Breaking News

Markaziy va Janubiy Osiyoda Tolibon bilan diplomatiya avjida


Tolibon Moskvada Rossiya hukumati bilan muzokarada, 18-mart, 2021

AQSh Afg'onistondan chiqish jarayonini yakunlar ekan, atrofdagi davlatlar Afg'onistondagi siyosiy taraflar bilan muloqotni kuchaytirib, ularni murosaga undamoqda. To'xtab qolgan tinchlik muzokaralari qayta boshlashga chaqirmoqda.

Oq uyga ko'ra, 31-avgustgacha AQSh qo'shinlari afg'on zaminini butunlay tark etgan bo'ladi va missiya yakunlanadi.

"20 yil Afg'onistonda turganimiz yetadi", - deydi Prezident Jo Bayden. "Afg'oniston kelajagi va tinchligi afg'onlar qo'lida".

Mamlakat bo'ylab toliblar bilan to'qnashuvlar avjga chiqmoqda, viloyatma-viloyat.

Tojikiston 20 ming harbiyni chegara xavfsizligini ta'minash uchun safarbar etgan. Eron va Turkmanistonda ham shunga o'xshash choralar ko'rilmoqda. Zo'ravonlik chegara osha qo'shni davlatlarga kirishi mumkin degan xavotir bor.

Qon to'kilishiga qaramay, Tolibon fuqarolik urushi boshlanmaydi deya eslatmoqda. Harakat mintaqaviy barqarorlikka raxna solmasligini qayd etmoqda. Ammo bu bayonotlar xavotirni pasaytirmayapti.

Tinchlik muzokaralari boshi berk ko'chada ekan, Pekin, Tehron, Moskva va Islomobod Tolibonni dialogni qayta boshlab, kuzgacha bitim imzolashga chaqirgan.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Dushanbeda yig'ilib, Afg'onistonni muhokama qilmoqda. Bu blokka Markaziy Osiyoning besh respublikasi, Rossiya, Xitoy, Pokiston va Hindiston kiradi. Afg'oniston va Eron kuzatuvchi davlatlardir.

Afg'oniston 40 yildan beri notinch
Afg'oniston 40 yildan beri notinch

Tahlilchilar deydiki, Afg'onistonning qo'shnilari va mintaqadagi boshqa mamlakatlar Tolibonga jiddiy siyosiy taraf, shuningdek, Afg'onistonda faol terrorchilardan himoya qiluvchi harakat sifatida qarashadi.

“Tolibon endilikda o'z o'rni va huquqlariga ega guruh deb ko'riladi", - deydi Maykl Krugman, Vashingtondagi Uilson markazi eksperti.

“AQSh o'tgan yili Tolibon bilan kelishgani bu harakatga xalqaro maqom berdi. Atrofdagilar unga yakkalangan to'da emas, hisoblashish kerak bo'lgan siyosiy kuch deb murojaat qiladi".

Pokiston senatori Mushohid Hussayn nazarida, Xitoy, Rossiya va Eron Tolibonni allaqachon Afg'onistonning xo'jayini sifatida ko'rayapti.

“Bu davlatlar Tolibon bilan ancha bemalol diplomatiya yuritayapti. 1990-yillarda faqat Pokiston, Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni bu harakat bilan gaplashar edi", - deydi Hussayn.

Senator deydiki, Afg'onistonda toliblarning kuchayishi Pokistondagi ekstremist guruhlarning o'ziga ishonchini oshirib, yillar davomida terrorizm ustidan erishilgan yutuqlarni yo'qqa chiqarishi mumkin.

“Pokiston hozir shunday fikrga borayaptiki, biz yillar davomida bu yerda olishgan odamlar Afg'onistonda hokimiyatni egallashga urinayotgan Tolibonning do'stlari", - deydi Hussayn.

Tolibon-Eron muzokaralari, Tehron, 7-iyul, 2021
Tolibon-Eron muzokaralari, Tehron, 7-iyul, 2021

Eron va Rossiya o'tgan hafta Tolibon bilan yaqindan gaplashgan. Toliblar janglar Afg'oniston ichida ekaniga urg'u berib, region tahdid ostida emas, deya bildirgan.

Vashington Tolibonni tuzumni kuch bilan egallamaslikka undab, tinchlik muzokarasiga qaytishga chaqirmoqda. Huquq va adolatga ko'z yumgan hukumat qonuniy emas va yordam ham olmaydi, deya ogohlantirmoqda Vashington.

Turkmaniston va Rossiyada o'tgan kunlar ichida kechgan uchrashuvlarda Tolibon tinchlik haqida gapirgan. Biroq Ashgabat va Moskvada xavotirlar yangramoqda. Toliblar Afg'oniston chegaralaridan chiqmasa-da, ularning mamlakat bo'ylab kuchayishi terrorizm bilan bog'liq qo'rqinchni oshirmoqda.

Eron va Xitoy ham afg'onlarni kelajak uchun bir yoqadan bosh chiqarishga chaqirar ekan, uzoq muddatli sulh imzolanadi, degan umid bor.

AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod ayni damda mintaqada. U ham tinchlik muzokaralariga qayting, deya undamoqda.

Halilzod 15-16-iyul kunlari Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyo anjumanida qatnashib, yakdillik va mintaqaviy birdamlikda Afg'oniston va afg'onlarning roli, shuningdek, Amerika yordami haqida so'zlashi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG