Breaking News

Toliblar Kobulning tashlab ketilgan hududlarini egallamoqda


Kobuldagi banklarda uzun navbatlar, 15-avgust, 2021

Afg’oniston Prezident Ashraf G’ani mamlakatdan qochganidan so’ng Tolibon prezident qarorgohini bosib olganini da’vo qilmoqda. Afg’oniston hukumati buni tasdiqlaganicha yo’q.

Sobiq prezident Hamid Karzay “Twitter” sahifasida Milliy yarashuv kengashi raisi Abdulla Abdulla hamda “Afg’oniston Islomiy partiyasi” rahbari Gulbiddin Hikmatyor bilan birgalikda muvofiqlashtiruvchi kengash tuzayotganini e’lon qildi. Maqsad – hokimiyat tinch yo’l bilan o’zgarishini ta’minlash.

Hamid Karzay hukumatni ham, Tolibonni ham bosiqlikka undamoqda.

Tolibon bayonotiga qaraganda, harakat a’zolari xavfsizlik kuchlari tashlab ketgan hududlarga qarshiliksiz kirib bormoqda.

“Islomiy Amirlik o’z kuchlariga o’g’rilik va talonchilik xavfi bo’lgani uchun Kobulning dushman tashlab ketgan hududlariga kirishni buyurdi”, deyiladi bayonotda.

Bundan tashqari, Tolibon rahbariyati a’zolariga aholiga ziyon yetkazmaslikni, xonadonlarga kirmaslikni buyurgani aytiladi.

AQSh bosh diplomatiga ko’ra, Tolibonning Afg’onistonni bosib olishi “yurakni xira qiladigan” voqeadir. AQSh askarlari mamlakatdagi barcha amerikaliklar va ular bilan ishlagan afg’onlarni evakuatsiya qilmoqda.

Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, Kobuldagi elchixona xodimlari va ularning afg’onistonlik yordamchilari xavfsizligini ta’minlash “birinchi darajali masala”.

Vashington afg’on armiyasi barbod bo’lishini kutmagan va tayyorlanmagan, degan tanqidlarni Blinken rad etdi.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken

“Tolibondan hech narsa so’raganimiz yo’q. Afg’onistondan chiqayotganimizda xodimlarimiz, amaliyotlarimizga ziyon yetkazsangiz, tezkor va aniq javob beramiz deb ogohlantirganmiz”, - dedi Blinken “CNN” telekanali bilan suhbatda.

Ismini oshkor etmaslik sharti bilan so’zlagan AQSh rasmiysining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, elchixona evakuatsiyasi jadal davom etayapti.

Unga ko’ra, Afg’onistonga minglab amerikalik askarlar yetib kelmoqda. Elchixona joylashgan hudud va Kobul yaqinidagi Hamid Karzay aeroporti ular nazoratida.

Prezident Jo Bayden Merilend shtatidagi “Kemp Deyvid” qarorgohidan Afg’onistondagi vaziyatni kuzatib turibdi.

“Prezident milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchilari bilan Afg’onistondagi voqealarni muhokama qilgan. O’zgarishlar haqida muntazam ma’lumot olib turibdi”, - deydi rasmiylardan biri.

Elchixonadagi nozik hujjatlarni yo’q qilish, amerikaliklar va afg’onlarni xavfsiz joyga ko’chirish uchun kecha Bayden Kobulga qo’shimcha 1000 askar jo’natishni buyurgan. So’nggi kunlarda Afg’onistondagi askarlar soni 650 nafargacha kamaytirilgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG