Breaking News

AQSh Savdo vaziri Uilbur Ross O'zbekistonni iqtisodiy erkinlikka undadi


AQSh Savdo vaziri Uilbur Ross Toshkentda Prezident Mirziyoyev bilan, 23-oktabr, 2018

23-oktabr kuni Toshkentda O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan muloqot qilgan AQSh Savdo vaziri Uilbur Ross nazarida mamlakatda taraqqiyotni ta'minlashning eng katta sharti iqtisodiy erkinlikka yo'l ochishdir. Aholi hayotini yaxshilash, har bir jabhada oldinga siljish uchun xususiy sektor ravnaq topishi kerak, deydi Ross.

O'zbekiston-Amerika biznes forumida so'zlar ekan, Ross respublikada siyosiy-demokratik islohotlar avjida, deya maqtadi.

Biznes va sarmoya muhiti yaxshilansa, fuqarolar uchun imkoniyat kengayadi, bu esa iqtisodni kuchaytiradi, bu esa butun Markaziy Osiyo uchun foyda, deydi Ross.

Prezident Mirziyoyev shu yilning may oyida Vashingtonga tashrif buyurganida Oq uy yonidagi tarixiy mehmonxonadagi ziyofatda Ross u bilan yonma-yon o'tirib, gaplashgan.

Vashington respublikaning Jahon Savdo Tashkilotiga kirishini quvvatlaydi va bu borada yaqindan yordam bermoqchi.

Vazir fikricha, Mirziyoyev iqtisodiy erkinlik nima ekanini tushunadi va qarorlari bilan aynan shu yo'ldan bormoqda.

Bizneslarning o'ziga ishonchi oshsa, ko'proq odam yollaydi, yangi loyihalarni sinab ko'radi, yangi texnologiya sotib oladi, izlanadi - bular esa samaradorlikni oshiradi, daromad ko'tariladi, davlat xazinasiga tushayotgan soliq hajmi ortadi, deya mulohaza bildirdi Ross Toshkentdagi nutqida.

Amerika savdo vaziri nazarida O'zbekiston bugun yangi g'oyalar bo'yicha mintaqada yetakchi. Aynan iqtisodiy va tijoriy hamkorlikni jadallashtirishda ham Toshkent jonbozlik ko'rsatmoqda, deydi u, respublika Tashqi savdo vazirligi faoliyatini yuqori baholar ekan.

Vashington nafaqat Markaziy Osiyoning besh mamlakati bo'ylab balki Afg'oniston bilan ham tijoratni kengaytirish yo'lida O'zbekiston bilan sherik ekanini bildirar ekan, Ross 17-18 oktabr kunlari o'tgan forumda 25 davlatdan 600 dan ortiq rasmiy va ishbilarmon kelgani tarixiy voqea deya bong urdi.

Forumda 54 million dollarga teng kelishuvlar qilingan va Amerikaning "General Motors", "General Electric", "Visa", "Procter&Gamble", "Citibank", va "Coca-Cola" singari kompaniyalar qatnashgan.

AQSh O'zbekistondagi ijobiy qadamlardan xursand, lekin qilinadigan ishlar hali talay, deydi Ross.

Oshkoralik va qonun ustuvorligi ta'minlanishi zarur, deydi Amerika rasmiysi. Davlat o'ziga kerakli ashyolarni qay yo'llar bilan xarid qilishidan tortib, bojxona faoliyati, intellektual mulk himoyasi, soliq va nazorat, eksport va import tizimi hamda sarmoyador huquq va manfaatlarini ko'zlovchi choralar - respublika bu yo'nalishlarda katta o'zgarishlarga muhtoj.

Iqtisod ustidan davlat nazorati xususiy sektorni o'stirmaydi. Erkin bozor, erkin iqtisodgina odamlarni tadbirkorlikka undaydi, deydi AQSh savdo vaziri.

Tizim shunday ishlashi kerakki, bizneslar qoqilib, yana qayta tura olishi mumkin bo'lsin. Tadbirkor ba'zida yutqazadi, lekin xatolarini tuzatib, yana biznes qila olishi uchun zarur zamin yaratilishi kerak, deydi Ross. Shundagina iqtisod gurkirashi uchun chora ko'rildi, deya olasiz.

Katta kompaniyalarning inqirozga yuz tutishi ham erkin iqtisodda tabiiy hol. Muhimi ular yangi ko'rinishda qaytishi mumkin. Ularning o'rnida boshqa bizneslar paydo bo'ladi.

"Apple", "Google", "Amazon" va "Facebook" singari kompaniyalar yerto'la va garajlarda ildiz ota boshlagan, deya eslatdi Ross. Bugun bu bizneslar global qudratga ega, ularsiz jahon iqtisodiyotini tasavvur qilish qiyin.

Iqtisodiy erkinlik har bir davlat uchun eng muhim talab, deya urg'u beradi Ross.

Hukumat biror katta ishni amalga oshirishni o'z tasarrufidagi kompaniyalarga bermay, adolatli tanlov va oshkora jarayon asosida xususiy sektorga buyurishi kerak.

Amerika qonunlari korrupsiyaga qarshi keskin choralar tatbiq etgani uchun ham AQSh bizneslariga ishonch yuqori, deydi Ross. Adliya vazirligi biznes jinoyatlarni tekshirishda yetakchi.

O'zbekistonning aynan Amerika bilan biznes qilishi respublika tizimini yaxshilaydi, uning mutaxassis va tadbirkorlari malakasi va bilimini oshiradi hamda mamlakat xususiy sektorini mustahkamlaydi, deydi AQSh savdo vaziri.

O'zbekiston, Vashington undayotganidek, Amerika hukumati va xususiy sektori bilan yaqindan hamkorlik qilishga shay.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG