Breaking News

AQSh Global Media Agentligi boshqaruvi tekshiriladi


AQSh Global Media Agentligi "Amerika Ovozi", "Ozodlik", "Erkin Osiyo", Yaqin sharq va Kuba uchun maxsus teleradiolarni boshqaradi
AQSh Global Media Agentligi "Amerika Ovozi", "Ozodlik", "Erkin Osiyo", Yaqin sharq va Kuba uchun maxsus teleradiolarni boshqaradi

Amerika federal tizimidagi noqonuniy harakatlar va qora ishlarni ichkaridan oshkor etgan shaxslarni himoya qiluvchi idora buyrug'iga ko'ra, AQSh Global Media Agentligi rahbariyati tekshiriladi.

2-dekabrda chiqqan hujjatlarda Maxsus tergov va prokuratura idorasi bu agenlik rahbari Maykl Pekdan tekshiruv uchun sharoit yaratishni talab qiladi.

AQSh Global Media Agentligi "Amerika Ovozi", "Ozodlik", "Erkin Osiyo", Yaqin sharq va Kuba uchun maxsus teleradiolarni boshqaradi.

Pek agentlikni shu yilning iyun oyidan beri boshqarib kelmoqda. Kelishi bilanoq yuqorida qayd etilgan tashkilotlarning rahbarlari ishdan ketdi yoki haydaldi. Pek chet ellik jurnalistlarning vizalarini yangilash uchun murojaat qilmaslikka qaror qildi. Uning idorasi jurnalistlar va muharrirlar ustidan tekshiruvlar olib bordi.


Yaqinda federal sud Pek jurnalistlarning faoliyatiga aralashish vakolatiga ega emas, deya hukm chiqarib uni ogohlantirdi. Agentlikka kiruvchi ommaviy axborot vositalarida jurnalistika erkin va professional bo'lishi Amerika qonunlari tomonidan himoyalangan.

Pekning idorasi jurnalistlar ustidan tekshiruv olib borish vakolatiga ega emas, shuningdek, tashkilotlar kimni yollab, kimni ishdan olishi borasida ham o'zlari mustaqil qaror qilishi kerak. Agentlik rahbariyati bu masalalarga aralasha olmaydi.

Pekning idorasi "Amerika Ovozi"ning so'nggi yangilik yuzasidan savollariga javob bermadi.

Maxsus tergov va prokuratura idorasi mustaqil federal agentlik bo'lib, asosiy vazifasi tekshirish, lekin jazolash vakolatiga ega emas. Tekshiruv xulosalariga qarab, ish boshqa organlarga oshiriladi.

10 dan ortiq xatda bu agentlik quyidagi masalalarni ko'taradi:

— AQSh Xalqaro Media Agentligi "Amerika Ovozi" jurnalistlarining faoliyatiga aralashgan; bu boradagi tartibni qayta-qayta buzgan;

— Agentlik o'ta noto'g'ri tarzda boshqarilgan, jumladan tashkilotlarning rahbarlari ishdan haydalgan;

— Har ikki partiya vakillaridan iborat va xolis ish yuritish mas'uliyati yuklangan kengash bekor qilinib, o'rniga prezident tomonidan tayinlangan va siyosiy manfaatlarni ko'zlovchi rahbariyat ishga tushirilgan;

— "Amerika Ovozi"da professional me'yorlarni ta'minlashga mas'ul muharrir boshqa lavozimga o'tkazilgan;

— Agentlikning olti rasmiysi maxfiy ma'lumotlar bilan ishlash huquqlaridan mahrum qilingan;

— Chet ellik jurnalistlarning vizasi yangilanmasligi ularning hayotini va ular ishlagan tashkilotlarning faoliyatini tahdid ostiga qo'ygan;

— Ishga olish to'xtatilgan, mablag' ko'zlanmagan maqsadlar uchun ishlatilgan;

— Tizimda kommunikatsiya cheklangan, xususan agentlik yuristlari zarur bo'lgan hollarda xodimlar bilan bemalol aloqa qila olmagan.

AQSh Global Media Agentligi 60 kun ichida bu masalalarni tekshirib, Maxsus tergov va prokuratura idorasiga hisobot berishi kerak. Idora keyin o'z xulosalarini Kongress va Oq uyga uzatadi.

Tekshiruv Pek ishdan ketgan yoki olingan taqdirda ham olib boriladi. U uch yilga tayinlangan, biroq bo'lajak prezident Jo Bayden uni lavozimdan haydashi kutilmoqda.

Sentabr oyida Pek Kongress huzuriga borib hisobot berishdan bosh tortganida, demokratlar va respublikachilar buni birdek qoralagan edi.

Yetakchi kongressmen Eliot Engel Bayden bu agentlikka arzigulik odamni rahbarlikka tayinlaydi, degan umidda. "Pek qisqa payt ichida ulkan zarar keltirdi", - deydi u.

Qonunga ko'ra, Maxsus tergov va prokuratura idorasi talabi har bir tashkilot rahbari tomonidan qondirilishi shart. Odatda bunday buyruqlar olinganida, idoralarda tekshiruv yuridik bo'limga topshiriladi. AQSh Global Media Agentligida aynan kim olib borishi hozircha aniq emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG