Breaking News

Bahor Afg‘oniston harbiylari uchun qonli bo‘lishi mumkin


Afg‘onistonda bahor faslida janglar yana avj olishi mumkinligi aholini xavotirga solmoqda. O‘nlab jangari guruhlar faoliyat yuritayotgan mamlakatda harbiylar yana jadalroq chora-tadbir ko‘rishi lozim.

Afg'oniston: Bahorda qaqshatqich janglar kutilyapti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:04 0:00

Harbiy muammolar qatorida mamlakatdagi siyosiy kelishmovchiliklar, ichki nizolar vaziyatni yanada murakkablashtirgan. Ko‘plab afg‘onlar tinchlik ta’minlanishiga ishonmaydi.

“Yoshim 43 da. O‘zimni bilganimdan beri Afg‘onistondagi vaziyat kun o‘tishi bilan yomonlashib bormoqda. Bunga rahbarlar mas’ul”, - deydi Muhammad Orif ismli mahalliy o‘zbek.

Unga ko‘ra, mamlakatda har kuni yangi bir voqea yuz bermoqda. Vaziyat tushunarli emas.

Lekin kelajakka umid bilan qaraydiganlar ham bor. Shijouddin ismli yana bir mahalliy o‘zbek nazarida, agar rahbarlar birlashsa, vaziyatning yaxshilanishiga ishonsa bo‘ladi.

“Menimcha, vaziyat hozir ancha bo‘hronli. Agar hukumat tepasidagilar xohlasa, harakat qilsa, vaziyat normallashadi”, - deydi u.

Juzjon Universitetidan tahlilchi Muhammad Basir Muqimiy bahor faslida yuz beradigan janglardan tashvishda.

“Biz bahor ancha qonli bo‘lishini bilib, sezib turibmiz. Hozirgi tuzumning shunday davom etishi xalqni yana yomon vaziyatga olib kelishi mumkin”, - deydi u.

Muqimiy bu gaplarni har yili qish faslida jangni to‘xtatayotgan, bu yil esa qishda ham isyonchilarning qaqshatqich janglari tinmaganiga tayanib aytadi.

Hukumatdagi kelishmovchiliklar, rahbarlarning o‘z shaxsiy manfaatlarini ustun ko‘rayotgani va xorijiy davlatlarning aralashuvi bor ekan, mamlakatdagi to‘qnashuvlar ham surunkali bo‘ladi, deydi tahlilchi.

Suhbatdosh fikricha, Tolibonga yakun yasalmoqda. DAISh ular o‘rnini egallaydi, bunda xorijiy davlatlar bevosita rol o‘ynayapti, deydi u.

“Katta qonli xurujlarni toliblar emas, DAISh o‘z zimmasiga olar ekan, darhol AQSh va Yevropa davlatlari yordamchi harbiy kuchlari sonini oshirishni e’lon qilar ekan, bular hammasi avvaldan rejalangan ish. Afg‘on xalqiga yordam beramiz deb aysa-da, ular afg‘onlarga yordam bermoqchi emas. O‘zlarining rejalarini tatbiq qilmoqchi”, - deydi tahlilchi Muqimiy.

Isyonchi guruhlarni hukumatdagi ayrim shaxslar ham himoya qilayotgani anchadan beri tarqalib kelgan mish-mishlar. Agar mamlakat tinch bo‘lsa, xalq bunday ishga yaramaydigan hukumatga ruxsat bermaydi, deydi Muqimiy.

“Afg‘on harbiylari isyonchilarni o‘rab olganda, ularni yo‘q qilish chog‘ida, orqaga qayting deb buyruq beriladi. Buning sababi shuki, hozirgi hukumatning hayoti shu urushda. Hukumat tepasidagi bor kishilar manfaatlarini urushning davomida ko‘radi”, - deydi tahlilchi Muhammad Basir Muqimiy.

XS
SM
MD
LG