Breaking News

Tariflar kuchga kirar ekan, ularni chetlab o'tishga urinishlar qattiqroq tekshiriladi


AQSh Prezidenti Donald Tramp Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga qo‘shimcha 10 foizlik boj joriy etdi, ammo ayrim kompaniyalar ushbu soliqdan qochish yo’llarini topmoqda.

Xitoy va boshqa mamlakatlardagi kompaniyalarga tariflardan qochishga yordam berayotgan usullardan biri bu mahsulotni boshqa mamlakatga yuborish va u yerda "Made in China" yorlig‘ini almashtirishdir.

Pensilvaniya shtatining shimoli-sharqida joylashgan lenta ishlab chiqaruvchi “Berwick Offray” kompaniyasi bu usulning qanday ishlashini bevosita boshdan kechirgan.

1945-yilda tashkil etilgan “Berwick Offray” mahsulotlarini “Made in the USA” yorlig’i ostida saqlab qolgani va dunyodagi eng yirik lenta ishlab chiqaruvchilardan biri ekanligi bilan faxrlanadi.

Fevral oyida “Berwick Offray” AQShdagi importchi kompaniya “TriMar Ribbon” ustidan sudga shikoyat qildi. Da’voga ko‘ra, “TriMar Ribbon” Xitoyda ishlab chiqarilgan lentalarni Hindiston orqali AQShga olib kirib, bojxona tariflaridan noqonuniy ravishda qochishga harakat qilgan.

Xitoyda ishlab chiqarilgan lentalar arzonroq bo‘lib, AQSh bozorida haqiqiy bozor narxidan pastroq bahoda sotilmoqda. AQSh Bojxona va Chegara Xizmati (CBP) ham holat bo‘yicha tergov boshlagan.

“Berwick Offray” kompaniyasining manfaatlarini himoya qilayotgan “Buchanan Ingersoll & Rooney” advokatlik firmasi vakili Daniel Pikardning so‘zlariga ko‘ra, mahsulotni uchinchi davlatga olib o'tib, yorlig'ini almashtirish holatlari ko‘p uchrab turadi, ayniqsa Xitoy mahsulotlariga nisbatan.

“Xitoydan uchinchi mamlakatlar, masalan, Tailand, Hindiston va Kanada orqali AQShga olib kirilgan mahsulotlarning importchilari ustidan CBPga shikoyat qilishda bir necha mijozlarga yordam berganmiz, - deydi Pikard “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. – Mijozlarimiz mahsulotlarini AQShda ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bo‘lib, ular bojxona to‘lovlaridan qochayotgan Xitoy importi bilan raqobatlashadi”.

CBP ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Xitoyda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning tranzit orqali olib kirilishi va bojxona tariflaridan qochishga urinish bilan bog‘liq 221 ta tergov olib borilmoqda.

Tariflar va bo'shliqlar

Fevral oyining boshida Tramp ma’muriyati Xitoy mahsulotlariga 10 foizlik umumiy bojxona solig‘ini joriy qildi. 4-martdan boshlab esa yana qo’shimcha 10 foizlik tariflar kuchga kirdi.

AQSh qonunchilari boj to‘lovlaridan qochishga imkon beradigan bo‘shliqlarni yopish ustida ishlamoqda. Respublikachi senator Rik Skot tariflarni nazorat qilish mexanizmlarini kuchaytirish, xorijiy ishlab chiqaruvchilarning AQSh bojxona tartib-qoidalariga rioya qilishini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasini taklif etgan.

O’xshash tashabbusni avvalroq Kongress a’zosi Eshli Xinson ham olg’a surgan edi.

Asosiy maqsad Xitoyning bojxona tartib-qoidalaridan qochishiga javobgarlik yuklash, maxsus ishchi guruh tuzish, moliyaviy jinoyat holatlarini kuzatish va hisobot tizimini yo‘lga qo‘yishdir.

Singapurdagi “ISEAS Yusof Ishak” instituti katta ilmiy xodimi Jayant Menon fikricha, Trampning ikkinchi prezidentlik muddati davomida boj to‘lovlaridan qochishga qarshi kurash yanada kuchaytiriladi.

“Globalizatsiya va xalqaro ta’minot zanjirlarining kengayishi sababli mahsulotning aslida qayerda ishlab chiqarilganini aniqlash tobora qiyinlashmoqda. Biroq kuchliroq nazorat tariflardan qochishga bo‘lgan urinishlarni aniqlashda yordam beradi”, - deydi Menon.

“Qochishga urinishlar aniqlansa, to’g’ri yoki noto’g’ri bo’lishidan qat’i nazar, butun mamlakat yangi tariflar bilan jazolanishi mumkin”, - deydi u.

Advokat Daniel Pikard deydiki, AQSh hukumati tekshiruvlarni, Xitoy mahsulotlariga oid keng tarqalgan firibgarliklarga qarshi nazorat choralarini kuchaytiradi. AQSh kompaniyalari, deydi u, ushbu masalalarga nisbatan jinoiy javobgarlik choralari qo‘llanilishini ham kutmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG