Breaking News

Bloger Orifxo’jayevga nega bu qadar keskin jazo qo'llandi?


Bloger Fozilxo'ja Orifxo'jayev
Bloger Fozilxo'ja Orifxo'jayev

Toshkentda Olmazor tuman sudi yarim yildan beri hibsda saqlanayotgan bloger Fozilxo’ja Orifxo’jayevni 7,5 yillik qamoq jazosiga hukm qildi.

Dastlab bezorilikda ayblanib hibs qilingan bloger mahkama davomida ijtimoiy tarmoqlarda jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallar saqlash va tarqatishda aybdor deb topilgan.

Blogerning ijtimoiy tarmoqdagi chiqishi uchun 7,5 yillik qamoqqa hukm qilinishi jamoatchilik orasida jiddiy munozara qo’zg’adi.

Mahkama Orifxo’jayevning qaysi chiqishlarini jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi, diniy aqidapastlik g’oyalarini targ’ib qiluvchi materiallar deb topgani ma'lum emas.

Avvalroq "Human Rights Watch" inson huquqlari tashkiloti blogerning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari bahsli bo’lishi mumkinligi, ammo bu jinoyatdan darak emasligi va u darhol ozod qilinishi lozimligiga doir bayonot tarqatgan edi.

O’tgan yilning iyun oyida hibsga olingan Orifxo’jayev ustidan tergov harakatlari sal kam yarim yilga yaqin davom etdi. Uning yaqinlari, advokati surishtiruv davomida blogerga nisbatan ruhiy, jismoniy qiynoqlar qo’llangani haqida bildirgan edi.

Dindor blogerning hibs qilinishi va unga nisbatan chiqarilgan hukm, faollarga ko'ra, so’nggi paytda O’zbekistonda kuzatilayotgan diniy hibslardan jiddiy farq qiladi. Orifxo’jayev noqonuniy diniy guruhlarga aloqadorlikda ayblanayotgani yo’q; aybi asosan ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari bilan bog’liq ekani aytilmoqda.

Bu jarayonni kuzatib kelayotgan faollarning aytishicha, diniy vaziyat bo’yicha o’z mustaqil chiqishlari bilan Fozilxo’ja Orifxo’jayev unga o’xshagan boshqa blogerlarga “ibrat bo’lishi” uchun keskin jazolangan.

Diniy faollardan biri Muhammadsolih Abutov dindor blogerning hibs qilinishi va unga nisbatan chiqarilgan shafqatsiz hukm ortida mamlakatdagi mavjud toqatsiz diniy siyosatni ko’radi.

“Fozilxo’ja blogerlikni ham yaqinda boshlagan edi, diniy savodi ham chuqur emas. Ammo mustaqil qarashga ega, mamlakatdagi haqiqiy diniy vaziyatni anglashga, tushunishga urinayotgan edi. Unga nisbatan, ko’plar nazarida, o’ta shafqatsiz hukm chiqarilishi ham shunga bog’liq. Chunki u amaldagi diniy siyosatni himoya qilib kelayotgan dindorlar bilan ziddiyatga bordi, masjiddagi tortishuvda ularni ochiq munofiqlikda aybladi. Hukumat, bu dindorlar ortida turgan davlat idoralari ham, Orifxo’jayevning bu chaqirig’idan g’azabga tushgan, unga o’xshagan boshqa bloggerlarga ibrat bo’lishi uchun jamoatchilikka aynan shu keskin hukmni taqdim etishdi. Vaholanki, shaxsan men uchun bu yangilik emas, chunki dindorlarni arzimagan sabab yoki mutlaqo sababsiz uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilish Karimov davridan buyon davom etib kelayotgan tajriba. Jamoatchilik ular kimligini bilmasligi mumkin, ammo bu ular aybdor degani emas. Orifxo’jayev ijtimoiy tarmoqdagi chiqishlari bilan tanilib qolgan edi. Aynan shuning uchun ham kop’chilik hukmning bunday shafqatsizligini taassuf bilan qarshi oldi”, - degan fikrda Muhammadsolih Abutov.

Fozilxo’ja Orifxo’jayev va hukumatga yaqin ko’riladigan dindor blogerlar o’rtasidagi mojaro o’tgan yilning iyun oyida Toshkentdagi “To’xtaboy” masjidida yuz bergan edi.

Bu mojaro ortidan Orifxo’jayev ustidan shikoyat arizasi bilan murojaat qilingan, u mayda bezorilikda ayblanib avvalgiga 15 sutkalik qamoqqa hukm qilingan. Keyinchalik unga nisbatan tergov-surishtiruv harakatlari boshlangani ma’lum qilingan edi.

Muhammadsolih Abutovga ko’ra, ko’pchilik O’zbekistonda diniy islohotlar kechayotgani haqida gapirayotganiga qaramasdan vaziyatda deyarli biror o’zgarish kuzatilmaydi.

“Yangi O’zbekistonda diniy siyosat bo’yicha biror jiddiy yangilik bo’lganini ko’rmadim. E’tiqod, so’z erkinligi mamlakat konstitutsiyasida belgilangan, kafolatlangan huquqlardan. Men Yevropada yashayman, ya’ni kafolatlangan so’z, e’tiqod erkinligi nima ekanligini yaxshi bilaman. Orifxo’jayev o’z fikrini aytdi, so’z, fikr erkinligidan foydalandi, buning uchun esa keskin jazolanmoqda. Avval ham, hozir ham konstitutsiya kafolatlagan so’z, e’tiqod erkinligi ishlamayapti, musulmonlarni o’zaro yig’ilishgani uchun, diniy mavzularni muhokama qilishgani, adabiyot o’qishgani uchun taqib qilish, qamash davom etmoqda. Va ta’qiblar kuchayishida aynan Orifxo’jayev qarshi chiqqan hukumatparvar dindorlar, bloggerlarning o’rni katta”, - deydi Abutov.

O’zbekistonda diniy e’tiqodga doir vaziyat hamisha murakkab, og’ir bo’lib kelgan, ayrim qarashlarda mamlakatda e’tiqod erkinligi ustidan nazorat o’ta keskinligi haqida gapirilsa, boshqa tomon jamiyatda diniy ekstremizm, aqidapastlik xavfini yuqori baholaydi.

O’zbekiston Ichki ishlar vazirligi tarqatgan so’nggi xabarlarga ko’ra, Toshkentda o’tkazilgan maxsus amaliyot davomida terrorchi ekstremistik tashkilot sifatida taqdim etilayotgan “Tavhid va jihod katibasi”ga aloqadorlikda ayblangan 30 nafar fuqaro qo’lga olingan. Aksariyati yoshlardan iborat bu guruh ustidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

"Diniy sabab bilan qamalish osonlashib ketdi"
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:14:57 0:00

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG