Breaking News

Respublikachilar qurultoyi: Melaniya Tramp va Mayk Pompeo


Respublikachilar qurultoyi minbarlaridan biri Vashingtondagi Tramp xalqaro mehmonxonasida

Odatda vazirlar saylov kampaniyalaridan uzoqda yuradi, chunki ular xalq xizmatida va partiyabozlikka berilmasligi, xolis ishlashi lozim. Biroq Davlat kotibi Mayk Pompeo bu tartibni buzdi. Respublikachilar qurultoyining ikkinchi kuni Prezident Donald Trampning rafiqasi Melaniya Tramp qatorida Amerika bosh diplomati ham ishtirokchilarga murojaat qildi. Tramp xonim Oq uydan bog'landi, Pompeo esa Isroildan.

Pandemiya davom etmoqda. Shu kungacha qariyb olti million amerikalik virusni yuqtirdi. O'lganlar soni 200 mingga yaqinlashmoqda. Biroq Prezident Trampning oilasi saylovoldi qurultoyida qatnashayotgan boshqa respublikachilar singari yurtdoshlarini amaldagi rahbarni qayta saylashga undamoqda.

AQSh pandemiyadan chiqmoqda, iqtisodiy vaziyat tez orada yaxshilanadi va Trampga boshlagan buyuk ishlarini oxiriga yetkazish uchun imkon bering, deya undamoqda prezident tarafdorlari.

Tramp va Bayden
Tramp va Bayden

Reytinglarda demokratlar nomzodi Jo Bayden oldinda. Biroq Tramp buni tan olmaydi. Uningcha, g'alaba baribir u tomonda bo'ladi. Chunki, deydi u, demokratlarda kelajak uchun "safsatadan bosha reja yo'q'".

Odatda prezidentlikka nomzod qurultoyning oxirgi kunida so'zlaydi. Biroq Tramp birinchi kundayoq Shimoliy Karolina shtatining Sharlot shahrida yig'ilgan partiyadoshlari oldiga chiqdi va qayta saylanmasa, ovozlarga ishonch bilan qaramasligi haqida ogohlantirdi.

Tahlilchilar ta'biricha, Tramp ommani katta saylov mojarosiga tayyorlamoqda. Yutsa, demokratlar janjal ko'tarishi, yutmasa uning o'zi natijadan shikoyat qilib, tekshirishni talab qilishi mumkin.

Aksariyat amerikaliklar pochta orqali ovoz berishi kutilar ekan, prezident bu jarayonga xavotir bilan qaramoqda. Saylov mutaxassislariga ko'ra esa bunday ovoz berish ishonchli. Amerika pochta tizimi ham, saylovchi irodasi ham qayta-qayta sinovdan o'tgan va tayansa bo'ladi, deydi ekspertlar.

Saylovgacha pandemik vaziyat ijobiy tomonga o'zgarmasa, Trampning qayta saylanishi amri mahol degan qarash keng tarqalgan, xususan respublikachilar orasida.

"Amerika Ovozi" bilan qurultoyda gaplashgan konservatorlar deydiki, Tramp kamroq tvit qilib, so'zlar jangidan chekinib, e'tiborni koronavirus bilan bog'liq holatga qaratishi, saylov kampanyasi strategiyasini charxlashi lozim.

Demokratlar qurultoyida bo'lgani kabi respublikachilar qurultoyida ham saylovchi kelajak haqida umid emas, asosan qo'rqinch haqida eshitmoqda.

Demokratlar deydiki, Tramp qayta saylansa, AQSh jar yoqasiga boradi. Respublikachilar deydiki, Tramp saylanmasa, shunday bo'ladi.

Tramp respublikachilar qurultoyini demokratlarnikiga qaraganda ko'proq odam kuzatadi, degan edi. Tadbirning birinchi kunini eng yirik olti telekanalda 16 millionga yaqin odam ko'rgan bo'lsa, demokratlar qurultoyining ilk kunini 19 millionga yaqin kishi tomosha qilgan.

Respublikachilar yig'inning ikkinchi kunida "Amerika - imkoniyatlar diyori" degan shiorni olg'a surib, konservativ g'oyalarni madh etdi.

Nikolas Sandmen ismli talaba matbuotni xalq dushmaniga aylanganlikda aybladi.

“Noyabrdagi saylovda mamlakat prezidentimizni quvvatlab, jurnalistlarni javobgarlikka tutishi, ulardan soxta sharhlar emas, faktlarga asoslangan ma'lumot talab qilishi lozim", - dedi bu yosh respublikachi.

Tanqidchilar deydiki, qurultoy "oq tanli qatlamning bazmi" va Trampga yoqadigan gaplar yangramoqda xolos. Maqsad Amerika xalqi ko'ngliga yo'l topish bo'lsa, muammolarga yechimlar taklif qilinishi kerak, deydi muxolifat.

Biroq demokratlarning o'tgan haftadagi qurultoyi ham "partiya yoshlarga yo'l bermayapti", aksariyat liderlar keksalar va yangi gaplar yangramayapti, deya tanqid qilingan edi.

Demokratlar yig'inida ayrim respublikachilar Baydenni quvvatlab chiqqan edi, respublikachilarnikida ba'zi demokratlar Trampni olqishlamoqda.

Minnesota shtatining Evelit shahri meri Robert Vlaysavlevichga ko'ra, Tramp sabab uning hududida konchilik sanoati asrab qolindi.

“Prezident Tramp hammamiz uchun ishlayapti. Iqtisodiy siyosati eng zo'ri, tariximizda bunaqasi bo'lmagan va bu yo'lda davom etishiga ishonaman", - deydi demokrat.

Davlat kotibi Pompeo Isroilda safarda ekan, Quddusdan turib qilgan murojaatida Trampning tashqi siyosatini a'lo deya baholab, uning davrida AQSh o'z qudratini yanayam yaqqolroq va samarali ko'rsata olmoqda, dedi.

Pompeo so'zlariga ko'ra, tashqi siyosat avvalo Amerika xalqi manfaatlarini himoya qilishni ko'zlaydi va dunyo ahli bilan amaliy til topishishga asoslangan. Barcha global masalalarda Vashingtonning so'zi o'tadi va xalqaro hamjamiyat AQSh bilan hisoblashadi, deya qayd etdi Pompeo.

"Prezident Tramp yomon ko'rinishdan yoki tanqiddan qo'rqmaydi, chunki Amerika xalqi tinchligi va erkinligini ta'minlash uchun u hamma narsaga tayyor", - dedi Pompeo.

Melaniya Tramp esa o'z nutqida prezidentni oddiy, samimiy inson sifatida gavdalantirishga urindi. 50 yoshli muhojir xonim "Amerika orzu"sini yashayotgan inson, deya matqamoqda respublikachilar.

Birinchi xonim murojaatni Oq uydan, oila davrasida, prezident qarshisida qildi.

Melaniya Tramp, Prezident Trampning rafiqasi
Melaniya Tramp, Prezident Trampning rafiqasi

Tramp xonim pandemiya va uning oqibatlarini tilga olib, o'tgan oylarda yaqinlarini yo'qotgan amerikaliklarga hamdardlik bildirdi.

"Turmush o'rtog'im vaksina topilib, ta'minlanmaguncha mijja qoqmaydi", - deydi birinchi xonim.

U, shuningdek, Sloveniyada kechgan bolaligi, ota-onasi, uni Amerikaga olib kelgan orzular va 2006-yilda bu davlat fuqaroligini olgani haqida so'zladi.

"Amerika xalqiga birinchi xonim sifatida xizmat qilish men uchun sharaf, har kuni", - dedi u. "Faxr bilan saylovda qatnashaman va turmush o'rtog'imga ovoz beraman".

Melaniya Tramp fikricha, Amerika ommaviy axborot vositalari prezidentni tanqid qilavermay e'tiborni mamlakatdagi dolzarb muammolarga, xususan og'riqni qoldiruvchi dorilarga mukkasidan ketish kabi keng tarqalgan holatlarga qaratsa, jamiyat uchun ko'proq xizmat qilgan bo'ladi.

Trampning o'g'li Erik Tramp ham qurultoyning ikkinchi kunida so'zlab, yurtdoshlarini otasi uchun ovoz berishga chaqirdi.

"Amerikani boshqarishga eng loyiq odam hozir Donald Tramp, chunki mening otam bu xalq dardini biladi va tushunadi. U sizning muammolaringizni hal qilishga qodir", - dedi u.

Siyosiy sharhlovchilar deydiki, amerikaliklar prezidentning oila a'zolaridan bunday siyosiy nutqlar eshitib o'rganmagan. Gapirganida ham ular odatda prezidentning insoniy jihatlarini ochib berishga urinadi, siyosiy xitoblar va va'dalar bermaydi. Trampning oilasi bu yo'ldan borib, ya'ni siyosatga aralashib, aslida prezidentga zarar keltiradi, foyda emas, deydi tanqidchilar.

Tramp fikricha esa u Vashingtonga boshqacha yondashuv olib kelgan. Amerikaliklar shuni istaydi, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG