Breaking News

Afg'onistonda o'zbeklar siyosatda faollashgan, lekin birlik yo'q


O'zbek va turkman faollar

2001-yilning kuzida Tolibon hokimiyatdan ag’darilishi natijasida Afg’onistonda G’arb homiyligida demokratik tuzum vujudga kelib, siyosiy faoliyat uchun zamin yaratilgan edi. Afg’oniston shimoli, shimoli-sharqida yashovchi o’zbeklar ham jarayonga qo’shilib keldi.

Afg'oniston: O'zbeklar siyosatda qanchalik faol?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:30 0:00

2004-yilda o’tkazilgan prezident saylovida o’zbek general Abdul Rashid Do’stum o’z nomzodini qo’ydi. O’zbeklar saylovda keng ko’lamda qatnashdi. Lekin ularning vakili xalq ovozini ololmadi. So’nggi yillarda o’zbeklar nomidan maydonga chiqqan faollar ko’p, lekin ular o’rtasida birlik yo’q.

“Milliy Junbish” partiyasi Afg’onistonda turkiy xalqlar, xususan o’zbeklarning yagona siyosiy harakati o’laroq maydonga chiqdi. Prezident saylovlarida ushbu partiya o’z rolini ko’zga ko’rinarli darajada o’ynadi. Harakat a’zolari vazirliklar, deputatlik, hokimlik kabi oliy kursilarni egalladi.

Lekin ayrim hodisalar sababli o’zbeklar siyosiy hayotida salbiy o’zgarishlar bo’ldi. 2008-yil juzjonlik Akbarboy “Afg’oniston Turkiylari Sho’rosi” siyosiy harakatiga asos solgach, “Milliy Junbish” partiyasi rahbari general Abdul Rashid Do’stumning ziddiyati bilan duch keldi. Ushbu nizo natijasida Do’stum Turkiyaga quvg’in qilindi. O’zbeklar ancha muddat siyosiy maydondan tashqarida qoldi. “Milliy Junbish”ning hukumat bilan munosabatlari buzildi.

2009-yili hukumat bilan kelishib olgan Do’stum vataniga qaytdi. Shunday qilib o’zbeklar yana bir marotaba siyosiy faoliyatlarga qo’shildi.

O'zbek faollar
O'zbek faollar

Yillar o’tishi bilan o’zbeklar orasidan chiqqan siyosiy faollar “Milliy Junbish” partiyasi rahbari bilan til topisha olmadi. O’zbeklar o’rtasida parchalanish yuz bergandek go’yo.

Joriy yilning 11-iyulida o’zbeklar rahbarligidagi yana bitta siyosiy jarayon, “Yangi Junbish” partiyasiga asos solindi. Ushbu harakat rahbarlari “Milliy Junbish” partiyasining sobiq a’zolaridir.

O’zbeklarning bitta partiyasi bo’lsa, hukumat bilan kelisha olmasa, siyosiy maydondan tashqarida qolib ketishi mumkin.

“Yangi Junbish” partiyasining vaqtinchalik raisi “Milliy Junbish” harakatining sobiq o’rinbosari Olim Soiy deb e’lon qilindi. Bu harakatning asos solinishi ham ikki jarayon tarafdorlari o’rtasida nizolar tashladi. Ancha vaqtlar ijtimoiy tarmoqlarda tortishuvlar bo’ldi.

“Milliy Junbish” partiyasining rahbari Abdul Rashid Do’stum bir necha oydirki Anqarada. Ayrimlar, xususan muxoliflari uni quvg’in qilingan desa, yaqinlari bu iddaolarni inkor etib kelmoqda.

Faryoblik madaniy faol Zalmay Aziziy generalning siyosiy kelajagi aniqlanishi zarur deya ta’kidlaydi, chunki uning kelajagi Afg’oniston o’zbeklari siyosiy hayoti bilan uzviy bog’liq.

“Afg’oniston birinchi vitse-prezidenti Turkiyada quvg’inlikda hayot kechirmoqda. Bu o’zbeklar uchun, mamlakat, tizim, davlat e’tibori uchun ham yaxshi gap emas”, - deydi Aziziy.

O'zbek va turkman faollar Prezident Ashraf G'ani bilan muloqotda
O'zbek va turkman faollar Prezident Ashraf G'ani bilan muloqotda

Yaqinda bir necha o’zbek va turkman siyosiy faollari Afg’oniston prezidenti va AQSh elchisi bilan o’tkazilgan uchrashuvlarda hozirgi vaziyat hamda o’zbek va turkman yoshlarga ish o’rinlari yaratib berilishi xususida muzokara o’tkazgani e’lon qilindi. “Milliy Junbish” partiyasi mazkur shaxslarning bu harakatini xalq nomini suiiste’mol qilib, hukumatdan imtiyoz olish deya qoraladi. Muzokarachilar esa, biz faqat xalq uchun o’ylayapmiz, deya ta’kidlaydi.

“G’arbdanmi yoki sharqdanmi, siyosiy aralashuvlar bo’lmasin. Turkiy xalqlar siyosiy faollari xalq uchun kurashayotgan bo’lsa, biz uni kutib olamiz, qadrlaymiz”, - deydi Zalmay Aziziy.

Lekin Juzjon universitetidan Najibullo Ismatiy nazarida, siyosiy guruhlarning ko’payishi xalq parchalanishi degani emas. Bu kabi harakatlarsiz siyosiy sohalarda yutuqlarga erisha olmaymiz, deya urg’ulaydi domla.

Turkiy xalqlar siyosiy faollari xalq uchun kurashayotgan bo’lsa, biz uni kutib olamiz, qadrlaymiz.

“Agar biz Afg’oniston o’zbek xalqini nazarda tutib aytadigan bo’lsak, modomiki, o’zbeklarning bitta partiyasi bo’lsa, hukumat bilan kelisha olmasa, siyosiy maydondan tashqarida qolib ketishi mumkin. Biz buni necha marotaba tajriba qildik. “Milliy Junbish” bilan hukumat o’rtasidagi aloqalar keskinlashgan vaqtlarida o’zbeklar yashovchi hududlarga e’tibor qaratilmadi. Agar bir xalq nomidan birdan ortiq siyosiy guruhlar bo’lsa, birtasi hukumat muxolifi bo’lsa, yana biri hokimiyatda bo’ladi”, - deydi Najibullo Ismatiy.

Suhbatdoshga ko’ra, bugungi kunda oddiy xalqning siyosiy faolligi ancha oshgan. Xalq siyosiy o’zgarishlarga nisbatan befarq emas.

“Prezident G’anining bir so’zi bor - afg’onlar siyosatda ustoz. Dehqonmi, cho’ponmi, kim bo’lmasin, qayerda bo’lmasin, siyosiy o’zgarishlar haqida gapiradi. Ya’ni faqat siyosiychilar emas, oddiy xalq ham siyosat bilan bog’lanib qolgan. Demak siyosiy masalalarni tushunadilar. Lekin haq olish xususida esa o’zbeklarda faollik sezilmaydi”, - deydi Juzjon universitetidan Najibullo Ismatiy.

Mustaqil ravishda faoliyat yuritayotgan yoki yangi siyosiy harakatlar tashkil qilgan o’zbek siyosiy faollar muvaffaqiyatli siyosat yuritadimi yoki yo’qmi, bunga vaqt javob beradi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG