Breaking News

Prezident Baydenning birinchi matbuot anjumani qanday kechdi?


Oq uy, 25-mrt, 2021

20-yanvarda ish boshlagan Prezident Jo Bayden Oq uyda o'zining ilk matbuot anjumanini o'tkazar ekan, jurnalistlardan savollar yog'ildi. Ichki va tashqi siyosat muhokamada bo'ldi.

Odatda yangi prezidentlar matbuot bilan aloqani mustahkamlashga shoshadi. Bayden bu ishga matbuot xizmatini safarbar etib, o'zi muxbirlar bilan alohida tadbir o'tkazishga ikki oydan oshiq vaqt o'tgach azm etdi.

Bayden avvalo koronavirusga qarshi kurash kuchayganini da'vo qoldi. Emlash jarayoni avjida, deya maqtandi u. Kongress ajratgan 1,9 trillion dollarlik yordam paketidan millionlab amerikaliklarning har biriga 1400 dollardan yordam puli berilmoqda. Ishsizlarga haftasida qo'shimcha 300 dollardan.

Prezident, shuningdek, infrastrukturani yaxshilash uchun Kongressdan 3 trillion dollar so'ramoqchi. Amerika yo'llari, ko'rpiklari va boshqa strategik inshootlari ta'mirga muhtoj, deydi u.

Oq uy, 25-mart, 2021
Oq uy, 25-mart, 2021

Bayden Gvatemala, Gonduras, Salvador va Meksikadan kelayotgan migrantlardan orqaga qaytishni so'ramoqda. AQShning janubiy chegaralarida vaziyat tang. Davlat yopirilib kelayotgan chet elliklarni qabul qilishga tayyor emas. Chegarachilar soni oshiriladi va hudud inqirozdan olib chiqiladi, deydi Bayden. U oldingi prezident Donald Trampni migrantlarga shafqatsiz munosabatda bo'lganlikda ayblaydi. AQSh bu yo'ldan bormaydi, deydi Bayden, ammo ajnabiylarga shartsiz eshik ocha olmaydi ham. Bu masalaga hozir Vitse-prezident Kamala Harris mas'ul.

O'tgan hafta Jorjiya va Kolorado shtatlarida sodir etilgan qurolli hujumlarda jami 18 kishi o'lgan. Bayden qurol nazoratini kuchaytirishga so'z bergan. Otishmalar ketidan Oq uy jamoatchilik bosimi ostida. Prezident bu borada jadal harakat qilishini aytdi. Kongressda muxolifat, respublikachilar, qurolga egalik tarafdori va Bayden rejalariga to'siq qo'yishga shay.

Global maydonda Amerika rahbari avtoritar tuzumlarni qoralab, demokratiya targ'ibotiga zo'r berishini bayon qildi.

"Avtokratlar qanchalik harakat qilmasin, kelajak baribir demokratik liderlar qo'lida, - deydi Bayden. - Jahonning demokratik davlatlari bir yoqadan bosh chiqarib, o'z qadriyatlarini yoyishi va himoya qilishi lozim".

Oq uy, 25-mart, 2021
Oq uy, 25-mart, 2021

AQSh prezidenti Rossiya va Xitoyni yakkahokimlikni qudrat sifatida ko'rsatib, shunday tizim asosida rivojlanish mumkin, deya "namuna" bo'lishga urinayotganlikda ayblab keladi. Bugungi anjumanda ham shunga ishora qildi.

Bayden Shimoliy Koreyaning yadroviy sinovlarini, Myanmada harbiy rahbariyat "haddidan oshayotganini" ham qoraladi.

Prezident deydiki, Amerika tashqi siyosati biror davlatga qarshi qaratilmagan, lekin u davlat manfaatlarini qo'riqlash, ittifoqchilar bilan yaqindan ishlab o'zaro hurmat va ishonchni tiklash, islohotlar yo'lidan ketayotgan mamlakatlarga yordam, iqtisodiy taraqqiyot, salomatlik, farovonlik, global tinchlik va xavfsizlikni ta'minlashni maqsad qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG