingan raketa hujumlarini qoralovchi hujjat tasdiqlanmadi. Rossiya, Boliviya, Xitoy rezolyutsiyani yoqlagan bo’lsa, Kengashning aksariyat a’zolari qarshi ovoz berdi. Ayni paytda Xavfsizlik Kengashini vaqtinchalik a’zosi bo’lgan Qozog’iston rezolyutsiya uchun ovoz bermagan, betaraflar qatorida qolgan.

Namoz Normo’minga ko’ra hamisha Rossiyani yoqlab kelgan Qozog’iston tomonining rezolyutsiya bo’yicha sukut saqlashining o’zi mintaqaga xos bo`lmagan farqli ovozdir:

“Qozog’iston Rossiyaning taklifiga tarafsiz qoldi, ya’ni bu ovoz aynan Rossiyaning G’arb kuchlarini qoralash maqsadida kirtilgan taklifiga nisbatan tarafsiz qolmoqda. Yangilishmasam, mintaqa davlatlari har doim Rossiyani qo’llab kelishgan, ayni paytda Rossiya uchun o’ta dolzarb bo’lib turgan masalaga nisbatan tarafsiz qolish shu ma’noda avval kuzatilmagan munosabatdir. Bu aynan shunisi bilan butin Markaziy Osiyo uchun ham farqli qadamdir”, - deydi Namoz Normo’min.

Qozog’istonni Xavfsizlik kengashidagi doimiy vakili Kayrat Umarov Suriyadagi vaziyat yuzasidan qilgan bayonotida Qozog’iston vaziyat keskinlashuvidan jiddiy xavotirdaligi, inqiroziga tortilgan tomonlar xalqaro me’yorlarga rioya qilish zarurligi haqida gapirgan.

Suriyadagi voqealar, shu jumladan, kimyoviy qurol ishlatilishiga javoban amalga oshirilgani aytilayotgan raketa hujumlari ham Markaziy Osiyo hukumatlari darajasida sukut bilan qarshilaganiga qaramasdan jamoatchilik miqyosida faol munozara qilinayotgan mavzulardan biri.

“Jamoatchilikning munosabati Suriyada turli kuchlar to’qnashayotganidan qat’iy nazar aziyat musulmonlar chekiga tushayotgani bilan bog`liq. Shu ma’noda u yerda bo`layotgan voqealarga musulmonlarning umumiy munosabati salbiy. Albatta Assad hukumati bu zolimdir. Mana Turkiya ham raketa hujumlarini Asadga berilgan zarba deb bayonot berdi. AQSh chiqaman degan edi Suriyadan, yana chiqmaydigan bo’ldi, xullas hammasi izdan chiqqan. Musulmonlar duoda bo‘lishyapti asosan vaziyat yaxshi tomonga o’zgarishini tilab”, - deydi Normo’min.

13- aprel kuni AQSh Fransiya va Britaniya ittifoqchiligida Suriyadagi kimyoviy qurolga aloqador obyektlar bo’ylab raketa hujumlari amalga oshirdi. AQSh prezidenti Donald Tramp raketa zarbalari Assad hukumati o’z xalqiga nisbatan kimyoviy qurol ishlatgani uchun amalga oshirilganini aytdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG