Breaking News

AQSh Afg'onistonda milliardlab dollar isrof qilgan


Afg'on va Amerika askarlari, Kobul

Afg'onistondagi loyihalarini tekshiruvchi maxsus inspektorga ko'ra, Amerika soliq to'lovchisining milliardlab dollari isrof qilingan. Mablag' afg'on hukumati xohlamagan va zarur deb hisoblamagan dasturlar uchun ishlatilgan.

1-mart kuni Kongress a'zolariga shu borada hisobot uzatildi.

2008-yildan beri AQSh Afg'onistonda maktablar, qamoqxonalar, mehmonxonalar, kasalxonalar, yo'llar, ko'priklar va harbiy inshootlar qurish uchun 7,8 milliard dollar ajratgan. Bu pulning 6,5 milliardi Mudofaa vazirligi hisobidan ketgan.

Shuning 2,4 milliardi keraksiz va bitganidan keyin ishlatilmagan obyektlar uchun sarflangan va biror foyda keltirmagan, deyiladi hisobotda.

Maxsus bosh inspektor Jon Sopko bayon qilishicha, AQShning turli agentliklari Afg'onistonni yaxshi tushunmaydi, tahlil qilmay pulni ko'kka sovurib keladi.

Qator qonunlarni buzgan holda, deydi inspektor, Amerika tashkilotlari Afg'oniston hukumati bilan maslahatlashmay, ularning talabi va istaklarini inobatga olmay, ayrim hollarda afg'on xalqining texnik uquvi va ko'nikmalariga e'tibor bermagan holda mamlakatning qurbi yetmaydigan va qo'llay olmaydigan inshootlar barpo etavergan.

“Natijada bu obyektlar bo'sh qolib ketgan, vayron qilingan, ammo uni qurganlar bu masalaga ko'z yumgan", - deydi Sopko.

2002-yildan beri AQSh Afg'onistonni qayta tiklash va u bilan bog'liq boshqa maqsadlar uchun qariyb 143 milliard dollar bergan. Maqsad iqtisodni va jamiyatni jonlantirish, xalq talabini qondiruvchi sharoit yaratish edi.

Bu xarajatlar to'g'ri sarflanishini ta'minlash uchun Kongress 2008-yilda maxsus inspeksiya joriy etgan. Idora har chorak hisobot beradi va isrofgarchilik haqida ogohlantirib turadi.

Bayden ma'muriyati hozir Afg'onistondagi keyingi qadamlar haqida o'ylanmoqda. Isrofgarchilik muammosi muhokamada.

19 yildan oshibdi, Amerika qo'shinlari va tashkilotlari Afg'onistonda. Oldingi prezident Donald Tramp paytidan qolgan qarorga ko'ra, AQSh 2021-yilning yozigacha bu mamlakatdan barcha harbiylarini olib chiqib ketishi kerak. Vashington shu kungacha Afg'onistonda 1 trillion dollarga yaqin pul ketkazdi. 2400 dan oshiq askaridan ayrildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG