Breaking News

Tramp: Amerika yopilmaydi, vaksinani bahorda kuting


Oq uy, 13-noyabr, 2020
Oq uy, 13-noyabr, 2020

AQShda koronavirusga chalinish ko'lami kengayib bormoqda, ammo Prezident Donald Tramp mamlakat yopilmaydi va ishdan to'xtamaydi, deya qayd etmoqda.

O'tgan hafta prezidentlikni demokrat Jo Baydenga boy bergan Tramp mag'lubiyatni hali tan olmagan. Unga ko'ra, saylovlarda ovozlar manipulyatsiya qilingan, jarayon shaffof va odil o'tmagan. Trampning advokatlari qator shtatlarda sudga shikoyat qilgan. Barcha shtatlar saylov va ovozlarni sanash jarayonida biror nojo'ya ish bo'lmagan, deya Oq uy da'volarini inkor etmoqda.

Tramp o'tgan hafta mobaynida oz ko'rindi, faqat "Twitter" orqali fikrlar bildirdi. Bugun Oq uyda jurnalistlar oldida bayonot berar ekan, ularning savollariga javob bermadi.

Prezident oylardan beri vaksina yaqin orada chiqadi, deya bong urib kelmoqda. Yozda chiqishi kerak edi, chiqmadi. Kuzda chiqishi kerak edi, chiqmadi. Endi esa Tramp vaksina bahorda, balki aprel oyida chiqib qoladi, deyapti.

“Mening ma'muriyatim ayni damda hech qanday favquloqqa choralar haqida o'ylayotgani yo'q. Amerika boshqa yopilmaydi, ochilishda davom etamiz”, - deydi prezident.

Bayden davlat rahbari lavozimini egallashga tayyorlanar ekan, yopilish borasida biror narsa demagan.

Biroq uning ta'kidlashicha, koronavirusga qarshi kurash va pandemiyaga yangicha yondashish uning ma'muriyati uchun birlamchi vazifa bo'ladi. Bayden shu maqsadda o'z komissiyasini tuzgan.

Bayden, shuningdek, Amerika ahlini niqob taqib yurishga, virusdan ehtiyot bo'lish uchun barcha zarur choralarni ko'rishga undab kelmoqda.

Koronavirus hozirgacha AQShda 240 mingdan ortiq odamni hayotdan olib ketdi. 11 milliondan oshiq kishi kasallikka chalindi. Aksariyati tuzalgan, ammo uni yuqtirayotganlar soni kuniga 100 mingdan pasaymayapti.

Tramp deydiki, uning ma'muriyati vaksina ustida qattiq harakat qildi va 8-12 yil vaqt olishi mumkin bo'lgan jarayon bir yilga qolmay yakunlanishi mumkin. Yaqin kelajakda nafaqat AQSh xalqi, balki boshqa davlatlar ham bu vositadan bahramand bo'lishi mumkin, deydi prezident.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG