Breaking News

Tinchlik korpusining kelajagi mavhum


61 davlatdagi ko'ngilli xizmatchilar AQShga, vatanga, qaytmoqda

AQShning xalqaro maydonda tanilgan gumanitar tashkiloti - Tinchlik korpusi 61 davlatdagi 7300 ko'ngilli xizmatchisini vatanga qaytarmoqda. Koronavirus zamonida ular ishini davom ettira olmaydi. Tashkilot Amerika yoshlariga ikki yil mobaynida rivojlanayotgan mamlakatda o'z sohalarida ishlash imkoniyatini beradi.

Alisiya Sharqiy Timorda fuqaro jamiyati rivoji uchun hissa qo'shayotgan edi. 15-mart kuni evakuatsiya qilindi, chunki mintaqada koronavirus avj olayotgan edi. Ona yurtiga uchib keldi.

“Boshida biz vaqtincha boshqa joyga ko'chirilamiz, deb o'yladik, shunday deyishdi ham. Lekin keyin boshqa samolyotga o'tkazib, xayr endi, vataningizga qayting, deyishdi", - deya hikoya qiladi Alisiya.

Tinchlik korpusi hozirda barcha xizmatchilarining faoliyatini bekor qilgan. Shimoliy Makedoniyada ishlayotgan Daniela uch oy ham ishlamaganini, mehri va sadoqati hamon o'sha o'lkada ekanini aytadi. Imkon bo'lishi bilan u yana Makedoniyaga qaytmoqchi.

“Juda xafaman. Ishim chala qoldi. Endi o'rgangan edim. Ajoyib joyda edim. Odamlar bilan tanishib, yangi loyihalar boshlagan edim", - deydi Daniela.

Tailandda ishlagan Eshli Tinchlik korpusi xizmatchilarini yana dunyo bo'ylab safarbar etishiga ishonmaydi.

“Biz, tabiiyki, Amerika xalqi vakillarimiz. Biz bu xalqni boshqa xalqlar bilan bog'laymiz. Hozir esa tashkilotning o'zi koronavirusni deb barcha mamlakatlardagi idoralarni yopdi. Qayta ochish, qaytadan faoliyatni yo'lga qo'yish qiyin bo'ladi", - deydi Eshli.

Tinchlik korpusi esa bu qadar umidsiz emas. Hech narsa oson emas, deya bildiradi tashkilot. Mablag' kamayishi mumkin, lekin korpus yarim asrlik tajribaga ega, qolaversa sodiq hamkorlarga. Kongress ham uni quvvatlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG