Tolibon AQSh rahbari Donald Trampning bir paytlar AQSh ishlatgan havo bazasi endilikda Xitoy ixtiyorida, degan da'vosini inkor etmoqda.
Kobulga yaqin hudud, Parvon viloyatidagi Bagrom harbiy inshooti 20 yil davomida Amerika va uning yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya uchun boshqarma bo'lgan.
2021-yilning avgustida bu kuchlar Afg'onistondan chiqib ketgach baza ham mamlakatning qolgan qismi kabi Tolibon nazoratiga o'tgan.
“Bu hissiyotli gaplarda asos yo'q', - deydi Tolibon so'zlovchisi Zabihulla Mujohid.
“Bagrom islomiy amirlik qo'lida, Xitoyning emas. U yerda Xitoy harbiylari yo'q. Bu borada hech qanday kelishuv ham yo'q. Biror davlat bilan bunday bitimga kirmaganmiz", - deydi tolib rasmiy.
“Trampning atrofidagilar unga buni tushuntirib qo'ysin, toki u Afg'oniston haqida to'g'ri ma'lumotga ega bo'lsin".
Afg'onistondan chiqish rejasini Tramp 2020-yilda ma'qullagan va Tolibon bilan kelishuv imzolangan lekin u bu ishni oxiriga yetkazishga ulgurmagan. Amerika qo'shini keyingi prezident, Jo Bayden davrida missiyani tugatdi.
Tramp yaqinda vazirlari bilan majlisda Bagrom hozirda Xitoyniki va AQSh uni aslo boy bermasligi kerak edi, degan gaplarni aytgan.
Pekin Tolibon bilan diplomatik aloqalarga ega. Kobulda elchixonasi bor. Biznes hamkorlik yo'lga qo'yilgan, ammo Xitoy Afg'onistonga harbiy kuch safarbar etmaganini bildiradi.
Tramp deydiki, aslida AQSh Bagromdan chiqmaslikni ko'zlagan. Chunki, deydi prezident, baza Xitoyning atom arsenali joylashgan hududga juda yaqin.
"Bilasizmi, hozir u yerni kim egallagan? Xitoy. Bayden bu ishni ham eplolmagan".
Tramp so'zlariga ko'ra, AQSh Afg'onistondan chiqib ketarkan, o'ziga tegishli qurollarning katta qismini u yerda qoldirgan.
Tolibon bu strategik vositalarni pullamoqda, minglab harbiy mashinalar va ilg'or qurollardan ular daromad olmoqda, deydi Tramp.
"Biz ularni qaytarib olishimiz kerak", - deydi prezident.
Tramp fikricha, Vashingtondan yordam kutayotgan bo'lsa, Tolibon ularni qaytarishga tayyor turishi kerak, chunki milliardlab dollarlik madad behuda uzatilmaydi. Prezident Pentagonga bu masalani o'rganib chiqishni buyurgan.
Tolibon esa nimaiki qolgan bo'lsa, u endi Afg'oniston xalqiniki, deya eslatib turibdi.
Bu vositalar mamlakat himoyasi uchun ishlatiladi va zarur bo'lsa, AQShga qarshi ham qo'llaniladi, deya ogohlantirmoqda Kobul.
AQSh 20 yillik urushdagi talofat uchun tovon ham to'lashi kerak, deya qo'shadi toliblar.
2005-2021 yillar orasida Vashington Afg'oniston qurolli kuchlariga 18,6 milliard dollarga teng qurol-aslaha bergan.
Amerika qo'shini mamlakatni tark etganida qiymati 7 milliard dollarga teng vositalarni u yerda qoldirgan, jumladan harbiy samolyotlar, vertolyotlar, aloqa texnikasi, o'q-dori va strategik materiallar.
Afg'onistondagi sobiq maxsus inspektor Jon Sopko ularni qaytarishga urinish foydasiz deb hisoblaydi. Katta qismi buzilgan, vayron qilingan yoki ta'mirlab bo'lmaydigan holatda., deydi u.
Yaqinda Ispaniyada kechgan anjumanda so'zlar ekan, Sopko deydiki, Tolibon bilan bu masalada ziddiyatga borish, bu vositalarni talashish AQShga ularning qiymatidan ham qimmatga tushadi.