Breaking News

Anvar Nazir: Mirziyoyevning AQShdan umidi katta


Uzbek President Shavkat Mirziyoyev

O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev G’arbga ilk rasmiy safarini AQShdan boshlayapti. Avvalroq AQSh Prezidenti Donald Tramp Mirziyoyev bilan uchrashuvni intiqlik bilan kutayotganini bildirgan edi. Ushbu tashrif Mirziyoyevni islohotchi lider sifatida tanitish, nafaqat AQSh, balki Yevropa Ittifoqi bilan ham aloqalarni mustahkamlash uchun yaxshi imkoniyat ekanligi ta’kidlanmoqda.

Mirziyoyevning Amerika safaridan umidi nima?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:08 0:00

Ishonchli manbalarga ko'ra, tashrif 15-17 may kunlari amalga oshadi.

Tashrif dasturi Vashington va Toshkent o’rtasida uzoq muhokama qilingan. Tramp va Mirziyoyev o’rtasida kutilayotgan muzokaralar AQShni Markaziy Osiyodagi, jumladan Afg’onistondagi siyosati uchun ham muhim ko’riladi.

Shavkat Mirziyoyev uchun bu safar yanada muhim ahamiyatga ega. U shu paytgacha G'arbga faqat o'tgan yili BMT tadbiri uchun kelgan xolos.

Mirziyoyevning AQShda qanday qabul qilinishi, muzokaralardagi ochiqlik, bayonotlar O’zbekiston prezidentini G’arb dunyosiga, xalqaro hamjamiyatga Markaziy Osiyoning yangi, islohotchi prezident sifatida taqdim etishi mumkin.

AQShga rejalangan safar arafasida Mirziyoyevning islohotchilik maqomiga qaratilgan qator qadamlar kuzatildi.

Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda ayblangan jurnalistlar Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasriddinov sud zalidan ozod qilindi. Mahkamaning bu qarori xalqaro tashkilotlar, jumladan sud jarayonini muntazam kuzatib kelgan G’arb diplomatik korpus vakilliklari tomonidan ham olqishlar bilan kutib olindi.

Mirziyoyev bir necha kun avval mamlakatdagi nodavlat tashkilotlar faoliyatini tiklashga qaratilgan farmonini imzoladi. Farmon fuqarolik jamiyatini mustahkamlash maqsadidagi nodavlat tashkilotlarga xorijiy davlatlarning moddiy yordamida faoliyat yuritishga ruxsat beradi. Farmonga muvofiq Adliya vazirligi mustaqil nodavlat tashkilotlarni ro’yxatga olish tartibini soddalashtirishi kerak.

AQSh-O’zbekiston aloqalarida bahsli nuqtalardan biri bo’lib kelgan siyosiy mahbuslar masalasi ham so’ngi bir yil davomida asosan ijobiy siljishlar bilan qayd etildi. Bugunga kelib siyosiy mahbuslarning aksariyati ozod qilindi. Mirziyoyev davrida amalga oshayotgan bu o’zgarishlarni AQSh elchixonasi muntazam olqishlab kelmoqda.

Mirziyoyevning AQShga safari G’arb jamoatchiligi nazarida shafqatsiz qiynoqlar, inson huquqlarining keskin toptalishi bilan nom qozonib kelgan O’zbekistonga nisbatan qarashlar o’zgarishiga ham turtki berishi mumkin.

So’nggi yil davomida rasmiy Toshkent, shaxsan Prezident Mirziyoyev ham bu borada qator tashabbuslar bilan chiqdi, ayniqsa uning BMT minbaridan qilgan ma’ruzasi O’zbekistonni islohotlar yo’liga o’tayotganiga qaratilgan muhim ishora deb qabul qilingan edi.

Toshkentdan sharhlovchi Anvar Nazirga ko’ra, Mirziyoyev hozircha islohotchi emas, islohotlar va’dasidagi prezident maqomida turibdi, ammo bundan qat’i nazar uning AQShga safari rejalangan islohotlarning amalga oshishi uchun ham o’ta muhim.

“Agar O’zbekistonda iqtisodiy islohotlar boshlanyapti, degan farazni olsak ham, qanchalik chuqur bo`lishi hozircha noma’lum. Ularning ijrosi uchun sarmoya, texnologiyalar kerak. Rossiyaning imkoniyati cheklangan. Xitoy bunga tayyor emas. Demak, asosiy hamkor AQSh va Yevropa Ittifoqi. Bundan tashqari Mirziyoyevda katta harbiy ambitsiya ham bor. O’zbekistonda harbiy sanoatni yaratish. Rossiya bu borada faqat maslahat bilan cheklandi. Bundan tashqari xalqaro moliyaviy kreditlar masalasida ham AQSh bilan aloqalar muhim o’rinda turadi”, - deydi Anvar Nazir.

Uning tahlilicha, Afg’oniston masalasida ham tomonlar o’rtasida yaqinlik bor. Toshkentda Afg’oniston bo’yicha o’tgan xalqaro konferensiyani AQSh mutlaqo qo’llab quvvatladi. AQSh O’zbekiston bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor.

“AQSh O’zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor. Shu bilan bir qatorda O’zbekiston Rossiya, Xitoy bilan rivojlanayotgan aloqalarida qanchalikka borishini ham bilishni istaydi. Bu tashrif shubhasiz Mirziyoyev uchun foydali bo’ladi, chunki u tomondan rejalangan iqtisodiy-siyosiy islohotlarni Rossiya bilan harbiy hamkorlikni rivojlantirish evaziga amalga oshirishning iloji yo’q”, - deydi Anvar Nazir.

Mirziyoyevning AQShga rasmiy safar bilan taklif etilgani dekabr oyida u va Tramp o`rtasidagi telefon muloqotida ortidan ma’lum bo’lgan edi. Tramp mart oyida Toshkentda Afg’oniston bo’yicha o’tgan konferensiya munosabati bilan Mirziyoyevga maktub yo’llab, bu uchrashuvni intiqlik bilan kutayotganini izhor etgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG