Kanada, Meksika va Xitoy Amerikaning 4-martdan kuchga kirgan yuqori tariflaridan norozi, keskin javob berish harakatida. AQSh mahsulotlari importi ham shunday katta to'lov bilan yuzlashadi, deya ogohlantirmoqda ular.
Prezident Donald Tramp Meksika va Kanadaga tariflarni 25 foizga, Xitoyga esa 20 foizga ko'targan.
Oq uy ularni AQShga qoradori kirib kelishining oldini olmayotganlikda va adolatsiz savdoda ayblamoqda.
Bu e'lon chiqishi bilan qimmatbaho qog'ozlar bozorida ko'rsatkichlar tusha boshlagan. Mutaxassislar yangi tariflardan Amerikaning o'zi ko'proq zarar ko'radi, degan fikrda.
Prezident Tramp deydiki, boshida qiyin bo'ladi, ammo maqsad - bu davlatlardagi ishlab chiqaruvchilarni AQShda korxonalar ochishga majburlash, toki ular ish o'rinlari yaratsin, bu yerda sarmoya qilsin.
Kanada Bosh vaziri Jastin Trudo uning davlati Amerika mahsulotlariga tarifni 25 foizga oshirishini bildirgan. Gap yuzlab milliardlab savdo haqida ketmoqda.
Trudo chegaradagi choralar mustahkam va yanada oshirilmoqda, deydi. Uning nazarida Oq uyning asl maqsadi - qo'shni iqtisodlarni barbod qilish va shu tariqa bu davlatlarni o'ziga bo'ysundirish, balki egallab olish.
Tramp Kanada Amerikaning 51-shtati bo'lishi kerak, Trudo esa "gubernator" bo'ladi, deya mazah qilgan.
“AQSh Kanadaga qarshi savdo urushi ochdi. Biz aql bilan ish yuritamiz. Odoblimiz. Lekin kurashdan qochmaymiz", - deydi Trudo.
Tramp nima qilayotganini biladi, deydi u, lekin "tariflar o'ta aqlsiz harakat".
Amerika rahbari esa Kanada tariflarni ko'tarsa, Oq uy bojni oshirishini aytgan.
Meksika rahbari Klaudiya Sheynbaum ham AQSh tovarlariga tariflarni ko'tarishga bel bog'lagan. U ham Oq uyni asossiz va teskari harakatlarda ayblamoqda.
Chegaradagi kuchlarni Sheybaum 10 mingga ko'paytirgan. AQSh hukumatiga ko'ra, Meksika orqali mamlakatga noqonuniy kirayotgan soni misli ko'rilmagan darajada kamaygan.
Tramp Xitoyni AQShga fentanil kabi o'ta xavfli narkotik modda yuborayotganlikda qoralab keladi.
Pekinga ko'ra, bu ayblov - safsata, u ham AQSh tariflariga "munosib javob" bermoqchi.
Xitoy nazarida Tramp Jahon savdo tashkiloti qoidalarini buzmoqda va o'zaro tijoratning beliga tepmoqda.
10-martdan boshlab, Pekin AQSh parranda, bug'doy va paxtasiga tarifni 15 foizga; soya, jo'xori, cho'chqa, qoramol go'shti, meva-sabzavot va sut mahsulotlariga esa tarifni 10 foizga oshiradi.
Bular evaziga Amerikada narx-navo yanada osmonga chiqishi kutilmoqda. Meksika, Kanada va Xitoy - Amerikaning eng yirik uch savdo hamkori. Yevropa Ittifoqi blok sifatida eng katta biznes sherik hisoblanadi.
Tramp tariflarni ko'tarishni saylov kampaniyasida va'da qilgan,. Qator davlatlarga u turli soliqlarni ham oshirmoqchi. Avtomobil importi, yog'och, dori-darmon va boshqa mahsulotlar uchun yangi tariflarga tayyor turing, deya bong urmoqda Amerika rahbari.