Breaking News

Hisobot: AQShda hukumatga qarshi ekstremist guruhlar ko’paygan


Arxiv - Michigan shtati hokimiyat binosi qarshisida qurollangan namoyishchilar, 15-aprel, 2020
Arxiv - Michigan shtati hokimiyat binosi qarshisida qurollangan namoyishchilar, 15-aprel, 2020

Janubiy qashshoqlik huquq markazi (JQHM) nomli nohukumat tashkilotga ko’ra, o’tgan yili AQShda hukumatga qarshi bo’lgan ekstremist guruhlar ko’paygan. 2021-yilda ular 488 tani tashkil etgan bo’lsa, 2022-yilda 702 taga yetgan.

Tashkilot yangi hisobotida konservativ ota-onalar tuzgan “Onalar ozodlik uchun” kabi bir qancha guruhlarni ekstremistik deya tamg’alagan.

Maktablarda va ta’lim tizimida konservativ qadriyatlarni targ’ib qilish, xilma-xillik va inklyuziv muhitga qarshilik ko’rsatish uchun bu guruhlar ekstremisik taktikalarni qo’llaydi, deyiladi hisobotda.

“Bu guruhlarning bo’limlari tezlikda ko’paymoqda. Ular mahalliy maktablardagi LGBTQ+ harakati a’zolarini yovuzlik va dezinformatsiya orqali kamsitadi, tarixni aniq qilib o’qitishga qarshilik ko’rsatadi”, - deydi Trevis Makadam, JQHM tadqiqotchisi.

Markazning ekstremistik guruhlar ro’yxatiga bir qancha yangi “suveren fuqarolar” ham qo’shilgan. Ular o’zlarini AQSh qonunlaridan ozod deb bilishadi.

“Amerikani asrab qolish”

O’z veb-saytida “Onalar ozodlik uchun” guruhi hukumatning barcha bo’g’inlarida ota-ona huquqlarini himoya qilish uchun ularni birlashtirish va bilimini oshirishga, shu orqali Amerikani asrab qolishga bel bog’laganini bildiradi.

Guruh ta’sischilari Tiffani Jastis va Tina Deskovich ekstremistik guruhlar ro’yxatiga kiritilgani xususida “Amerika Ovozi”ga shunday bayonot berdi:

“Farzandlarining ta’lim jarayonida qatnashishni istayotgan ota-otanalarni “nafrat guruhlari” yoki “mutaassiblar” deb chaqirish bu kurash nimaga qaratilganini yana bir bor ochib berdi: Maktabda farzandlarimizga nima o’rgatilishini kim hal qiladi – ota-onalarmi yoki davlat xodimlari? Ota-onalarning huquqi sinf eshigida to’xtab qolmaydi, bunday guruhlarning nafrati bizni to’xtata olmaydi”.

Shu bilan birga, 2021-yilning yanvarida AQSh qonunchilik organiga hujumdan so’ng, JQHM tahliliga ko’ra, mamlakatda harbiylashgan guruhlar kamaygan. 2021-yilda ular soni 92 ta edi, 2022-yilda esa 61 ta.

Hukumatga qarshi ko’zga ko’ringan harbiylashgan guruhlardan biri “Oath Keepers”ning yetakchilari yanvar hujumlarida ayblanib, hibsga olinganidan keyin ko’plab shu’balari yopildi.

“Oath Keepers” rahbari Styuart Rouds va uning muoviniga Kapitoliy g’alayonida qatnashgani uchun 18 va 12 yillik qamoq jazosi belgilandi. Guruhning bir necha boshqa a’zolari ham uzoq muddatga qamalgan.

“Oath Keepers” rahbari Styuart Rouds 18 yilga qamaldi
“Oath Keepers” rahbari Styuart Rouds 18 yilga qamaldi

Hukumatga qarshi guruhlar faol

JQHM vakili Reychel Karrol Rivasning qayd etishicha, federal hukumatni zolim va noqonuniy deb biladigan guruhlar odatda Oq uyda Demokratik partiya vakili o’tirganida ko’payadi, chunki ular demokratlarning siyosatiga jon-jahdi bilan qarshi chiqadi.

Barak Obamaning boshqaruvi davrida hukumatga qarshi o’ng qanot guruhlar 1360 taga yetib, so’ngra Donald Tramp saylanganida kamaygan.

Ekspertlarga ko’ra, amerikaliklarning davlat muassasalariga ishonchi tushib ketgan bir paytda, ushbu guruhlar ish joylarida va maktablarda xilma-xillik, inklyuzivlik, tenglik va “indoktrinatsiya” kabi mavzularni tanqid qilib, kun tartibiga olib chiqmoqda.

Kaliforniya davlat universiteti qoshidagi Nafrat va ekstremizmni o’rganish markazi ijrochi direktori Brayan Levinning aytishicha, hisobotdan bir xulosa shuki, hukumatga qarshi guruhlar hamon faol.

Muhojirlarga va LGBTQ jamoalariga hujum qiladigan nafrat guruhlari 2021-yilda 733 tadan 2022-yilda 523 taga kamaygan. Bu guruhlar soni 2018-yilda 1000 tadan oshganidan beri so’nggi yillarda sezilarli darajada kamaygan.

Ammo JQHM tadqiqotchilarining aytishicha, mamlakatda nafrat va ekstremizm darajasi pasaygani yo’q. O’ng qanot ekstremizmi va har kungi siyosat o’rtasidagi chegara yuvilib ketmoqda, Kapitoliy g’alayonlaridan keyingi davrda nafratga asoslangan guruhlar oshkora faoliyat olib borayapti.

JQHM nafrat haqidagi hisobotlarini 1990-yildan beri chiqaradi. Ayrim konservativ tashkilotlar ekstremistik guruhlar ro’yxatiga nohaq qo’shilganini aytib, bu markazni tanqid qiladi.

Markaz rahbari Margaret Xuangning aytishicha, uning tashkiloti aniq mezonlar va dalillarga asoslanib, u yoki bu guruhlarni toifalarga ajratadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG