Breaking News

Mark Karni - Kanadaning yangi bosh vaziri


9-mart kuni Kanada Liberallar partiyasi Jastin Trudo o'rniga bankir Mark Karni lider bo'ladi, deya tanladi
9-mart kuni Kanada Liberallar partiyasi Jastin Trudo o'rniga bankir Mark Karni lider bo'ladi, deya tanladi

59 yoshli Mark Karni - Kanadaning yangi bosh vaziri. Liberallar partiyasi 9-mart kuni uni lider etib tanladi. Yil boshida Jastin Trudo bosh vazirlikdan ketishini e'lon qilgach, hokimiyatni boshqarish uchun tanlov boshlangan edi.

AQSh Kanadaga nisbatan tariflarni oshirib, siyosiy tahdidlar qilayotgan, jumladan uni o'ziga qo'shib olishga bel bog'lagani haqida ogohlantirayotgan paytda hukumat rahbari o'zgarmoqda. Karni federal saylovlarga chaqirishi kutilmoqda, aks holda muxolifat bu borada harakat boshlaydi.

40 million aholiga ega Kanada parlamentar demokratik tuzumdir. Trudo 2015-yildan beri hokimiyatda edi. Karni raqiblarini katta farq bilan yutgan. Partiyadoshlarining qariyb 86 foiz ovozini olgan.

“Iqtisodiyotimizni zaiflashtirishga harakat qilishmoqda. Donald Tramp asossiz ravishda tariflarni ko'tarib, bosim o'tkazmoqda; nima sotib, qanday kun ko'rishimizni nazorat qilmoqchi. Tramp Kanada oilalarining tinchligini buzmoqda, bizneslarimiz va ishchilarimizga do'q qilmoqda. Unga aslo yo'l bermaymiz", - deydi Karni yurtdoshlariga murojaat qilar ekan.

Yangi bosh vazir Amerikaga ham tariflarni ko'tarib, qo'shni davlat "esini yig'maguncha" jazo choralari qo'llamoqchi.

“Biz boshlamadik bu mojaroni. Lekin Kanada unga hamla qilganlarga javob beradi. Amerika adashmasin, xokkeyda yutganimizdek, uni savdoda ham yer tishlatamiz", - deydi Karni.

U Kanada bankining sobiq rahbaridir. Angliya bankini ham boshqargan. Karni 2008-yilda avj olgan global moliyaviy inqirozdan Kanadani qutqargan lider deya e'tirof etilgan.

Jastin Trudo Kanadani 12 yil boshqardi
Jastin Trudo Kanadani 12 yil boshqardi

Konservativlar partiyasi Trudoni keskin qoralab, liberalizm davri o'tdi deb kelayotgan edi, ammo AQShning yangi rahariyati Kanada 51-shtat bo'ladi, deya bong ura boshlagach, bosh vazirning partiyasiga quvvatlov oshib, parlament saylovlarida ham u ustun kelishi bashorat qilinmoqda. Ommaviy so'rovlar natijasi shundan darak bermoqda.

“Amerika bizning boyliklarimiz, suvimiz, yerimizga ko'z olaytirmoqda. Maqsadiga yetsa, hayotimiz barbod bo'ladi", - deydi Karni, bunga aslo yo'l qo'ymaslikni va'da qilarkan.

“Amerika Kanada emas. Kanada hech qachon Amerikaning biror jihatdan biror qismiga aylanmaydi", - deydi u.

Yaqin kelajakda o'tadigan saylovda xalq AQShga bas kela oladigan odamni tanlashi shart, deya hayqirmoqda har ikki partiya faollari.

AQShga ishonch o'lgan, deydi Karni. "Saboq shuki, birdam bo'lib, o'zimizga tayanamiz va kurashamiz".

Tramp 25 foizga ko'tarilgan tariflarning kuchga kirish muddatini bir oyga kechiktirgan, ammo Kanada bo'ylab Amerika bilan bizneslardan voz kechilmoqda, uning mahsulotlari rastalardan olinmoqda.

Karni Amerika moliyaviy strukturasini yaxshi biladi, Voll-Stritda tajribaga ega, xalqaro bilimi va malakasi kuchli, biroq siyosiy bosqaruvda pishmagan, deydi tahlilchilar.

Ekspertlarga ko'ra, Kanadaga hozir nafaqat jasur balki o'tkir va ham ayni damda muammolarni hal qila oladigan, ham uzoqni ko'ra oladigan lider kerak.

Parlament saylovi Kanada qonunlariga binoan joriy yilning 20-oktabrgacha o'tishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG