Breaking News

Xitoy Pompeoning Toshkentdagi bayonotidan nega g'azabda?


AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo (chapda) O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan, Toshkent, O'zbekiston, 2020-yil, 3-fevral
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo (chapda) O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan, Toshkent, O'zbekiston, 2020-yil, 3-fevral

Xitoy hukumati musulmonlar repressiyasiga befarq bo’lmaslikka chaqirgan AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning so’nggi bayonotidan norozi. Pompeo bu haqda Toshkentga qilgan tashrifi davomida aytgan.

Xitoyning O’zbekistondagi elchixonasi tomonidan tarqatilgan bayonotda AQSh davlat kotibi Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasiga nifoq solish harakatida ayblanadi.

“Mayk Pompeo o’zbek hamkasbi bilan o’tkazgan matbuot anjumanida Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari bilan Xitoyning ichki ishlarini muhokama qilishi haqida bayonot berdi. Uning yolg’on to’qish va har qanday qulay vaziyatdan Xitoyni qoralash uchun foydalanish harakati bizni ajablantirmaydi”, - deyiladi Xitoyning O’zbekistondagi elchisi nomidan tarqatilgan bayonotda.

Maykl Pompeo 1-3-fevral kunlari Markaziy Osiyoda, xususan, Qozog’iston va O’zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo’ldi.

AQSh davlat kotibi Qozog’istonga safari davomida tazyiqlar bois Xitoydan qochib chiqqan, qarindoshlari Xitoydagi lagerlarda saqlanayotgan musulmonlar bilan uchrashdi.

Mayk Pompeo bu musulmonlar Xitoyga topshirilmagani uchun Qozog’iston hukumatiga minnatdorchilik bildirdi; barchani, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlarini ham Xitoyda uyg’urlarga nisbatan ko’rsatilayotgan tazyiqlarga befarq bo’lmaslikka chaqirdi.

AQSh davlat kotibining O’zbekistonga safari ham diniy jamoatchilik vakillari bilan o’tgan uchrashuvdan boshlangan. Toshkent shahar bosh imom xatibi boshliq diniy jamoatchilik vakillari bilan o’tgan uchrashuvda diniy erkinlik masalasi muhokama qilingani xabar qilingan edi.

Xitoyning O’zbekistondagi elchixonasi bayonoti Mayk Pompeoning Toshkentdagi matbuot anjumaniga, xususan, AQSh va Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi “C5+1” muloqotida ko’tarilgan mavzularga qaratilgan.

Pompeo Toshkentdagi matbuot anjumanida Qozog’istonda ham bo’lgani kabi Xitoy kommunistik partiyasining musulmon uyg’urlarga nisbatan yuritayotgan repressiyasini muhokama qilishini bildirib o’tgan edi.

“C5+1” muloqotining Toshkentda o’tkazilgan uchrashuvida Xitoydagi vaziyat, xususan, musulmonlarga nisbatan tazyiqlar muhokama qilingani haqida ma’lumot yo’q. Matbuotga ko’ra, AQSh davlat kotibi mintaqa tashqi ishlar vazirlari bilan Markaziy Osiyo doirasidagi hamkorlikni muhokama qilgan.

Uchrashuv yakunida imzolagan qo’shma bayonotda Markaziy Osiyoning taraqqiy topgan, kuchli va yaxlit mintaqa sifatida shakllanishi yo’lidagi hamkorlik ifoda topgan.

Xitoyning O’zbekistondagi elchisi o’z bayonotida musulmonlarga nisbatan zulm ko’rsatilayotgani haqidagi da’volarni yolg’on deb atab, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasidagi do’stona munosabatlarni buzishga qaratilgan har qanday harakatlar samarasiz tugashini ta’kidlaydi.

Qozog’istonga safari davomida qarindoshlari Xitoydagi legerlarda saqlanayotgan musulmonlar bilan uchrashgan Mayk Pompeo Xitoydagi millionga yaqin uyg’urlar, qozoqlar va boshqa musulmonlar majburiy lagerlarda saqlanayotgani, jamoatchilik bu tazyiqlarga befarq bo’lmasligi lozimligi haqida gapirgan edi.

AQSh davlat kotibining bu fikrlari ortidan Xitoyning Qozog’istondagi elchisi ham norozilik bayonoti bilan chiqqan, Mayk Pompeoni Xitoyga nisbatan bo’hton uyushtirishda ayblagan edi.

Xitoyda milliondan oshiq musulmon jazo lagerlarida saqlanayotgani, musulmon aholiga nisbatan tazyiq, qatag’onlar tinmayotgani anchadan buyon xalqaro jamoatchilik diqqatida turgan masala.

So’nggi paytda bu lagerlarga Xitoydagi boshqa etnik musulmonlar, xususan minglab qozoqlar, qirg’izlar, o’zbeklar ham joylashtirilayotgani Markaziy Osiyoda, ayniqsa, Qozog’iston va Qirg’izistonda Xitoyga nisbatan munosabatni ancha keskinlashtirdi.

Qozog’iston va Qirg’izistonda Xitoyning etnik siyosati, musulmonlarga nisbatan mavjud tazyiqlariga qarshi norozilik chiqishlari bo’lib o’tdi. Bunday chiqishlar Qozog’istonda hamon davom etmoqda.

Xitoydagi jazo lagerlariga tashlanayotgan o’zbeklar haqida aniq ma’lumotlar yo’q, ammo “Amerika Ovozi” gaplashgan uyg’ur faollari bu raqamlar ancha kop’ligini, Xitoydagi o’zbeklarni, O’zbekistondagi aksariyat uyg’urlar o’zbeklashib ketgani singari, uyg’urlardan ajratish qiyinligini ta’kidlashadi.

O’zbekistonda ham Xitoyga nisbatan norozilik kayfiyati jamoatchilikda kuchli.

Bir muncha oldin Bo’stonliq tumani mahalliy kengashi deputati Qobul Dusov Shavkat Mirziyoyevga ochiq murojaat bilan chiqib, O’zbekiston prezidentini Xitoyda musulmonlarga, birodar uyg’ur xalqiga ko’rsatilayotgan zulmga befarq bo’lmaslikka, ular himoyasi uchun so’z aytishga chaqirgan edi.

Dusovning bu murojaati O’zbekistondagi jamoatchilik tomonidan ham, Xitoy tazyiqlaridan qochib chiqqan uyg’ur faollari tomonidan ham olqishlar bilan kutib olingan edi.

Xitoydagi musulmonlar taqdiriga doir O’zbekiston jamoatchiligidagi mavjud xavotirlar rasmiy Toshkent tomonidan inobatga olingani hali kuzatilmagan. Toshkent Pekinni mintaqadagi siyosiy qudratlardan, asosiy iqtisodiy hamkorlaridan biri sifatida ko’radi.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov AQSh davlat kotibi bilan o’tgan matbuot anjumanida O’zbekiston qudratli davlatlarning mintaqadagi siyosiy raqobatini o’zida his etishni istamasligini tilga olgani ham shu ehtiyotkorlikdan darak deyish mumkin.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG