Breaking News

Tramp nima qilmoqchi?


Saylovdan va raqibi Jo Bayden g'alabasidan bir oy o'tib ham Prezident Donald Tramp mag'lubiyati haqida lom-mim demayapti. Oq uydagi kunlari sanoqli. Qayta saylana olmaganini Tramp tan oladimi yoki shu holda ma'muriyatni navbatdagi rahbarga topshiradimi?

Gap shundaki, u mag'lub bo'ldim deya bayonot qilishga majbur emas. Bu - siyosiy odat va qadriyat. Rahbariyat tinch va demokratik yo'l bilan o'zgarayotganini aks ettiruvchi harakat. Saylov natijasi chiqqach, yutqazgan tomon yutgan tomonni tabriklab, unga omad tilaydi.

Bayden 2021-yilning 20-yanvarida prezidentlik qasamyodini keltiradi. Kamala Harris ham vitse-prezidentlikka tayyorlanmoqda. Ungacha saylov natijasi Saylov kollegiyasi va Kongress tomonidan ham rasman tasdiqlanadi. Har bir shtat o'z natijalarini e'lon qilib bo'lgan. Ularga ko'ra, Bayden, shak-shubhasiz, g'olib.

Tramp va uning yuristlari saylov nodemokratik o'tgan deya shikoyat qilgan va arzlar birma-bir ko'rib chiqilmoqda. Shu paytgacha biror sudya amaldagi prezident tomonidan qilinayotgan da'volarda jiddiy asos yoki isbot topmagan.

Oq uy, Vashington
Oq uy, Vashington

2-dekabr kuni Tramp 46 minutlik video chiqarib, "aslida yutganman" deya iddao qildi. Bunga qator shtatlardan misollar keltirdi.

“Bayden uchun soxta ovozlar tashlangan. Ular qayerdan kelgan?" - deya so'ramoqda Tramp. "Men salmoqli son bilan yutib turgan paytimda farq birdaniga ozaya boshladi".

Shtatlardagi saylov mas'ullari esa pochta orqali berilgan ovozlar va saylov kuni berilgan ovozlar qachon sanalganini eslatib, natija 3-noyabrda ovoz berish jarayoni tugab bo'lganidan keyingina sarhisob qilinganini aytadi.

Adliya vazirligi olib borgan tekshiruvlar ham saylov natijasini o'zgartiradigan xato yoki muammo topmagan.

Ichki xavfsizlik vazirligi va mustaqil tashkilotlar o'tkazgan tekshiruvlar ham shunday xulosa bilan yakunlangan.

AQShda prezident saylovlari natijasini Saylov kollegiyasi hal qiladi. Kollegiyadagi 538 ovozdan 270 tasini olgan nomzod yutadi. Bayden hisobida 306 ovoz bor, Trampda esa 232.

Saylov kollegiyasi 14-dekabr kuni Jo Bayden 2020-yilgi prezident saylovi g'olibi deya e'lon qilishi kutilmoqda. Kongress yanvar oyi boshida natijaga tamg'a bosadi.

Tramp Bayden inauguratsiyasiga keladimi? Bir asrdan oshibdiki, yangi rahbarning qasamyod marosimida lavozimdan ketayotgan odam ham albatta qatnashadi.

Prezident bu borada bir qarorga kelganini aytgan, lekin qanday qaror ekanini aytmagan. U, shuningdek, 2024-yilda Oq uyga yana harakat qilish haqida o'ylanmoqda.

AQSh tarixida birgina prezident, Grover Klivlend, 1892-yilda shu tarzda Oq uyga qaytgan. Birinchi muddatdan keyin qayta saylana olmagan va keyinroq yana bir saylovda yutib, prezident bo'lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG