Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 20-kun. Rossiyaning AQSh rahbariyatiga sanksiyalari


Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 4-paketini ma’qulladi. Rossiya energetika tizimiga sarmoyalarni to’xtatish, qimmatbaho buyumlar eksporti va po’lat mahsulotlari importiga taqiq qo’yish, Rossiyaning 600 ga yaqin fuqarosini qora ro’yxatga kiritish, Kremlni qo’llab-quvvatlayotgan tadbirkorlarning Yevropadagi mulklarini muzlatish kabi choralar qabul qilindi.

Xalqaro hayot - 15-mart, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:45 0:00

Ushbu sanksiyalar Rossiyaning “Rosneft”, “Transneft”, “Gazprom” neft va transport kompaniyalariga qarshi qaratilgan, biroq Yevropa Ittifoqi ulardan neft va gaz sotib olishda davom etadi.

50 ming yevrodan qimmat avtomobillarni ham endi Yevropadan Rossiyaga olib kirish mumkin emas, Yevropa Ittifoqidagi kredit reytingi agentliklarining Rossiya va Rossiya kompaniyalari reytingini belgilashi taqiqlangan. Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Rossiya mahsulotlariga tariflarni oshiradi.

AQSh sanksiyalariga javoban Rossiya bugun Amerika Prezidenti Jo Baydenni, Davlat kotibi Entoni Blinkenni, Mudofaa vaziri Lloyd Ostinni, shuningdek, AQSh milliy xavfsizlik maslahatchisini, Markaziy razvedka boshqarmasi direktorini, Oq uy matbuot kotibasini, prezidentning o’g’li Xanter Baydenni, sobiq davlat kotibi Xillari Klintonni, jami 13 nafar amaldagi va sobiq rasmiyni qora ro’yxatga kiritdi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi yaqin kunlarda qora ro’yxatga tushgan amerikalik qonunchilar, jurnalistlar, tadbirkorlar, harbiylar, tahlilchilar va qo’shimcha rasmiylar nomlarini e’lon qilishi kutilmoqda.

Rossiya qurolli kuchlari Ukraina hududini nishonga olishda davom etarkan, Mudofaa vazirligi Ukraina janubidagi Xerson viloyati butunlay Rossiya kuchlari nazoratiga o’tganini, Ukrainaning Donetskka hujumiga javoban mamlakatdagi qurol zavodlari nishonga olinishini ma’lum qildi.

Xususan bugun poytaxt Kiyevda yo’lovchi va harbiy samolyotlar ishlab chiqaruvchi “Antonov” aviazavodi, raketa ishlab chiqaruvchi “Artyom” zavodi, Dnepr shahridagi aeroport hujumga uchradi.

Harbiy harakatlar fonida Rossiya va Ukraina muzokarachilari kundalik ravishda virtual shaklda muloqot qilyapti. Xabarlarga ko’ra, muzokaralarga Ukraina tarafidan Adliya vaziri Denis Malyuska ham qo’shilgan. Kuzatuvchilarning bundan xulosa qilishicha, muzokarachilar o’zaro bitim matni ustida ishlashga kirishgan.

AQSh Milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sullivan kecha Rimda Xitoy Kommunistik partiyasi Siyosiy byurosining a’zosi Yan Dzechi bilan 7 soat davomida gaplashgan.

Qo’shma Shtatlar Xitoyni Rossiyaga qurol uzatmaslikka va iqtisodiy yordam bermaslikka chaqirmoqda.

AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Praysning aytishicha, Pekin Rossiyaga iqtisodiy va moliyaviy sanksiyalarni aylanib o’tishda yordam bersa, unga qarshi choralar ko’riladi.

AQSh matbuotidagi xabarlarga ko’ra, Rossiya Xitoydan dronlar, harbiylar uchun quruq payoklar, iqtisodiy yordam so’ragan.

Biroq Rossiya va Xitoy rasmiylari bu xabarlarning asossiz ekanini ta’kidlamoqda.

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning aytishicha, Ukraina tarafidan Belarus hududi tomon otilgan bir raketa urib tushirilgan.

“Bizda Rossiyaning Ukrainada olib borayotgan harbiy amaliyotiga qo’shilish rejasi yo’q. Bunga ehtiyoj ham yo’q. Rossiyaga u yerda nima ham bera olardik? Qo’shinlari yetarli. Qurolni ham Rossiyadan o’zimiz sotib olamiz. Lekin bizni urushga aralashtirish harakatlarini ko’ryapmiz. Ikki kun oldin biz tomon otilgan navbatdagi raketa bunga dalil”, - dedi Lukashenko.

Bu o’rtada Ukrainani aholi tark etishda davom etmoqda. BMT hisobiga ko’ra, shu bugunga qadar salkam 3 million odam mamlakatdan qochgan bo’lsa, taxminan ikki millioni Polsha chegarasidan o’tgan. Chegaradan 11 kilometr naridagi Pshemisl shahridagi sobiq supermarket qochqinlarni qabul qilish markaziga aylangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG