Breaking News

AQSh, Britaniya va Fransiya: Suriyada havo hujumlari


Oq uy, 13-aprel, 2018

Vashington, London va Parij bir yoqadan bosh chiqargan holda Suriyada kimyoviy hujumlarni to'xtatmoqchi. Uchala mamlakat havo kuchlari Suriyadagi qator obyektlarni bomdardimon qildi. Pentagonga ko'ra, missiya yakunlandi lekin ittifoqchilar ogoh. Asosiy maqsad - tuzumni harbiy salohiyatdan, xususan kimyoviy qurollardan ayirish. Yaqinda ro'y bergan kimyoviy xurujlar ortida, deydi G'arb rahbarlari, Bashar al-Assad turibdi.

Prezident Assad buni inkor etib keladi. Uning fikricha, Amerika, Britaniya va Fransiyaga undan qutulish va Suriyani egallab olish uchun bahona kerak. 2011-yildan beri urush domiga tortilgan mamlakatda iqtisodiy va siyosiy vaziyat og'ir. Hozirgacha yarim millionga yaqin odamning yostig'i qurigan.

AQSh Suriyada 2000 zobitga ega. Ular Suriya Demokratik kuchlari degan qo'shinga ko'maklashadi, uning a'zolarini harbiy tayyorgarlikdan o'tkazadi. Bu kuchlar kurdlar va boshqa muxolif guruhlardan iborat.

Assad o'z hukumatiga qarshi taraflarga qarshi kurash avjida ekanini tan oladi, lekin, deydi u, hech kimga qarshi kimyoviy moddalar qo'llanmayapti.

Prezident Donald Tramp deydiki, Vashington va uning ittifoqchilari Assadga nisbatan bosimni kuchli darajada ushlab turishga bel bog'lagan. Damashq va uning homiylari, Rossiya va Eron, G'arbga qarshi propagandani kuchaytirishi ayon, deydi AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis, lekin ayb aslida diktator Assadda.

Bugungi kabi hujumlar qilish uchun Oq uy Kongressdan ruxsat so'rashi shart emas, lekin uni ogohlantirishi lozim. Prezident Tramp yetakchi qonunchilar bilan harakatlardan oldin gaplashgan.

VIDEO: Prezident Tramp bayonoti, ingliz tilida

President Trump Announces Strikes Against Syria
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:40 0:00

O'tgan hafta Duma shahrida 40 kishi halok bo'lgan. Fuqarolar ularning o'limida hukumatni ayblamoqda. Kimyoviy qurollar xalqaro qonunlarda man etilgan. Suriyada avval ham bunday hollar kuzatilgan. Assad o'shanda ham aybni rad etgan va ularni qo'llamaslikka so'z bergan.

Britaniya Bosh vaziri Tereza Mey deydiki, xalqaro hamjamiyat oldida Suriya hukumatining tegishli obyektlarini havodan nishonga olishdan boshqa yo'l yo'q. Tinch yo'l bilan uni kimyoviy xurujlardan to'xtatish mumkin emas, deydi Mey. Bu harakatlar bilan G'arb urushga aralashmoqchi emas yoki Assadni hokimiyatdan ag'darmoqchi emas. Kimni davlat boshiga qo'yish va tinchlikka erishish Suriya xalqi qo'lida, deydi Britaniya rahbari.

Damashq osmoni
Damashq osmoni

Damashqda bir necha harbiy baza vayron qilingan. Suriya havo kuchlari javob berayotgani ma'lum.

Prezident Tramp Oq uydan turib bu qarorni e'lon qilar ekan, Rossiya va Eron, Suriyaning homiylari, uni bu vahshiyliklardan to'xtata olmadi, dedi. Rossiya 2013-yilda Assadni bu yo'ldan qaytarishni va'da qilgan edi. Trampga ko'ra, Moskva so'zining ustidan chiqmagan.

"Assadning kimyoviy hujumlari va biz ko'rayotgan chora Rossiya o'z bo'yniga olgan ishni bajarmaganidan dalolat", - dedi Tramp.

Bir yil oldin Suriyaning bir havo aerodromi Amerika tomonidan bir bor qattiq nishonga olingan edi. Bu hujum samara bermagan, deydi siyosatdonlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG