Breaking News

Tramp: Jangchilarimizni himoya qilamiz


Prezident Tramp Oq uyda Bolgariya Bosh vaziri Boyko Borissov bilan, 25-noyabr, 2019
Prezident Tramp Oq uyda Bolgariya Bosh vaziri Boyko Borissov bilan, 25-noyabr, 2019

Prezident Donald Tramp fikricha, urush maydonida xatolari yoki noqonuniy harakatlari yuzasidan javobgarlikka tortilgan zobitlar ishini qayta ko'rib chiqish kerak. Yaqinda u mana shunday hollardan biriga aralashgan. Tramp Iroqda "Islomiy davlat" bilan kurashda jinoyat qildi, deya sudlangan maxsus jangchi Edvard Gallagerni himoya qilib chiqdi.

Prezident AQSh Harbiy dengiz floti rahbari Richard Spenserni ishdan oldi. Lekin bu yuqoridagi ishga aloqador emas, deydi Tramp. Spenserning o'rniga boshqa odamni tanlash lozimligi haqida u anchadan beri o'ylab yurganini aytadi.

Oq uy Mudofaa vaziri Mark Esperdan turli jinoyatlarda ayblanib, javobgarlikka tortilayotgan askarlar taqdiriga alohida e'tibor qaratishni so'ragan.

Gallager 2017-yilda Iroqda o'smir bolaning jasadi oldida suratga tushgan. Sud uni bunda aybdor deb topib, maqomini pasaytirgan.

Tramp aralashib, uning maqomini tikladi va maoshini ham qaytardi. Lekin Mudofaa vazirligi, xususan, harbiy dengiz floti rasmiylari va kuni kecha ishdan olingan Spenser nazarida, Gallager qilmishlari uchun javob berishi kerak. SEAL nomi ostida tanilgan maxsus zobitlar o'ta chiniqqan, har tomonlama mukammal va kuchli harbiylar sanaladi.1962-yilda yaratigan bo'limna a'zolari dengiz, havo va yerda har qanday tahdidga qarshi kurashga qodir mutaxassislar sifatida tayyorlanadi. Amerikaning eng murakkab harbiy amaliyotlarini odatda ular bajaradi.

Richard Spenser AQSh Harbiy dengiz floti rahbari lavozimidan olingan
Richard Spenser AQSh Harbiy dengiz floti rahbari lavozimidan olingan

Mudofaa vaziri Esper deydiki, prezidentning askarlarni himoya qilishga haqqi bor, chunki u bosh qo'mondon.

Spenser lavozimini tark etayotganida yozgan maktubida hukumatni qonun ustuvorligi, inson huquqlari va adliyani hurmat qilishga undagan. Har bir harbiy AQSh bosh qomusi asosida harakat qilishga qasam ichgan, deya eslatadi Spenser.

Esper fikricha, Oq uy qarori to'g'ri. Kongressda demokratlar bu masalani tekshirishga chaqirmoqda.

Demokrat senator Tim Keyn Spenserni "qobil amerikalik, kuchli lider" deya ta'riflagan.

"Tramp ma'muriyati nima uchun harbiy tergov va sudlarga bosh suqayotganini tushuntirishi shart", - deydi senator.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG