Breaking News

Anas Haqqoniy Tolibon uchun nega muhim?


Anas Haqqoniy aslida o'lim jazosiga hukm qilingan edi

Xabarlarga qaraganda, o'limga mahkum etilgan Anas Haqqoniy ozod etilgan va Qatarga qaytgan. U yerdan turib, Tolibon bilan ishlashda davom etishi mumkin. Afg'on xalqiga bundan ne foyda, deya so'ramoqda hukumat qaroridan norozi fuqarolar.

Anas Haqqoniy Tolibon harakatining muhim a’zosi sanaladi. Prezident Ashraf G’ani bu qaror xalqaro sheriklar bilan muzokara asosida qabul qilinganini bildirgan. G’anini olqishlagan AQShning Kobuldagi elchisi Jon Bass nazarida hukumatning bu qadami urush to’xtatilishiga yordam berishi mumkin.

Lekin ayrim qonunchilar nazarida mahbuslarning bunday ozod etilishi xavfsizlikni ta'minlamaydi.

“Sulh bahona... 850 nafar tolibning ozod etilgani xafvsizlikka nima foyda keltirdiki, bunisi o’z hissasini qo’shsa”,- deydi xalq vakili Nilufar Ibrohimiy.

Biroq boshqalar fikricha, toliblar bilan tinchlikka erishish, uzoq yillik mojaroni tugatish va birdamlikni ta'minlash ba'zida mana shunday qaltis qadamlar qo'yishni ham talab qiladi. Hukumat murosa qilishga majbur, deydi bu tomon.

Lekin aynan Anas Haqqoniy Tolibon harakati uchun nega muhim?

Anas Haqqoniy - Pokistonda asoslangan Haqqoniy tarmog’ining asoschisi Jaloliddin Haqqoniyning kenja o’g’li. U kompyuter sohasida mutaxassis va shu borada Tolibonga katta yordam berib kelgan.

Boshqa tomondan Anas Haqqoniy oilada gapi ikki bo’lmaydigan farzand ekani ham aytiladi. Haqqoniy oilasi toliblarga kerak ekan, uning ozod etilishi harakat uchun ulkan yutuq. Bu borada toliblar afg'on hukumati va AQSh bilan uzoq gaplashdi. Murosa qilindi.

Ayrim kuzatuvchilar nazarida aslida Anas Haqqoniyning ozod etilishida Afg’oniston hukumati deyarli hissa qo’shmagan. AQSh buyrug'i bajarildi xolos, deydi ular.

“Bu kelishuv Pokiston, Tolibon va Amerika o’rtasida bo’lgan. Afg’on hukumatining ulushi oz. Bunday holatlar guruhlarning asir olish jarayonini yanada kuchaytiradi. Ularni xorijiy fuqarolarni asir olishni yanada tashviq qiladi. Yashil chiroq bu”,- deydi tahlilchi Asadulla Nadim.

Anas Haqqoniy Qatarga qaytgan. Tolibon bilan yaqindan islashda davom etishi mumkin degan xavotirlar kuchli.
Anas Haqqoniy Qatarga qaytgan. Tolibon bilan yaqindan islashda davom etishi mumkin degan xavotirlar kuchli.

Arab davlatlaridan Tolibonga moliya jalb qilgan Anas Haqqoniy Qatarda yashagan. Lekin Afg'onistonga qaytishi mumkin. U singari liderlar hozir harakatga kerak, deydi Tolibon faoliyati bilan tanish afg'onlar.

Anas Haqqoniy Tolibon reklamalarini ishlab chiqar edi. Internet va ijtimoiy tarmoqlardan kuch to’plash borasida yordami zarur, deydi Nadim.

“Anas Haqqoniy kompyuter bo’yicha o’qimishli odam. Faoliyatni qayta boshlaydi”, - deya taxmin qiladi bu afg'on.

Anas Haqqoniyni Afg'oniston Oliy sudi o'ta og'ir jinoyatlarda aybdor deb topib, o’lim jazosiga hukm qilgan edi. Lekin Prezident G’ani mamlakatda o’lim jazosiga qarshiv farmon chiqargan.

Haqqoniyning qo'yib yuborilishi tuzumga, xususan adliya tizimiga nisbatan ishonchni yanada tushirib, shundoq ham past bo'lgan hukumat mavqe'ini yerga uradi, deydi tahlilchi Asadulla Nadim.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG