Breaking News

Qurol nazorati - AQSh saylovida an'anaviy mavzu


AQSh Konstitutsiyasining qurolga egalik qilish huquqiga doir ikkinchi tuzatishi va qurol nazorati bo’yicha mamlakat bo’ylab kechayotgan munozaralar har ikki partiyaning saylovoldi syezdida obdon muhokama etildi.

Xalqaro hayot – 26-avgust, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:52 0:00

Iyun oyida “Qora tanlilar hayoti muhim” harakati a’zolariga o’z uyi oldida qurol qaratgan missurilik er-xotin respublikachilar qurultoyi doirasida so’zga chiqib, Prezident Trampni qo’llab-quvvatladi. Qurol nazoratiga kelganda respublikachilar va demokratlar o’rtasidagi farq nimada?

Prezident Trampning aytishicha, agar demokratik nomzod noyabr saylovida g’alaba qozonsa, amerikaliklar Konstitutsiyada kafolatlangan qurolga egalik qilish huquqidan ayriladi.

“Qurollaringizni olib qo’yishadi. Ikkinchi tuzatishdagi huquqlaringizni poymol qilishadi”, - dedi Tramp.

Qurolga egalik qilish huquqi AQSh tarixida va uning kelib chiqishida muhim rol o’ynaydi.

“Zolim hukumatning oldini olish uchun berilgan huquq bu. Mana shu himoyaga doim ega bo’lish istagi Amerika jamiyatiga singib ketgan”, - deydi Amerika universitetidan Aleks Kleyton.

Respublikachilar partiyasi qurultoyining birinchi kunida so’zga chiqqan advokatlar Mark va Patritsiya Makkloski shu haqda gapirdi. Er-xotin yaqinda o’z uyi yonida irqiy kamsitishga qarshi namoyish ishtirokchilariga qurolini qaratib, ijtimoiy sahifalarda mashhur bo’lib ketdi.

“Prezident Tramp xudo har bir amerikalikka o’z uyi va oilasini mudofaa qilish uchun bergan bu huquqni himoya qiladi”, - dedi Mark Makkloski.

Qurolga egalik qilish huquqi tarafdorlariga ko’ra, qurollarni cheklash bilan zo’ravonliklar to’xtab qolmaydi. 2018-yilda Parklend o’rta maktabidagi otishmada 18 yashar qizini yo’qotgan otaning aytishicha, Tramp maktablarda xavfsizlik choralarini kuchaytirib to’g’ri ish qildi.

“Farzandlarimiz xavfsizligi mana bu odamning qayta saylanishiga bog’liq”, - dedi Endryu Pollak.

So’nggi yillarda mamlakatda ommaviy otishmalar ko’p kuzatilar ekan, namoyishchilar qurol nazoratiga doir qonun qabul qilishga chaqirib keladi. Ommaviy so’rov natijasiga ko’ra, aksariyat amerikaliklar qurolni nazorat qiluvchi biror qonun bo’lishini istaydi. O’tgan hafta Demokratik partiya syezdida ham bu mavzuga urg’u berildi.

“Demokratik partiyadagilarning deyarli hammasi qurol zo’ravonligini tushirishga qaratilgan siyosat tarafdori. Shu sabab munozarali biror mavzuga e’tibor qaratgandan ko’ra shunga urg’u berish to’g’riroqdir”, - deydi Kleyton.

Demokratlardan nomzod Jo Bayden prezidentlikka saylansa, qurol sotib olmoqchi bo’lgan har bir odam haqidagi ma’lumot tekshirilishini, hujumkor qurollar savdosi man qilinishini, o’zi va boshqalarga tahdid deb ko’rilgan odamlardan qurol olib qo’yishni ko’zlovchi qonun qabul qilinishini aytdi.

To’qqiz yil oldin otishma paytida boshidan yaralangan sobiq kongressmen ayol Gabbi Kliffords islohotlarga chaqiradi.

“Otishmalar davom etishi mumkin yoki biz harakatga tushib, oilalarimiz, kelajagimizni himoya qilishimiz kerak. Tarixning to’g’ri tarafida bo’lishimiz muhim. Shunga Jo Baydenni saylashimiz kerak”, - dedi sobiq qonunchi.

Ko’plab muhim mavzular muhokamada bo’lgan saylovda qurol masalasi hali ham dolzarb, deydi tahlilchilar.

“Ayrim mavzular amerikalik saylovchilar uchun ayniqsa muhim bo’lib, qurolga egalik qilish shulardan biri. Bir mavzu bo’yicha ovoz beradigan saylovchilar ham bor. Saylov uchastkasiga borib, ana shu mavzuni targ’ib qilayotgan nomzodga ovoz beradigan saylovchilar”, - deydi Aleks Kleyton.

Shu oy o’tkazilgan ijtimoiy so’rovdan shunisi ma’lumki, ro’yxatdan o’tgan saylovchilarning 55 foizi noyabr saylovida qurol siyosatini o’zi uchun juda muhim deb biladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG