Breaking News

Saudiya Arabistonida ikki uyg'ur Xitoyga deportatsiya qilinishi mumkin


Shinjon avtonom viloyatidagi qamoqxonaning qo'riqchilik minorasi, 2021-yil, 21-mart

Saudiya Arabistonida hibsga olingan ikki uyg‘ur yigit Xitoyga deportatsiya qilinishi mumkin. Inson huquqlari faollari buning oldini olishga urinmoqda.

“Human Rights Watch” tashkiloti Saudiya Arabistonini mamlakatda “o‘zboshimchalik bilan” ushlab turilgan ikki uyg‘urni deportatsiya qilmaslikka chaqirdi.

Huquq tashkilotining Yaqin Sharq/Shimoliy Afrika boʻlimi direktori oʻrinbosari Adam Kugl, shuningdek, uygʻur tutqunlarini Xitoyga qaytarib yubormaslik uchun boshqa mamlakatlarni Saudiya Arabistoniga bosim oʻtkazishga undadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni qochqinlarni yoki siyosiy boshpana so’raganlarni o’zlari qochib kelgan mamlakatga qaytarib yubormaslik haqidagi xalqaro me’yorni “tez-tez va qo‘pol ravishda buzib keladi”.

"Agar Saudiya Arabistoni bu odamlarni deportatsiya qilsa, bu Xitoyning iltimosiga ko'ra bo'lishi mumkin. Afsuski, Saudiya Arabistonida qochoqlarga boshpana berish tizimi yo'q va bu odamlar deportatsiyalarga qonuniy e'tiroz bildirishi mumkin emas", - dedi Kugl "Amerika Ovozi"ga elektron pochta orqali bergan javobida.

Ikki uyg‘ur 2020-yilning noyabr oyidan beri Saudiya Arabistonining Jidda shahridagi al-Dahbon qamoqxonasida saqlanmoqda.

Bu voqeadan xabardor baʼzi uygʻurlarning aytishicha, 53 yoshli Hamidulloh Abduvali Xitoyning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi talabi bilan hibsga olingan. Otam Shinjon hududidagi uyg'urlarni himoya qilib, Xitoyni qoralagan nutqi uchun Xitoy e’tiboriga tushgan, deydi Abduvalining Istanbulda yashovchi qizi Nurimon Hamidulloh.

Yashirinishga majbur bo’lgan ota

“Otam 2020-yil 3-fevral kuni haj ziyorati uchun Saudiya Arabistoniga borgan edi”, - dedi Nurimon “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

U otasi bilan 2016-yildan beri Turkiyada qochoq sifatida yashab kelgan.

"Ammo otam ziyoratini tugatgach, COVID-19 pandemiyasi tufayli chegaralar yopildi va u yerda uzoqroq qolishga majbur bo'ldi", - deydi u.

Qizining aytishicha, o'sha yilning oxirida Abduvali yashirinishga qaror qiladi.

"Boshqa uyg'urlar otamga Saudiya politsiyasi uni qidirayotganini aytishgan", - deydi Nurimon.

Shundan so’ng uning otasi Saudiya Arabistonida yashovchi boshqa bir uyg'urning uyida yashirinib yashashni boshlaydi.

2020-yil noyabr oyida Saudiya politsiyasi Abduvalini va boshqa yana bir uyg‘ur, 45 yoshli Nurmamat Ro’zini hibsga oldi. Ro’zi Abduvalini o’z uyida yashirishga yordam bergani uchun qamoqqa olingan.

Xitoyning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi “Amerika Ovozi”ning bu ish yuzasidan izoh so’rab qilgan murojaatiga javob bermadi.

Deportatsiya uchun "ruhan tayyor"

14 oylik qamoqdan so'ng, 3-yanvar kuni bu ikki uyg'urga Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan Xitoyga jo’natilish uchun "ruhan tayyor turish" kerakligi aytilgan, deydi Norvegiyada yashovchi inson huquqlari faoli Abduvali Ayub.

Ayub bu xabarni bevosita mahbuslar bilan gaplashgan manbadan olgan.

Uyg'ur faollari Xitoy zulmiga qarshi norozilik namoyishi o'tkazmoqda, Istanbul, Turkiya, 2021-yil, 1-oktabr
Uyg'ur faollari Xitoy zulmiga qarshi norozilik namoyishi o'tkazmoqda, Istanbul, Turkiya, 2021-yil, 1-oktabr

"Manba bevosita OAV bilan gaplashishdan qo'rqadi, chunki u ham qo'lga olinishi yoki hatto Xitoyga deportatsiya qilinishi xavfi ostida yashayapti", - deydi Ayub "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

"2017-yildan beri Saudiya Arabistonidan Xitoyga besh uyg'ur yigit deportatsiya qilingan" – deya qo’shimcha qiladi u.

Unga ko’ra, agar huquq tashkilotlari va G'arb demokratik davlatlaridan yordam bo'lmasa, Abduvali va Ro'zining taqdiri ham shunday bo'ladi.

Qo'shma Shtatlar va ko’plab inson huquqlari tashkilotlariga ko’ra, Xitoyning uyg'urlarga nisbatan olib borgan tazyiq siyosati genotsid va insoniyatga qarshi jinoyat darajasiga chiqqan. Pekin bir milliondan ortiq turkiy musulmonlarni Shinjon mintaqasidagi konsentratsion lagerlarga joylashtirgani aytiladi.

Xitoy oʻz harakatlarini mintaqada terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash chorasi sifatida taqdim etadi va bu lagerlar “kasb-hunar oʻrgatish markazlari” ekanini da’vo qiladi.

Uyg'ur erkinlik harakatidan maqsad nima?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:56:32 0:00

2019-yilda Saudiya Arabistoni va yana 36 davlat BMTga maktub yo’llab, Xitoyning uygʻurlarga nisbatan siyosati va muomalasida inson huquqlari nuqtai nazaridan “eʼtiborli yutuqlar” qo’lga kiritiilganini olqishlagan edi.

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon, shuningdek, 2019-yilda Pekinga tashrif buyurganida, Xitoy siyosatini himoya qilib, bu mamlakatning ekstremizmga qarshi kurashish huquqi ekanligini aytgan. Tashrif davomida Saudiya Arabistoni va Xitoy o‘rtasida 10 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgani e’lon qilingan edi.

“Amerika Ovozi” ikki uyg’urning hibsga olinishiga oid savollar bilan Saudiya Arabistoni Podshohligining Vashingtondagi elchixonasiga murojaat qildi, ammo bu so’rovlarga biror javob berilmadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG