Breaking News

Blinken “Amerika Ovozi” mustaqilligi, Rossiyadagi media muhitni muhokama qildi


AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken AQSh Global Media Agentligi (AGMA) tomonidan boshqariluvchi “Amerika Ovozi” va boshqa media tashkilotlarning tahririy mustaqilligi muhim ekanini ta’kidlamoqda.

Davlat departamenti agentlikni boshqarmaydi, ammo Blinken AGMA rahbari Kelu Chao bilan uchrashib, “erkin va mustaqil OAVning AQSh tashqi siyosatidagi rolini muhokama qilgan”.

“Ushbu tarmoqlarning har qanday ta’sirdan xoli ravishda axborot uzatishi, xususan, media muhit repressiv bo’lgan mamlakatlar, jumladan mustaqil jurnalistika senzura qilinadigan va so’z erkinligi cheklangan joylarda nihoyatda muhim”, deyiladi departament bayonotida.

AGMAning sobiq prezident Donald Tramp tomonidan tayinlangan oldingi rahbari Maykl Pekning boshqaruv usuli keskin tanqidlarga uchragan. Agentlikning ishdan olingan va lavozimidan chetlatilgan bir necha rasmiysi, jumladan Kelu Chao, Pekni qonunga xilof harakatlarda ayblab sudga arz qilgan edi.

Pek esa agentlikni faqat “o’z missiyasi tomon yo’naltirishga” harakat qilganini aytadi. 2020-yilning noyabrida sud Maykl Pekka o’z boshqaruvi ostidagi teleradiolarda kadrlar masalasi bilan shug’ullanishni, jurnalistlar ustidan tekshiruvlar o’tkazishni taqiqladi.

Pek Jo Bayden ishga kirishishi bilanoq vazifasidan ozod etilgan, o'rniga Kelu Chao AGMAning vaqtinchalik rahbari etib tayinlangan.

Rossiya bo’yicha xavotirlar

Kelu Chao va Entoni Blinken Rossiya hukumatining OAV erkinligini cheklash harakatlarini muhokama qilgan. Rossiyada qabul qilingan qonunga binoan chet eldan moliyalanuvchi ba’zi OAV o’z maqola va reportajlarini “xorijiy agent” mahsuloti deya tamg’alashi shart.

“Rossiya hukumatining mustaqil matbuot ovozini o’chirish harakatlari fuqarolarga ziyon keltiradi xolos. Davlat kotibi ham shu fikrda”, - deydi Chao.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xorijiy agent sifatida belgilagan tashkilotlar orasida “Ozodlik” radiosi va “Amerika Ovozi” ham bor. Har ikkisini AQSh moliyalasa-da, ular hukumat nazoratida emas va shu bois o’zlarini xorijiy agent deb tamg’alashdan bosh tortgan.

“Xorijiy agentlar” to’g’risidagi qonunlar buzilganini da’vo qilib, Kreml “Ozodlik” radiosining to’qqiz media loyihasiga ishora qilgan, jumladan, North.Realities, Siberia.Realities, Caucasus.Realities, Idel.Realities, Crimea.Realities hamda fakt va yolg’onni tekshiruvchi Factograph.info sayti. Bundan tashqari, o’tgan yili dekabrda radioning uch muxbiri xorijiy agent deb belgilandi.

Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasiga ko’ra, Rossiya qonundan voz kechishi lozim, toki nazorat organlaridan jurnalistlarga tazyiq o’tkazish va media tashkilotlarni qo’rqitish uchun foydalanilmasin.

Xalqaro Amnistiya tashkilotiga ko’ra esa yangi qonun mamlakatda so’z va uyushish erkinligini yanada yemirmoqda.

Yillik byudjeti 640 million dollarga teng AGMA “Amerika Ovozi” va “Ozodlik” qatorida Yaqin Sharq va Kuba uchun mo’ljallangan OAVni boshqaradi. Dasturlar 40 dan oshiq tilda haftasiga 354 millionli auditoriyaga uzatiladi. Oq uy hali agentlikka doimiy rahbar tayinlamagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG